Obuna uyushtirganlikda ayblanib, ishdan olingan maktab direktori oʻz vazifasiga qayta tayinlandi

12:13 04 Aprel 2019 Jamiyat
1371 0

Illyustrativ foto

Shu yilning 11 fevralida Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati Yangiyoʻl tumanidagi 10-maktab direktori Shavkat Rizayev majburiy obunaga yoʻl qoʻygani uchun lavozimidan boʻshatilgani haqida xabar bergan edi.

Jumladan, axborotda 10-maktab oʻqituvchilarining obunaga majburlanganlik holati oʻrganilgani, maktab direktori har bir pedagog xodimga joriy yil yanvar oyi uchun ish haqini naqd pul koʻrinishida olishini maʼlum qilgani, ularni obunaga majburlagani va bu harakatlari bilan oʻz lavozim majburiyatlarini buzgani taʼkidlangan. Natijada Toshkent viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻining buyrugʻiga asosan direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan...

Yaqinda tahririyatimizga ishdan boʻshatilgan direktor lavozimiga qayta tiklangani haqida xabar keldi. Ammo bu gal Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati maʼlumotni rasman eʼlon qilmadi. Savol tugʻiladi, maktab direktori aslida aybsizmidi? Unda nega u ishdan boʻshatildi?

Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Yangiyoʻl tumanidagi 10-maktabga bordik. Haqiqatan ham, Shavkat Rizayev 25 mart kuni maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanibdi.

“Men hech kimni gazeta-jurnallarga obuna boʻlishga majburlamagandim, — deydi Shavkat Rizayev. — Aslida voqea boshqacha boʻlgan. Xabaringiz bor, Prezidentimizning tashabbusi bilan oʻqituvchilar nufuzini oshirish maqsadida ular jamoat ishlaridan ozod qilindi, ortiqcha qogʻozbozlikka barham berildi va majburiy obuna taqiqlandi. Xalq taʼlimi vazirligining saʼy-harakati bilan bu vazifalar ijrosi taʼminlanmoqda. Ammo tajribamda koʻrdimki, ijro xodimlarining oʻzlari islohotlar mohiyatini toʻliq tushunib yetishmagan...

Oʻsha voqeaga toʻxtalsam. Jamoamizda navbatdagi yigʻilish oʻtkazildi. Unda obuna masalasi ham koʻtarildi. Men majburiy obuna taqiqlanganini, agar kimda-kim xohlasa, ixtiyoriy tarzda oʻzi istagan gazeta-jurnalga obuna boʻlishini bildirdim. Shundan soʻng aksariyat pedagoglar biror nashrga bir kishi yakka holda obuna boʻlishi moddiy jihatdan ogʻirlik qilishini, shu sabab, oʻzaro kelishib, oylik ish haqlaridan faqat taʼlim nashrlariga yozilishini aytishdi. Men ham rozi boʻldim. Hisoblasak, taʼlim nashrlari — “Maʼrifat” gazetasi, “Boshlangʻich taʼlim”, “Xalq taʼlimi”, “Maktabda kimyo”, “Pedagog minbari”, “Maktabda biologiya”, “Sinf rahbari”, “Informatika va matematika” jurnallari obunasiga bir million soʻm atrofida mablagʻ kerak boʻlarkan. Bu dekabr oyidagi gap. Yanvarda oʻqituvchilar oʻz ixtiyori bilan oylik ish haqidan 26 ming soʻmdan yigʻdi. Ammo pulni men qoʻlimga ushlamaganman.

Bir necha kun oʻtgach, ur-toʻpolon boshlandi. Meni boshqarmaga chaqirishdi. Boshqarma boshligʻi xonasida Xalq taʼlimi vazirligining xodimi Otabek Ibragimov men bilan suhbatlashdi. Boʻlgan ishlarni aytdim. Ammo vazirlik mutaxassisi meni tushunishni xohlamadi. “Sen Prezident topshirigʻini bajarmagansan. Hatto maktabda ishlashga ham noloyiqsan”, dedi. Shundan soʻng yozma tilxat olib, ketishga ruxsat berdi. Ularning talabiga koʻra, maktabga kelib, zudlik bilan xonamni boʻshatdim. 10 soat dars berishlarini iltimos qildim. Bu iltimosim inobatga olindi. Keyin fevral oyida OAVda Xalq taʼlimi vazirligining axboroti eʼlon qilindi. Mahalla-koʻy, qavm-qarindoshlar oldida yuzim shuvut boʻlgani yetmagandek, endi butun respublikaga yomonotliq boʻldim. Nahotki, umrimni, hayotimni oʻqituvchilik kasbiga baxsh etsamu, evaziga topganim shu boʻlsa, deb qon yigʻladim.

