“Obod qishloq” dasturi: Nurafshonda ko‘chalar vayron, aholi hayron

15:47 19 Iyul 2018 Jamiyat
448 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Mirzaobod tumanidagi “Nurafshon” mahallasida “Obod qishloq” dasturi ijrosi aholi turar-joylariga tegishli noqonuniy qurilgan va me’moriy jihatdan ko‘rimsiz devorlar hamda imoratlarni buzishdan boshlandi.

Ushbu vazifa shunchalik tez amalga oshirildiki, bundan “nurafshon”liklar obodonlashtirish ishlari ham ayni sur’atda bajariladi deb xursand bo‘lishdi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Ammo mana bir necha oydirki, qishloq vayrona ko‘rinishida turibdi. Qaysidir oila molxonasiz, boshqasi ko‘cha devorlarisiz, hatto, ayrim xonadonlar... hojatxonasiz qolib noqulay holatda kun kechirmoqda. Qurilish-obodonlashtirish ishlari esa, bir necha ko‘chalarga shag‘al to‘kilgani va maktab, bog‘cha hamda qishloq oilaviy poliklinikalarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlarini aytmasa, juda sust amalga oshirilmoqda.

Foto: “Xalq so‘zi”

Bunga asosiy sabab esa, aholining barchasi ham o‘z uylari fasadini loyihada ko‘rsatilgan darajada ta’mirlash, ko‘cha devorlarini qayta qurishga imkoni yo‘qligidir. Vaholanki, ayni chog‘da mahallada ularga bu ishlarni o‘z mablag‘lari yoki kredit hisobiga bajarish tavsiya qilinmoqda. Vaqt esa o‘tib bormoqda.

Ichimlik va oqar suv masalasi nurafshonliklarni qiynayotgan eng o‘tkir muammo hisoblanadi. Mahalla hududida chiqarilgan artezian suvidan bir qultum ichgan kishi laboratoriya tekshiruvlarisiz ham uni iste’molga yaroqsizligini bilib olsa bo‘ladi. Holbuki, mana shu suv manbasi ham hududdagi eng chekka xonadondan bir kilometr uzoqlikda. Odamlar suv uzatiladigan vaqtda ana shunday uzoq-yaqindan eshak arava va boshqa ulovlarda artezian qudug‘iga kelib, navbat bilan suv olishadi. Elektr energiyasida uzilish bo‘lgan vaqtda esa ichimlik suvi masalasi yanada og‘irlashadi. Afsuslanarlisi, “Nurafshon” mahallasi ekinzorlar o‘rtasida joylashgan bo‘lsa-da oqar suv bilan ham ta’minlanmagan. Qishloq kishilarining aytishicha, tomorqalaridagi daraxt va boshqa ekinlarni chelakda suv tashib sug‘orishar ekan.

Foto: “Xalq so‘zi”
Foto: “Xalq so‘zi”

“Nurafshon”liklar “Obod qishloq” dasturi ijrosidan ana shu va boshqa muammolar yechimini kutishmoqda. Qishloqlarining obod va ko‘rkam bo‘lishiga katta umid bilan qaragan holda, obodonlashtirish ishlarida o‘zlari ham hamjihatlik bilan qatnashishlarini aytishmoqda. O‘ylaymizki, dastur ijrosiga mas’ul tashkilot va rahbarlar Mirzaoboddagi mazkur mahallada olib borilayotgan “Obod qishloq” dasturi ijrosini tezlashtirish borasida yanada aniq chora-tadbirlar belgilab oladilar.
Ahmadali SHЕRNAZAROV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?