«Obod qishloq» dasturi odamlarimizda daxldorlik tuyg’usini mustahkamlaydi

11:43 05 Aprel 2018 Jamiyat
865 0
Foto: Uzbekistan24.uz

Hozir islohotlar shiddat bilan amalga oshirilayotgani uchun hayotimizda har kuni qandaydir bir muhim o’zgarish, yangilik bo’layapti. Buni ko’pchilik o’z turmushida ham yaqqol his qilmoqda. 
Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to’g’risida”gi Farmonini o’qib, bunday o’zgarishlar endi jadallashishiga qat’iy ishonch hosil qildik. Sababi, aksariyat sohalarni rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ko’proq markazda, shahar va tumanlarda o’z samarasini ko’rsatib, yangilik quyi bo’g’inlarga tushguncha ancha vaqt o’tar, buni odamlar o’z hayotida sezishi uchun ko’p kutishiga to’g’ri kelardi.
Davlatimiz rahbarining mazkur Farmoniga ko’ra, endi eng chekka qishloqlar ham barcha infratuzilma yaratilgan go’shalarga aylanadi. Bunda har kim o’zi yashaydigan uy, mahalla va qishloqni obodonlashtirishda hissasini qo’shsa, yurtimiz yanada obod bo’ladi, obod yurtda yashaydigan odamlar kayfiyati yaxshi bo’lishi ta’minlanadi, degan qarash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Nazarimizda, ushbu muhim qadam bejiz tashlangani yo’q. Farmonda qayd etilganidek, mamlakatimiz aholisining 49 foizi yashaydigan qishloq joylarda salmoqli demografik, mehnat va iqtisodiy salohiyat jamlanishiga qaramasdan, ular uchun zarur sharoitlar yaratib berilmagan, turmush darajasi va sifatini oshirishga etarlicha e’tibor qaratilmagan. So’nggi yillarda paxta, g’alla va boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlarini etishtirishda hissasi yuqori bo’lgan dehqon-fermerlarning va boshqa toifadagi aholining hayotiy-maishiy ehtiyojlari to’liq ta’minlanmagan. Bunday holat qishloq aholi punktlarini tubdan qayta yangilamasdan va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirmasdan, mamlakatimizni taraqqiy topgan davlatga aylantirishga to’siq bo’layotgani ro’yirost aytildi.

Davlatimiz rahbari kunda-kunora yurtimiz hududlariga tashrif buyurib, xonadonma-xonadon yuribdi. Qishloqlarda yashayotgan odamlarning yashash sharoiti, haqiqiy ahvolini o’z ko’zi bilan ko’rib, muammolarga ochiq yuz bilan boqmoqda. Xalqimiz bilan muloqotlarning samarasi esa ana shu Farmonda yaqqol namoyon bo’ldi. 

Endi mazkur Farmon bilan joriy yilning 1 aprelidan boshlab yurtimizning har bir tumani va shaharida, avvalambor, olis va tabiiy iqlim sharoiti og’ir hududlarda 2018 yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o’zgarishlarni ta’minlashga, mazkur hududlar qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o’rinlarini yaratish choralari ko’rilishi belgilandi. Respublika byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalaridan ajratiladigan mablag’lar hisobiga aholi ishonchli tarzda ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Qishloqlarni tuman markazi bilan bog’laydigan yo’llar quriladi, rekonstruktsiya qilinib, ta’mirlanadi. Lizing asosida qishloq va tuman markazi orasida avtobus qatnovi yo’lga qo’yiladi. Mahalliy byudjetlar mablag’lari hisobidan qishloq ichki yo’llari va piyodalar yo’laklari barpo etilib, ta’mirlanadi. Yo’lbo’ylari obodonlashtirilib, ko’kalamzorlashtiriladi. Sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlari barpo qilinadi, avtobekatlar quriladi. Umuman, elektr ta’minoti, aloqa tizimi, aholiga suyultirilgan gaz va ko’mir yoqilg’isini uzluksiz etkazib berish masalalari hal etiladi. Bog’cha, maktab va oilaviy poliklinikalar quriladi. Bozor infratuzilmasi ob’ektlari, servis shoxobchalari, hammomlar barpo qilinadi.

Prezidentimiz yaqinda Jizzax viloyatida bo’ldi. Tashrifning asosiy voqealari Do’stlik tumanidagi Manas qishlog’ida kechdi, desak, mubolag’a emas. Chunki Manas qishlog’i mamlakatimizda “Obod qishloq” dasturini tatbiq etishda poydevor, ta’bir joiz bo’lsa, namuna sifatida tarixda qoldi. 6,5 mingdan ziyod aholi yashagan mazkur qishloqda keyingi yillarda infratuzilma inshootlari, ko’cha va yo’llar, ichimlik suvi, issiqlik, elektr energiyasi ta’minoti, madaniy-maishiy xizmat ko’rsatish talabga javob bermasligi natijasida odamlar qiynalayotgan edi. Davlatimiz rahbari e’tibori bilan “Obod qishloq” dasturi asosida hududda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa muddatda keng ko’lamli ishlar amalga oshirildi. Dastur doirasida sizot suvlari sathi ko’tarilishini bartaraf etish uchun 41 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlari tozalandi. Uy-joylar atrofidagi rejasiz qurilishlar o’rnida yangidan yordamchi binolar, tandirxonalar qurildi. Mevali va manzarali daraxt ko’chatlari o’tqazildi. Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv quvuri yotqizildi. Suv tarqatish inshootlari ta’mirdan chiqarildi. 2 umumta’lim maktabi ta’mirlanib, qayta jihozlandi. Ushbu maktablarda o’quv-ishlab chiqarish ustaxonasi barpo etilib, duradgorlik, chilangarlik, tikuvchilik dastgohlari bilan ta’minlandi.

Manasliklarning bugungi va kelajak hayotiga katta ta’sir ko’rsatgan mazkur ezgu ishlarga davlat va jamoat tashkilotlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar, aholi vakillarining kuch hamda imkoniyatlari safarbar qilindi, milliy an’analarimizning yorqin namunasi bo’lgan turli xayriya tadbirlari, xalq hasharlari tashkil etildi.

Endi bir dalilga e’tibor qaratsak. “Obod qishloq” dasturi doirasida 2018 yilda mamlakatimizning 174 ta tumanidagi 368 ta mahalla fuqarolar yig’ini hududlarini xuddi Manas kabi kompleks ravishda yangilash, go’zal va obod maskanga aylantirish ko’zda tutilmoqda. Joriy yilning o’zida dastur doirasida belgilangan ishlarga barcha manba hisobidan 3 trillion 40 milliard so’mdan ziyod mablag’ yo’naltiriladi. Qisqacha aytganda, “Obod qishloq” dasturi yurtimiz qishloqlarini shaharlardan qolishmaydigan manzilga aylantirishda muhim o’rin tutadi. Agar bu ishlar to’la-to’kis amalga oshirilsa, qishloqlarimiz, xuddi biz jizzaxliklar Manasning bugungi jamolini ko’rib, uni tanimay qolganday, g’oyatda o’zgarib -ketishi aniq.

Anorboy EShMATOV, 
O’zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senati a’zosi,
O’zbekiston Qahramoni.


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?