Maktabga 2006 yili direktor boʻlganman. Oʻshanda ahvol juda achinarli edi. 315 oʻrinli binoda sifatli taʼlim olish uchun sharoit yetishmasdi. Sport zali yoʻq edi. Direktor boʻlib ish boshlagan ilk kunlarimdanoq, mana shu muammolarga yechim qidira boshladim. Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga oylab qatnadim. Nihoyat, maktabimiz 2016 yilgi Investitsiya dasturiga kiritildi. Qurilishni “Chinoz PMK-33” qurilish korxonasi olib bordi. Yangi oʻquv yiliga oz vaqt qolgandi. Shu bois, quruvchilardan iltimos qilib, ishni ikki smenada tashkil etdik. Minnat emasu, ularning kechki taomini ham oʻz hisobimdan qildim. Kechalari quruvchilarga koʻmaklashdim. Maqsad qurilish ishlarini yangi oʻquv yiligacha tamomlash edi. Ming shukr, harakatlarimiz besamar ketmadi. Belgilangan muddatda qurilish yakuniga yetgach, maktabni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash muammosi paydo boʻldi. Bu murakkab ish katta mablagʻ talab qilardi. Chunki qishlogʻimizda ichimlik suvining oʻzi yoʻq edi. Qolaversa, maktabni ichimlik suvi bilan taʼminlash Dasturga kiritilmagan ekan. Qurilish korxonasi rahbari Ahmadali Xudoyberganov bilan maslahatlashib, muammoga yechim qidirdik. U ham mard inson ekan. Garchi bu ish uchun mablagʻ ajratilmagan boʻlsa-da, maktab uchun yordam qildi. 110 metr chuqurlikdan toza ichimlik suvi chiqarib berdi. Buning uchun, adashmasam, 70 million soʻm sarflandi. Kamiga mahalla fuqarolar yigʻini ham koʻmaklashdi. Nihoyat, maktabimiz toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bundan qishloq ahli ham xursand boʻldi. Hozir ular ham shu quduqdan foydalanadi.

Boshimga ogʻir tashvish tushganda, mehnatlarimni jamoamiz qadrladi. Ular meni yolgʻizlatib qoʻymadi. Hatto oʻquvchilar, mahalla ahli ham meni himoya qildi.

Shu koʻngilsizlikdan keyin yon-atrofdagi maktab direktorlari menga qoʻngʻiroq qilib, qaysi gazeta-jurnallarga obuna “uyushtirilgani”ni soʻradi. Faqat taʼlim nashrlariga ekanini aytganimdan keyin ular ham qoʻrqib, shu nashrlar uchun obunaga targʻibotni toʻxtatishdi...

Mutasaddilarning nohaq qaroridan norozi boʻlgan maktab jamoasi asl voqeani bayon etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherboyevga, Prezident Adminstratsiyasiga murojaat yoʻlladi:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi qaroriga koʻra, majburiy obuna taqiqlangan. Shu bois, biz oʻz xohishimizga koʻra, pedagog xodimlar uchun metodik qoʻllanma sifatida hamda taʼlimdagi yangiliklardan xabardor boʻlish maqsadida 2018-2019-yil uchun 8 nomdagi, jumladan, “Maʼrifat” gazetasi, “Boshlangʻich taʼlim”, “Xalq taʼlimi”, “Maktabda kimyo”, “Pedagog minbari”, “Maktabda biologiya”, “Sinf rahbari”, “Informatika va matematika” jurnallariga pedagogik jamoa roziligiga koʻra, har bir xodimdan 26000 (yigirma olti ming) soʻmdan yigʻib, obuna boʻldik. Oʻz xohishimizga koʻra obuna boʻlsak-da, 2019 yil 17 yanvar kuni maktab direktori Shavkat Rizayev pedagog xodimlardan obunaga majburiy tartibda pul yigʻishda ayblanib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Rizayev Shavkat Rixsiboyevich 2006 yil 12 sentyabrda maktab direktori etib tayinlangan. 2006 yili taʼlim muassasasida oʻquvchilar soni 353 nafarni tashkil etgan.

