“Ochiq janub” 429,7 mln. dollarga teng boʻlgan 76 ta shartnoma imzolandi

16:45 23 Sentyabr 2019 Jamiyat
221 0

21-22-sentyabr kunlari Termiz shahrida Open South International Business Forum II boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Koreya, Kanada, Avstriya, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Afgʻoniston, Tojikiston, Turkmaniston kabi 20 xorijiy davlatdan yirik kompaniyalar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik korpus hamda savdo uylarining 170 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi T. Bobolov, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikramov, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari F. Rahimovlar tomonidan hududning investitsiya, eksport va turizm salohiyati va imkoniyatlari, viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning ahamiyati hamda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar sohalarda yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik haqida atroflicha maʼlumotlar berildi. Qayd etilganidek, birinchi xalqaro biznes forumi natijasida oziq-ovqat, tekstil, qurilish, charm mahsulotlarini ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, zamonaviy issiqxona, intensiv bogʻ tashkil etish, shuningdek, chinni buyumlar, Akfa romlari, muzqaymoq, meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha umumiy hajmi 351 million dollarga teng boʻlgan 47 ta investitsion, shuningdek, umumiy hajmi 217 million dollarga teng boʻlgan 44 tashqi savdo shartnomalari imzolangan. 2018-2019-yillar davomida ushbu forumda imzolangan shartnomalar orqali 100 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.

Xususan, Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Jarqoʻrgʻon tumanida sement ishlab chiqarish boʻyicha 28,3 million dollarlik, Avstriya bilan hamkorlikda Muzrabot va Denov tumanlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha 25,2 million dollarlik, Turkmaniston bilan hamkorlikda Sariosiyo tumanida shagʻal saralash va asfalt mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha 3,1 million dollarlik loyihalar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etildi.

Shuningdek, viloyatning Uzun tumanida Rossiya Federatsiyasi tomonidan yoʻnaltirilgan 4,9 million dollar sarmoyasi asosida zamonaviy xizmat koʻrsatish komplekslarini qurish, intensiv yongʻoq va bodom bogʻlarini tashkil qilish, qum va sheben ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Forumning yalpi majlisida viloyatning yirik investitsion salohiyati, hududning iqtisodiy, ijtimoiy, jugʻrofiy imkoniyatlari, tabiiy boyliklari haqida taqdimotlar oʻtkazildi.

Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan Surxon vohasining investitsion jozibadorligi unga boʻlgan intilishni yanada kuchaytirmoqda. Viloyatdagi mavjud toshkoʻmir, gaz, sement, neft, marmar, osh va kaliy tuzlari, ohak, uran, polimetall, granit tosh, oltingugurt, keramzit, gips, kvars, yod, karbid, brom, slanes kabi koʻplab noyob tabiiy boyliklar zaxirasidan unumli foydalangan holda yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyati bor. Agrar tarmoq rivoji uchun ayniqsa vohaning tabiiy iqlim sharoiti juda ham qulay. Viloyatda turizmning istiqbolli yoʻnalishlarini tashkil etish uchun ham shart-sharoitlar mavjud. Transport va logistika imkoniyatlari bu borada hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Oʻtkazilgan shoʻba majlislarida ayni jihatlarga eʼtibor qaratilib, istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.

Open South International Business Forum II doirasida “Termiz kargo” eksport markazida mahalliy tovar ishlab chiqaruvchilarning tayyor muhsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Mazkur koʻrgazma mahalliy korxonalar va xorijiy tadbirkorlar oʻrtasida hamkorlik aloqlarini oʻrnatish va koʻplab yangi istiqbolli loyihalar uchun zamin yaratdi. Xalqaro biznes forum doirasida umumiy qiymati 429,7 mln. dollarga teng boʻlgan 76 ta shartnoma imzolandi.

Anjuman ishtirokchilari viloyatning tarixiy-madaniy yodgorliklari, diqqatga sazovor joylari hamda bir necha yirik sanaoat korxonalari faoliyati bilan ham tanishdilar. Jumladan, Al-Hakim at-Termiziy hamda Abu Iso Muhammad Termiziy yodgorlik majmualari, Fayoztepa buddaviylik ibodatxonasi ziyorati Termiz shahridagi “Surxon ipagi” , “Jarqoʻrgʻon meva-sabzovot”, “Amudartekstel”, “Golden Dried Fruits” kabi korxonalar faoliyati bilan tanishish ularda katta taassurot qoldirdi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?