“Obod qishloq“ dasturi ijrosining Uychidagi fonogrammasi. Aholi esa jonli harakatlardan umidvor

12:33 31 Iyul 2018 Jamiyat
998 0
Foto: “Xalq so‘zi”

“Obod qishloq” dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Namanganda ham viloyat hokimining 2018 yil 2 apreldagi qarori bilan qishloqlarni o‘rganish, joylardagi haqiqiy ahvol bilan tanishish, aholi bilan muloqotlar asosida tasdiqlangan manzilli dastur ishlab chiqildi.

Unga kiritilgan 22 ta qishloq mahallasida ichki va xo‘jalik yo‘llarini sozlash, ijtimoiy infratuzilma inshootlarini qurish va ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minoti, kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlari holatini yaxshilash, bozor infratuzilmasini shakllantirish singari bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Ko‘rsatilgan hududlardagi tadbirlar ijrosi uchun 127 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Uychi tumanidan ikki aholi punkti— Mevazor hamda “Hojiobod” mahallalari dasturdan o‘rin olgan bo‘lib, ularda aholi turmush madaniyati va farovonligini oshirish yuzasidan katta hajmdagi bunyodkorlik yumushlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida “Hojiobod” mahallasiga yo‘l soldik.

Foto: “Xalq so‘zi”

4387 nafar fuqaro istiqomat qilayotgan mahallaning nomi bir paytlar uning obod go‘sha bo‘lganidan darak beradi. Ammo, hududning bugungi manzarasidan kishining dili xira bo‘ladi, xolos. Ayniqsa, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida qurilgan va shundan buyon aytarli ta’mir ko‘rmagan ko‘p qavatli uylardagi ahvolga maymunlar yig‘laydi: binolarning tashqi ko‘rinishi bir alfozda, xonadonlarga ichimlik suvi chiqmaydi, kanalizatsiya tarmog‘i umuman ishlamaydi, bir paytlar gurillab yongan tabiiy gazdan faqatgina quvurlar yodgorlik bo‘lib qolgan. Binolar peshayvonidagi derazalar sinib tushgan. Tashqi yoritish chiroqlari yo‘qligidan mahallaning tuni zim-ziyo.

“Joriy yilning bahorida mahallamiz“Obod qishloq” dasturiga tushganini eshitib boshimiz osmonga yetgandi. Erta suyunibmiz. Avvaliga hovlidagi qurilmalar, ombor, hatto, umumiy hojatxonagacha shiddat bilan buzib tashlandi. Ko‘rib turganingizdek, ilgarigi holatdan qaqqaygangina uyimiz qolgan, xolos. Ko‘zda tutilgan ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari mana uch oy o‘tyaptiki, boshlangani yo‘q”, - deydi “Maktab” ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi Nilufar Saydinova.

Ta’mirlash ishlarining o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi Olvalizor ko‘chasidagi to‘rtta ko‘p qavatli uy sohiblariga, ayniqsa, rosa tashvish keltirdi. Binolar deyarli yalang‘ochlanib,yaroqsiz tom yopqichlar olib tashlanganidan bu yerda yashash omonat bo‘lib qolgan. Uylar orasidagi yo‘l chiqindi va tuproqqa qalashib yotibdi.

Foto: “Xalq so‘zi”

“Bir hafta bo‘ldi, quruvchilar biz yashayotgan bino tomini qayta yopishga kirishganday bo‘lishdi, biroq, ishning borishi juda-juda sust”, - deydi Xilobat Mavlonova.

Darhaqiqat, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar o‘zlarini xuddi yomg‘irdan qochib qorga tutilganday sezishyapti. Boisi, yaqin vaqtgacha chakka o‘tishidan bezor bo‘lishgan bo‘lsa, endi buzib tashlangan tomlardagi ahvoldan xavotirda. To‘g‘rida, erta-indin yog‘ingarchilik boshlanib qolsa o‘zlarini qayerga urishadi?

