Odam savdosi jabrdiydalari boʻlgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari kafolatli himoya qilinadi

15:44 11 Iyun 2020 Siyosat
299 0

BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyat tashkilotchilari tomonidan olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi shundaki, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va bolalardir. Har yili dunyo boʻyicha 600-800 ming nafar ayol va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda, qul qilinmoqda.

Mamlakatimizda ushbu dolzarb muammolarga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 11-iyun kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda atroflicha muhokama qilindi.

2019-yilda odam savdosi sifatida kvalifikatsiya qilinadigan harakatlar ustidan tushgan murojaatlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, bunday qilmishlarning 86 foizi xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan. Amaldagi qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlar fuqarolarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini taʼminlashda bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Eʼtiborlisi, loyihada yuqoridagi kamchiliklarning oldini olishga qaratilgan normalar, odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi muhim tamoyillar oʻz aksini topgan.

Xalq vakillari qayd etganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi odam savdosi jabrdiydalari boʻlgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi.

Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?