“Ochiqlik indeksi” reytingida Sog‘liqni saqlash vazirligi qanday baho oldi?

16:15 30 Mart 2018 Jamiyat
541 0

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” bo‘yicha reytingi e’lon qilindi. Reyting natijalariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi 92 ball bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida — 5-o‘rinni, vazirliklar ichida esa — 3-o‘rinni egalladi. 

O‘tgan galgi reyting baholashda vazirlikka 88 ball bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ichida 12-o‘rin berilgan edi. Joriy yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrni o‘zida ifodalagan “Ochiqlik indeksi” reytingi 52 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab oldi. 

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga ularning qonuniy huquq va erkinliklariga daxldor axborotlarni taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy etish davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan edi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunida belgilangan talablarga to‘liq rioya qilgan holda faoliyat olib bormoqda. 

Bunda vazirlik Axborot xizmati fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanish huquqini kafolatlash, davlat organlari va jamiyat o‘rtasida o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini yaratish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib bormoqda, deyiladi vazirlik Axborot xizmati xabarida. 

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 6 noyabrdagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirilgan edi. Ushbu kengash ekspertlar ishtirokida davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilib, baholash natijalarini har yili ikki marotaba e’lon qilib boradi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?