Ochiq muloqot — hududlarga chet el investitsiyasini jalb qilishning muhim omili

12:02 13 Aprel 2018 Siyosat
510 0

Mintaqalarga investorlarni qanday jalb etish mumkin hamda buning uchun qanday shart-sharoitlar yaratish zarur? Moliya tuzilmalariga bo‘lgan ishonch darajasini nechog‘li oshirish kerak? Bu jarayonda mahalliy davlat hokimiyati organlari roli nimalarda aks etadi? Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va mamlakat mintaqalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish: mavjud muammolar hamda ularning yechimlari” mavzuidagi xalqaro konferensiyada shu va boshqa masalalarga javob izlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan mazkur anjumanda manfaatdor vazirliklar hamda idoralar, viloyat hokimliklari, erkin iqtisodiy zonalar mutasaddilari, shuningdek, 25 ta xorijiy mamlakat, shu jumladan, diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilotlar va biznes tuzilmalari vakillari qatnashdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yuritish, ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish, litsenziyalar olish bilan bog‘liq jarayonni soddalashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada liberallashtirish, davlatning tartibga solish borasidagi rolini kamaytirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Mamlakatimizda oxirgi bir yilda qulay biznes muhiti, xorijlik investorlar uchun huquqiy kafolatlar hamda imtiyozlarning aniq tizimi yaratilgani investitsiyaviy faollikni oshirish, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirish imkonini berdi. Prezidentimizning 11 aprel kuni qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur hujjat biznesni yuritishdagi ortiqcha byurokratik jarayonni tubdan qisqartirish, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilish hamda kafolatlashning bozor va huquqiy mexanizmlarini muntazam ravishda izchil mustahkamlab borish, respublikada investitsiyaviy hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan kuchlarni jamlash maqsadini ko‘zlagani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

— O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning nufuzli xalqaro reytinglaridagi mavqeiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda va chet ellik investorlarning yurtimiz ishbilarmonlik muhitidan manfaatdorligini oshirishga xizmat qilayapti, — dedi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. — Ammo investitsiyalarning 70 foizidan ortig‘i bir necha sohalarga jalb etilgan, xolos.

Natijada respublika mintaqalari kesimida investitsiyalarning nomutanosib taqsimlanganini ko‘rish mumkin. Birorta ham qo‘shma korxona ochilmagan tumanlar ham bor. Bularning barchasi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ham tashqi, ham ichki investorlar uchun shart-sharoit yaratish, qonunchilikni takomillashtirish, sohada munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asosini yanada yaxshilash zaruratini taqozo qilmoqda. Binobarin, eng uzoq hududlarda ham qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish investitsiyaviy muhitni barqarorlashtirishning muhim omillaridan biri sanaladi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqarishning yangi turlarini shakllantirish, ish o‘rinlarini tashkil etish borasida hokimlarning, davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining faolligini oshirish lozimligi qayd etilgan edi. Sarmoyadorlar uchun joylarda yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha reytingni e’lon qilib borish, hududlar rahbarlarining faoliyatini mazkur ko‘rsatkichlar asosida baholash taklif etilgandi. Bularning barchasi pirovardida Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga, ya’ni investitsiya muhitini yaxshilash orqali mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga va hududlariga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni yanada rag‘batlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, ushbu ustuvor vazifaning bajarilishi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’minlash imkonini beradi. Mazkur dasturda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi turmush sifatini yuksaltirish nazarda tutilgan.

Qulay investitsiya muhitini shakllantirish uchun amaliyotdagi dolzarb muammolarni aniqlab olish ham muhim ahamiyatga ega. Aynan shu maqsadda joriy yil 25 mart — 5 aprel kunlari Oliy Majlis Senati tomonidan Savdo-sanoat palatasi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahalliy hokimiyat organlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari vakillari hamda tadbirkorlar orasida respublika mintaqalari kesimida tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlariga bag‘ishlangan so‘rov o‘tkazildi.

