Obod vatanning baxtiyor bolalari

11:21 01 Iyun 2018 Jamiyat
307 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”

Mamlakatimizda bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e’zozlanadi. Aslida, o‘zbek xalqi — azaldan bolajon xalq. Xalqimiz qaysi din, qaysi millat farzandi bo‘lishidan qat’i nazar, ardoqlaydi. Mehr berib, boshini silaydi.

Birgina misol: Ikkinchi jahon urushi paytida uy-joyi vayron bo‘lib, ota-onasidan yetim qolgan, yaqinlaridan ajralgan yuz minglab bolalar O‘zbekiston bag‘rida Vatanga, o‘zbek xonadonlarida o‘z uylariga ega bo‘lgan. “Sen yetim emassan” deb, o‘zining bir burda nonini ham ana shu bolalar bilan beminnat baham ko‘rgan.

Odamlarimiz nafaqat o‘z farzandining, balki har bir murg‘ak qalb iqboli uchun qayg‘uradi. Har safar duoga qo‘l ocharkan, Yaratgandan ertamizning tayanchi — yosh avlodning baxtu saodatini so‘raydi. Zero, “Bolaning begonasi bo‘lmaydi”, “Bol shirin, boldan bola shirin”, “Farzand — belning quvvati”, “Farzanding — davlating”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” kabi hikmatli so‘z va maqollar necha asrlardan buyon tildan-tilga, dildan-dilga o‘tib, yashab kelayotgani bejiz emas.

Mamlakatimizda bolalar huquq va erkinliklari kafolatlangan, manfaatlari muhofaza qilingan. O‘zbekiston bola huquqlariga oid beshta xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil tatbiq etilyapti. Konstitutsiyamiz va boshqa qator qonunlar asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari ta’minlanmoqda. Jumladan, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yurtimizda navqiron avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va ma’naviy xurujlardan asrash, majburiy mehnatga jalb etmaslikka xizmat qilyapti.

Ma’lumki, bolaning huquqi uning tug‘ilishidan avval paydo bo‘ladi. Shu bois mamlakatimizda go‘dakning, avvalo, sog‘lom tug‘ilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chaqaloqlar dunyoga kelgan kundan boshlab tibbiy nazoratga olinayotir. Ularni turli kasalliklardan, sog‘lom kamol topishiga xavf soladigan ta’sirlardan asrash chora-tadbirlari ko‘rilyapti. Binobarin, mamlakatimizda go‘daklar o‘limi tobora kamaymoqda. Bu nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham qayd etilayotir.

Bolalarni jismonan va ma’nan barkamol avlod etib tarbiyalash borasidagi islohotlar hayotimizning boshqa sohalari bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan holda, tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’limning birlamchi va asosiy bo‘g‘ini hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimi qayta isloh etilyapti. Yangi vazirlik tashkil etilib, maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqildi.

Zamonaviy talablarga mos, yangi bog‘chalarni qurishga, mavjudlarini ta’mirlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida 107 ta maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bog‘cha kapital ta’mirlandi. Sohada xususiy sektorni rivojlantirishga, malakali kadrlar tayyorlashga, bog‘chalarda o‘g‘il-qizlarni sog‘lom ovqatlantirish hamda ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini yaxshilashga e’tibor berilmoqda. Bularning barchasi bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovini oshirib, ularning sog‘lom, aqlan yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratayotir.

Tizimdagi mavjud muammolar o‘rganilib, izchil hal etilyapti. Xususan, bolalarni bog‘chaga qabul qilish bilan bog‘liq hujjatbozliklar, sansalorliklarga barham berish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi qarori bilan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ilgari bolalarni bog‘chaga berish bo‘yicha murojaatlar faqat fuqaroning o‘zi kelgan holda haftaning seshanba va juma kunlari qabul qilingan bo‘lsa, mazkur hujjatga muvofiq, endilikda fuqaro bu masaladagi murojaatlarini davlat xizmatlari markaziga haftaning xohlagan ish kuni o‘zi borgan holda topshirishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali har kuni, shuningdek, onlayn rejimda topshirish imkoniga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, endi har bir ota-ona maktabgacha ta’lim muassasalarining rasmiy veb-sayti orqali mavjud bo‘sh o‘rinlar, anketalar ro‘yxati hamda navbatga kiritilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan doimiy tarzda tanishib borishi mumkin. Shu bilan birga, murojaat etuvchi farzandini bog‘chaga joylashtirish uchun ilgari 5 turdagi hujjatni taqdim qilgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra, undan faqat anketa to‘ldirish talab etiladi hamda bu murojaat avvalgidek 10 kunda emas, bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Yurtimizda bolaning umumiy o‘rta ta’lim olishi majburiy va bepul. Har yili maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan minglab farzandlarimizga Prezidentimiz sovg‘asi — o‘quv anjomlari bepul taqdim etilyapti. Nafaqat yirik shaharlarda, balki mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham o‘g‘il-qizlarimiz sifatli ta’lim olishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum va nogironligi bo‘lgan bolalarga ta’lim berish hamda ularni ta’minlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq davlat ta’minoti asosida amalga oshirilyapti.

Ommaviy axborot vositalari orqali jahonning turli mintaqalarida kuzatilayotgan noxush manzaralar — bolalar savdosi, ularning hayotiga tajovuz qilish, zo‘ravonlik, garovga olish, xo‘rlash, hatto ichki organlarini pullash kabi g‘ayriinsoniy hodisalar ro‘y berayotganini ko‘rib, ko‘nglimiz xira tortadi. Xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga qaraganda, dunyoning notinch mintaqalarida so‘nggi o‘n yilda ikki milliondan ziyod bolalar bevosita qurolli to‘qnashuvlar natijasida hayotdan ko‘z yumgan. Minglab bolalar ota-onasiz, boshpanasiz va qarovchisiz qolgan. Ayrim davlatlarda bolalar o‘rtasida jinoyatchilik, qotillik, giyohvandlik, talonchilik, o‘g‘rilik kabi illatlar ko‘payib bormoqda.

Ana shunday tashvishli, achinarli voqealar haqida matbuotdan o‘qiganimizda, radio va televideniye orqali eshitib-ko‘rganimizda ona-yurtimiz — O‘zbekistonda har bir bola e’zoz va etibordaligiga shukronalar aytamiz.

Dilshod KARIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?