“Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlari yangi bosqichga koʻtarilmoqda

18:02 25 Yanvar 2019 Jamiyat
549 0

25 yanvar Toshkent shahrida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari: ilk natijalar va kelgusi rejalar” mavzusidagi xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, “Yuksalish” umummiliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturi, Shveysariya Konfederatsiyasi hamda AQSH davlat departamenti kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda 250 dan ziyod soha mutaxassislari – mahalliy hokimiyat, mutasaddi vazirlik va idoralar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlik hamjamiyati hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Kun davomida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar, qishloq hududlarida sarmoyaviy loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilishga fuqarolarni jalb qilish, tashkiliy mexanizmlar va moliyalashtirish boʻyicha maqsadli jamgʻarmalarni shakllantirish kabi masalalar muhokamada boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek MUHAMMADIYEV:

 Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Turkiyaning xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlayotgani insonparvarlik siyosati hech qanday chegara, hudud va xalq tanlamasligidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz rahbari gʻoyasi bilan bugun xalqimizni hayotdan rozi qilishning, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylanib ulgurgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlariga Prezidentimizning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asos boʻldi.

Xalqaro tajribaga tayansak, iqtisodiy rivojlanish avvalo qishloq joylarni rivojlantirishdan, qishloq odamlari hayoti darajasini oshirishdan, ularning ongi va dunyoqarashini oʻzgartirishdan boshlanadi.

Virtual va Xalq qabulxonalariga yillar davomida minglab qishloq joylarida zarur shart-sharoitlar yaratib berilmagani, aholining turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilashga yetarlicha eʼtibor qaratilmagani, kommunal infratuzilma obyektlari eskirib qolgani, uylar qurilishi, yoʻllar, ijtimoiy obyektlarning (maktab, bogʻcha, poliklinikalar v.b) taʼmir talabligi, aholi dam olish maskanlari mavjud emasligi, jamoat transport qatnovlari, davlat xizmatlari qoʻrsatish darajasi juda pastligi boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini murojaatlar bilan ishlash jarayonida aniqlangan mamlakatning chekka va olis qishloqlaridagi ana shunday oʻtkir muammolarga amaliy yechim sifatida koʻrish mumkin.

Mamlakatimiz hayotida ilk marta bir hujjatni qabul qilishdan avval uning mexanizmlari amaliyotda sinovdan oʻtkazildi: davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida “Obod qishloq” dasturi Jizzax viloyati Doʻstlik tumanining “Manas” qishlogʻidan boshlandi.

Boshqa mamlakatlardagi qishloq joylarini rivojlantirish dasturlaridan farqli oʻlaroq, “Obod qishloq” dasturini Manas qishlogʻida sinovdan oʻtkazishda muammolarni kompleks hal qilish uchun, avvalo, davlat tashkilotlarining masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari uyma-uy yurib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni ich-ichidan oʻrganishi tashkil qilindi. Har bir soha boʻyicha nima ishlarni qanday amalga oshirish mahalliy aholi muhokamasidan oʻtkazildi. Bunda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, balki ijtimoiy muhitni sogʻlomlashtirish, aholining huquqiy ongi-madaniyatini oshirish, hatto sogʻlom turmush tarzini, sogʻlom ovqatlanish qoidalarini joriy qilishgacha boʻlgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Asosiy eʼtibor hududdagi ishsizlik bilan bogʻliq muammolarga yechim topishga qaratildi. Bunda, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, eng ogʻir sharoitda yashayotgan nogironligi bor shaxslar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, ishsiz insonlarning muammosini hal qilishga katta kuch tashlandi. Ularga tayyor uy berish yoki uyini taʼmirlab berish yoʻli bilangina emas, balki imkoniyati darajasida ishlab hayotda oʻz oʻrnini topishlari uchun sharoitlar yaratish yoʻli bilan ham koʻmak berildi: kasb-hunarga oʻqishi, kafolatlangan ish bilan band boʻlishi va uyda tadbirkorlikni (uyda tikish-bichish, kasanachilik, chorvachilik, issiqxona, ishlab chiqarish mahsulotlarini qadoqlash v.h.) yoʻlga qoʻyishi uchun barcha imkoniyat-sharoit yaratib berildi. Mana shunday keng qamrovli kompleks yondashuv “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini dunyoda oʻxshashi yoʻq, noyob va yangi tizim deyish uchun yetarlicha asosdir.

Yana bir muhim jihat – “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarida qatnashgan tadbirkorlarga davlat tomonidan keng imtiyozlar yaratib berildi. Xususan, mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish uchun har bir aholi punktida firma doʻkonlari tashkil etildi.

Ayrim hollarda hasharlar tashkil qilish jarayonini majburlash deb talqin qilishga ham urinishlar boʻldi. Lekin, shu kungacha Prezident virtual qabulxonasiga va Xalq qabulxonalariga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida majburiy mehnat yoki majburiy homiylik haqida murojaatlar kelib tushmagan. Aksincha aholi oʻz hududining obod boʻlishi, muammolari tezroq hal boʻlishi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, qoʻldan kelgancha oʻz hissasini qoʻshayotganini kuzatish mumkin.

“Manas” tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilindi. 2018 yilda mazkur dasturlar bajarilishi natijasida mamlakatimizning yuzlab qishloq, mahalla va ovullaridagi millionlab insonlar hayotida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda – 17 yanvar kuni qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” farmoni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Farmonga asosan endi Xalq qabulxonalari aholi muammolarini uyma-uy yurish orqali aniqlashi natijasida, har bir mahalla ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish darajasi toifalarga boʻlinadi. Bu tadbirlar kelgusida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga tushadigan mahalla va qishloqlarning adolatli tanlanishini taʼminlaydi. Bugun bizning oldimizga qoʻyilgan asosiy vazifalardan biri –dastlabki bosqichlarda ahvoli eng ogʻir hududlarni toʻgʻri va maqsadli tanlab olish, ularda olib boriladigan bunyodkorlik ishlarini qisqa muddatlarda amalga oshirishdan iborat.

Farmon doirasida boshlangan ishlardan yana biri – “Hudud” axborot tizimining takomillashtirilishi, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning integratsiya qilinishidir. Bunday global tizimning analogi ham xalqaro tajribada doim uchrayvermaydi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va topshirigʻi asosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari kabi muhim ahamiyatga ega boʻlgan Orol boʻyida global ekologik muammo taʼsirlarini kamaytirish boʻyicha yirik loyiha ham amalga oshirilmoqda. Orolboʻyida ekologik vaziyatni yaxshilash, sahroda yuz berishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar – qum-tuz koʻchishining, sahro kengayishining oldini olish maqsadida 500 ming gektar maydonda oʻrmonzor barpo qilinmoqda. Shu kungacha Orol tubining 338 ming 178 gektardan ortiq maydoni saksovul ekish uchun tayyorlandi, 109 ming 851 gektar maydonda 443,3 tonnadan ortiq saksovul urugʻlari ekildi, shundan texnikalar borolmaydigan 60 ming gektar maydonga aviatsiya yordamida urugʻ qadaldi. Qisqa muddatda ekologik muammolarni yechishda bunday yirik masshtabdagi harakat mamlakatimiz tarixida oxirgi chorak asrda kuzatilmaganini ham taʼkidlab oʻtish joiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?