So‘rov natijalari tahliliga ko‘ra, islohotlar tadbirkorlar tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanmoqda va ularning xohish-istagiga hamda biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadlariga mos keladi. Tahlillar, shu bilan birga, umumdavlat darajasida ham, mahalliy darajada ham tizimli muammolar borligini ko‘rsatdi. Masalan, aksariyat respondentlar monopoliyaga qarshi, bank va soliq sohasida tartib-taomillar, hokimliklarning yetarli darajada faol emasligi asosiy to‘siqlar ekanligini aytishgan. So‘ralganlarning 66 foizi fikricha, O‘zbekistonga kelayotgan chet el investitsiyalari oqimi sustligiga malakali kadrlarning yetishmasligi xalaqit bermoqda. Ularning 54 foizi esa investorlar uchun zarur axborotlar yo‘qligiga, 48 foizi hududlar ma’muriyatlarining investitsiya jalb qilishdan manfaatdor emasligiga, 46 foizi eksport-import amaliyotlarini amalga oshirishning qimmat hamda murakkabligiga, 45 foizi xom ashyodan foydalanishdagi muammolarga e’tibor qaratgan. E’tiborli jihati, biznes sub’ektlari valyuta operatsiyalari, kredit resurslaridan foydalanish, naqd pul mablag‘lari, asossiz tekshiruvlarga oid masalalarni ko‘tarishmagan. Demak, bu valyuta siyosatini liberallashtirish, bank-moliya tizimini takomillashtirish, davlat xizmati faoliyatini isloh qilish, davlat xizmatlarining zamonaviy tizimlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilganining natijasidir. Respondentlarning 59 foizi biznes yuritish shart-sharoitlarini qulay, 16 foizi noqulay, deb baholagan, to‘rtdan biri esa javob berishga qiynalgan.

— Biznes hamjamiyatining fikrlarini o‘rganish uchun onlayn-uslublar qo‘llanildi, tadbirkorlarimiz faol ishlatadigan ijtimoiy tarmoqlar, veb-resurslar imkoniyatlaridan foydalanildi, — dedi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi direktori Durbek Ahmedov. — Bu ishbilarmonlik sohasidagi o‘tkir muammolarni aniqlash imkonini berdi. Mamlakatda biznes yuritish hamda chet el investitsiyasini faol jalb etishga salbiy ta’sir o‘tkazadigan 56 omil tahlil qilindi. So‘rov natijalari ko‘rsatdiki, davlat hokimiyati va biznes hamjamiyati o‘rtasida ochiq muloqotning yo‘lga qo‘yilishi dolzarb muammolarni tezkor hal etishda muhim omil bo‘layapti.

Anjuman qatnashchilari mintaqalarda tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga keng imkoniyat beradigan hamda bu yo‘lda to‘siq bo‘ladigan jihatlarni muhokama qildi. “Ernst&Young” va “KPMG” singari nufuzli konsalting kompaniyalari valyuta siyosatini liberallashtirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha o‘z tajriba hamda takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

— BMT uchun islohotlar jarayonida investorlarning ham, xususiy sektorning ham fikrlariga quloq tutilishi muhim ahamiyatga ega, — dedi BMT rezident-koordinatori, Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Helena Freyzer. — Tadqiqot ko‘plab sohalar uchun xos bo‘lgan asosiy jihatlarni aniqlash imkonini berdi. So‘rov natijalari soliq ma’muriyati, bank sektori hamda yer uchastkalarini ajratishda barchaga teng sharoit yaratish uchun amaldagi tartib-taomillarni soddalashtirish zarurligini ko‘rsatdi. Eng muhimi, davlat organlarining biznes hamjamiyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqoti davlatning ishbilarmonlik muhitini rag‘batlantirish maqsadida faol, aniq siyosiy va ma’muriy chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorligini tasdiqlaydi.

— O‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston iqtisodiyotida fundamental yangilanishlar amalga oshirila boshlandi hamda bizga Italiya, Isroil va AQShdagi hamkasblarimizdan mazkur o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar so‘rab murojaatlar kelib tusha boshladi, — dedi “KPMG” konsalting kompaniyasining Rossiya hamda MDHda investitsiyalar va kapital bozori bo‘limi rahbari Lidiya Petrashova. — Aytish joizki, axborotlar ochiq-oshkora bo‘lishi, statistika ma’lumotlari sifati yaxshilanishi bilan mamlakatdagi yangilanishlarga bo‘lgan qiziqish ortayapti. Reytinglarni joriy qilish respublika hududlari investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Biz bu borada tajribamiz bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz.

Anjumanda sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishga, tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqishga, hududlarni rivojlantirish hamda O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘lidagi dolzarb muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Qobil XIDIROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?