Shu o‘rinda bir gap. Fuqarolar “Obod qishloq” dasturi borasidagi ayrim ishlar aholi zimmasiga yuklanayotgani hamda qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish uchun xonadon sohiblari kredit olishga majburlanayotganini aytishdi. Xususan, ko‘p qavatli uylarning tom qismini yangilash uchun har bir xonadon hisobiga kredit olinishi shart qilib qo‘yilmoqda. Bunga rozi bo‘lganlar bor. Ammo yashovchilarning aksariyati ehtiyojmand oilalar, nogironligi bor kishilar ekanligini e’tiborga olinsa, ularga bu borada yana qiyinchilik tug‘ilmaydimi?

Xo‘sh, mahalla bo‘yicha ishlab chiqilgan manzilli dasturdagi boshqa vazifalar ijrosiga qanday yondashilmoqda?

8-umumta’lim maktabi, 26-maktabgacha ta’lim muassasasi binolarida quruvchilar faoliyat olib borayotgani, ichki yo‘llarning bir qismiga shag‘al yotqizilganini hisobga olmaganda ko‘zda tutilgan tadbirlarning katta qismiga hali qo‘l urilmagan. Masalan, guzar qurilishi bo‘yicha hozirgacha amaliy harakat yo‘q. Aholi xonadonlaridan 450 tasida ta’mirlash va ko‘cha bo‘ylarini obodonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa-da odamlar uni uddasidan chiqishga aslo shoshilishmayapti. Ko‘pchilikda bu ishni kimdir kelib qilib beradi, degan boqimandalik kayfiyati ko‘zga tashlanadi. Shu o‘rinda kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 ta oilaning turarjoyini xomiylar ko‘magida ta’mirdan chiqarish belgilanganini aytib o‘tish lozim. Bu borada ham harakat yo‘q. Masalan, Olvalizor ko‘chasida yashovchi Mavluda Madumarovaning xom g‘ishtdan tiklangan uyi yaroqsiz holga kelib qolgan. Yolg‘iz o‘g‘li bilan ahvolni yaxshilashiga ko‘zi yetmaydi. Mahallaning ko‘magiga umid qilgandi. Biroq, yordam beradigan xomiy topilmayapti. Hovli joyi nochor holatdagi Adhamjon Husanovning ham qo‘li qisqa, yaxshilar madadiga muhtoj.

Foto: “Xalq so‘zi”

Odamlar bilan suhbatlashsangiz, boshqa yo‘nalishlarda ham ish yurmayotganidan norozilik bildirishadi. Masalan, “Yoshlik” ko‘chasida yashovchilarning ichimlik suv ta’minoti yomonligidan fig‘oni falakda.

“Vodoprovod tarmog‘idan suv faqatgina tunda, shunda ham jildirabgina keladi, choy qaynatish, ovqat pishirish uchun suvni yonimizdagi kanaldan tashib keltirishga majbur bo‘lyapmiz. Ko‘rinishidan ko‘chamizda suv ta’minotini yaxshilash masalasi dasturga ham kiritilmagan, shekilli“, - deydi Mahammadjon To‘ychiboyev.

Ayni paytda “Hojiobod”dagi barcha xonadonlar suyultirilgan gazan foydalanishadi. Ayni masalada ta’minotning tartibsizligidan ko‘pchilik aziyat chekyapti. Gaz ta’minoti idorasidan ajratilgan mashina oyda bir bor qorasini ko‘rsatadi, xolos. Ballonlarni almashtiradigan maxsus shahobcha yo‘qligidan mashina kelganini eshitgan kishi ulguradi, boshqasi yo‘q. Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan 350 kishining ballonga ehtiyoji borligi yuzasidan buyurtma berilgandi. Hozirgacha 60 kishininggina talabi qondirildi.

Dasturga tushgan mahalla muammolari yechimiga bunday yondashuvdan aholining o‘zgarishlarga bo‘lgan ishonchi so‘ngan. Hammasidan yig‘in raisi Saydulla Sobirov noqulay ahvolda. Mahalladoshlarining “Ishlar qachon yurishadi-yu, qachon nihoyasiga yetkaziladi”, mazmunidagi haqli savollariga qanday javob qaytarishni bilmay boshi qotgan.

Foto: “Xalq so‘zi”

Xullas, mahalliy aholi “Obod qishloq“ dasturi ijrosining Uychidagi fonogrammasidan bezib bo‘ldi. Ular jonli harakatlardan umidvor...
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?