2016 yili maktab direktorining saʼy-harakati bilan qayta qurildi. Oʻquvchilar sifatli taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunda taʼlim muassasasida oʻquvchilar soni 655 nafarni tashkil etadi. Maktabimizda qamrov kundan kunga oshib bormoqda.

10-maktab jamoasi oʻz xohishimizga koʻra, pedagog xodimlar uchun metodik qoʻllanma sifatida hamda taʼlimdagi yangiliklardan xabardor boʻlish maqsadida obuna boʻlsak, maktab direktorining egallab turgan lavozimidan ozod etilishi toʻgʻrimi? Hozir pedagogik jamoa hamda ota-onalar, oʻquvchilar tushkun kayfiyatga tushib qolgan”.

Bu murojaatga maktabning 34 nafar oʻqituvchisi imzo qoʻygan. Natijada holat oʻrganilib, direktorga qoʻyilgan ayb isbotlanmagach, u ishiga tiklandi.

Mavzu yuzasidan pedagogik jamoa aʼzolari fikri bilan ham qiziqdik.

Nazira Tolipova, geografiya fani oʻqituvchisi:
— Oʻz xohishimiz bilan zarur nashrlarga obuna boʻlganmiz. Hech kim bizni majburlamagan. Aksincha, taʼlim nashrlari faoliyatimizda juda zarurligini aytganmiz. Yana bizda rus tili oʻqituvchilari “Uchitel Uzbekistana” gazetasiga obuna boʻlishardi. Shu gazetadan darslarida foydalanishardi. Hozir ular ham nima qilishga hayron. Oddiy dars ishlanma, ochiq dars, metodik tavsiyalar, taʼlimga oid yangiliklarni qayerdan olishni bilmayapmiz. Internetdan foydalanishga hammaning ham imkoniyati yoʻq. Qizigʻi, direktorni ayblaganlar “U majburiy obunaga yoʻl qoʻydimi?”, deb bizdan soʻramadi ham. Direktor ishdan boʻshatilgandan keyin ota-onalar ham eʼtiroz bildirdi. “Axir, shikoyat boʻlsa, u avval oʻrganiladi, ikki tomon ham tinglanadi. Nima uchun maktabda boʻlib oʻtgan holatni hech kim oʻrganmay, sizlardan soʻramay, qaror chiqardi?!”, deyishdi.

Sharifa Mirboboyeva, oʻqituvchi:
— Har bir oʻqituvchi taʼlim nashrlariga obuna boʻlishi kerak. Ammo bu yil shu imkoniyatdan mahrum boʻlib oʻtiribmiz. Birgalashib yozilgandik, obunamizni bekor qilib yuborishdi. Bu voqea oʻquvchilarning ruhiyatiga ham salbiy taʼsir qildi. Misol uchun, 2018 yili 10-sinf oʻquvchisi Amirxon Nishonov chizmachilik fanidan fan olimpiadasining respublika bosqichida qatnashgandi. Shuningdek, oʻquvchilarimiz ingliz tili, matematika fanidan tumanda 1-oʻrinni olib, viloyatda ishtirok etgandi. Bu yil esa birorta oʻquvchi tumanda ham yaxshi qatnashmadi. Bu tanlovlar na oʻqituvchilarning, na oʻquvchilarning koʻngliga sigʻdi!

Suhbat davomida oʻqituvchilar shu voqeadan keyin taʼlim nashrlarining obunasi uchun yigʻilgan pullar qaytarib berilganini taʼkidlashdi. Achinarlisi, barcha muallimlar taʼlim nashrlariga oʻzlari xohlab obuna boʻlishni istashsa-da, gazeta-jurnallarsiz qolishibdi.

Maktab oʻqituvchilarining bizdan soʻragani shu boʻldi: “Majburiy obuna taqiqlandi. Bundan quvondik. Ammo bizga zarur boʻlgan matbuot nashrlariga oʻz ixtiyorimiz bilan pul yigʻib, obuna boʻlaylik, desak bizni jazolashdi. Majburiy va ixtiyoriy obuna aslida nima ekanini bizga tushuntirib bering!”.

Pedagoglarning bu savoliga Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari aniqlik kiritishini soʻrab qolamiz.

Tahririyatdan: Afsuski, bu shu masala boʻyicha birinchi va oxirgi hodisa emas. Qoʻlimizda yana bir necha murojaat turibdi. Hozir ular oʻrganilish jarayonida...

“Maʼrifat” gazetasidan olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?