Ochiq fuqarolik jamiyati sari dadil qadam

11:23 10 May 2018 Siyosat
536 0
Foto: infoirc.kz

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiyalashdagi roli hamda ahamiyatini yangi bosqichga ko‘tardi. Unga muvofiq, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga qaratilgan 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Prezidentimizning joriy yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mana shunday hujjatlarning navbatdagisi bo‘ldi.

Mazkur Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi. Mazkur Maslahat kengashining asosiy vazifalaridan biri sifatida davlat hamda fuqarolik jamiyati institutlarining tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning milliy modelini shakllantirish va davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi mexanizmlarini, shuningdek, bunday hamkorlik darajasini baholovchi ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish belgilangan.

Farmonda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, ularni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda “uchinchi sektor”da band bo‘lgan aholini ijtimoiy himoya qilish borasida qator imtiyozlar belgilab berildi. Xususan, 2018 yil 1 iyundan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlariga xalqaro va xorijiy tashkilotlar, chet davlatlarning fuqarolaridan kelib tushgan pul mablag‘laridan hamda mol-mulkdan, ularni olish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgandan so‘ng, biron-bir to‘siqlarsiz foydalaniladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi miqdori 25 foizdan 15 foizgacha kamaytirildi. Muqaddam jamoat fondlari har yilgi ma’muriy xarajatlarining, shuningdek, vasiylik kengashi va taftish komissiyasi a’zolariga to‘lanadigan haq hamda ularning o‘z vazifasini bajarishlari bilan bog‘liq xarajatlarini kompensatsiya qilish fond xarajatlari summasining 20 foizidan oshmasligi o‘rnatilgan bo‘lsa, endilikda ushbu miqdor 30 foiz etib belgilandi. Ya’ni jamoat fondlariga o‘zlarining faoliyatini tashkil qilish uchun ko‘proq mablag‘ jalb etishga ruxsat berilmoqda. Yana bir ahamiyatli jihati, nodavlat notijorat tashkilotlarining pensioner xodimlariga pensiya to‘liq to‘lanishi belgilandi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan nazorat qilishning aniq mexanizmi yo‘q. Bu esa ularning faoliyatini nazorat etuvchi organlar tomonidan turli davr oralig‘ida hamda turli shakllarda nazorat qilish imkonini yaratadi. Aynan shuning uchun Farmonda Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish va o‘rganish turlari, muddatlari, davriyligi va boshqa tartib-taomillarini nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqishga mas’ul etib belgilandi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda nodavlat notijorat tashkilotlari taqdim qiladigan hisobot shakllarini va uni taqdim etish tartibini soddalashtirish, shuningdek, ular tomonidan qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy undiruvlarni qayta ko‘rib chiqib, sezilarli darajada qisqartirish bo‘yicha takliflar kiritish yuklatildi.

Masalan, bugungi kunda davlat soliq organlariga hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim qilmaslik 500 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘lsa, nodavlat notijorat tashkilotlarining ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etmasligi 5 million so‘mgacha, ya’ni o‘n baravar ko‘p miqdorda jarimaga tortishga sabab bo‘ladi. Vaholonki, nodavlat notijorat tashkilotlarida moddiy resurslar cheklangan bo‘lib, ular ta’sischi hamda a’zolar o‘rtasida taqsimlanmaydi. Shunday ekan, ushbu soha vakillariga nisbatan ko‘p miqdorda jarimalarni belgilash adolat mezoniga to‘g‘ri kelmaydi. Shu sababli nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdorini kamaytirish ayni muddaodir.

Farmon qonun ijodkorligi jarayonida ham nodavlat notijorat tashkilotlarining manfaatini hisobga olish tizimini yaratdi. Xususan, endilikda nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan kelishiladigan bo‘ldi.

Aytish joizki, nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘z faoliyatlarini olib borishlari uchun zarur bino hamda inshootlarga ega emasliklari ularni tashvishga solayotgan masalalardan biri edi. Shu sababli Farmonda tegishli mutasaddi idora va tashkilotlarga 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri markazlarida bo‘shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil qilish, mazkur binolarga nodavlat notijorat tashkilotlarini ijara to‘lovining “nol” stavkasini qo‘llagan holda joylashtirish topshirildi.

Farmon nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirishga qaratilganligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlarida nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi komissiyalarni tashkil qilish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza etishni ta’minlashga doir masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining eshituvlarini tashkil qilish taklifi ilgari surildi.

Ushbu hujjatda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining mamlakat rivoji uchun qo‘shgan hissasini e’tirof etish, ularning bunday sa’y-harakatlarini rag‘batlantirish nazarda tutildi. Jumladan, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis qilinib, u mamlakatda nodavlat notijorat sektorini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan jamoat tuzilmalari vakillariga hamda tashabbuskor fuqarolarga fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatgan ishlari hamda yutuqlari uchun topshiriladi.

Umuman olganda, mazkur hujjat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlarini yanada mustahkamlash barobarida, ularni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni chog‘da muhim davlat qarorlarini qabul qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli hamda ta’sirini kuchaytiradi.

Jahongir SHIRINOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik 
palatasi deputati.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?