“Obod markaz” dasturining dastlabki taqdimoti Toshbuloqda oʻtkazildi

12:30 09 Iyul 2019 Jamiyat
249 0

Namangan tumani markazi – Toshbuloq shaharchasida amalga oshirilgan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari natijasida yangidan barpo etilgan hamda qaytadan qurilgan inshootlarning taqdimoti oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-fevral – 1-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar asosida viloyat boʻyicha “Obod markaz” dasturi ishlab chiqilgandi. Ayni dasturga muvofiq amalga oshirilgan katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari sharofati bilan Toshbuloq ham har jihatdan toʻkis, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududga aylandi.

Tuman markazini zamonaviy shaharga aylantirish boʻyicha tuzilgan rejaga asosan, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy yoʻnalishlardagi 209 ta obyektda jami qiymati 102,0 milliard soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari roʻyobga chiqarildi. Jumladan, Madaniyat saroyi mukammal taʼmirlanib,qoʻshimcha ravishda zamonaviy majlislar zali barpo etildi. Davlat xizmatlari markazi binosi, “Baxt uyi”, respublika Prezidentining Xalq qabulxonasi, Davlat soliq inspeksiyasi, sanitariya epidemiologiya nazorat markazi, favqulodda vaziyatlar va boshqa bir qator muassasalarning yangilangan binolari hamda koʻp qavatli turarjoylar bilan Toshbuloqning qiyofasi butunlay oʻzgargan.

Tuman markazidan oʻtgan avtomobil yoʻlining ravonligi, uning ikki tarafi yanada obod tus olganligidan, ayniqsa, aholi xursand. Xususan, “Toshbuloq –Shahand” yoʻlining 5 kilometr qismi yangilanganidan soʻng bu yerda toʻrt polosali qatnov imkoniyati yaratildi. I. Rahmatov koʻchasidagi 2 kilometrli yoʻl ham yangilanib, toʻla asfalt yotqizildi. Hududda uzoq yillardan beri ogʻriqli masala boʻlib kelayotgan kanalizatsiya tarmogʻi,elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini taʼmirlash hamda yangilarini barpo etish masalasi ham ijobiy hal qilindi.

Dastur ijrosi doirasida barpo etilgan turarjoy binolari aholining zamonaviy yashash joylariga boʻlgan ehtiyojini qondirishda muhim qadam boʻlganligini taʼkidlash oʻrinlidir.Yoʻlning ikki tarafida barpo etilgan 5 ta uch qavatli bino 90 ta oilani oʻz bagʻriga olgan boʻlsa,birinchi qavatidan savdo va maishiy xizmat shoxobchalari oʻrin olgan ikkita 5 qavatli turarjoyning 96 ta xonadonida uy toʻylari oʻtkazildi.

Yangilangan Toshbuloqning taqdimoti shaharda barpo etilgan “Xotira xiyoboni”ning tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi. Markazida “Motamsaro ona” haykali salobat toʻkib turgan yam-yashil xiyobon ajdodlarga ehtirom, yoshlarga ibrat maskaniga aylanishi shubhasiz.

-Bugun Toshbuloq koʻchalarini aylanib, shahrimizning yangi hayoti boshlanganiga amin boʻldim, -deydi 95 yoshli Abdusalom ota Rahmonov. – Bu yerda aholining munosib turmush kechirishi uchun yaratilgan shart-sharoitni koʻrib, “Obod markaz”dasturi ijrosini tashkil etgan insonlarga tasanno aytgisi keladi, kishining. Bu singari keng va ravon yoʻl, obod koʻchalar, shinam uy-joylar xalqimizning azaliy orzusi emasmidi? Uning roʻyobi, biz koʻrmagan kunlar farzandlarimizga nasib etganidan boshimiz osmonda.

- Keyingi bir yilning oʻzidaToshbuloqhameni, ham boʻyiga oʻsib, uning umumiy maydoni 120 gektarga yetdi,-deydi tuman qurilish boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Xolmatov. – Shundan kelib chiqib, bunyodkorlik ishlari bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.Chunki, oldinda 27 ming aholi istiqomat qilayotgan shaharning ichimlik suv taʼminotini izchil yoʻlga qoʻyish borasidagi tadbirlarni nihoyasiga yetkazish, qurilishi boshlangan 189 ta koʻp qavatli turar joy binolarini bitkazish, kichik sanoat zonasida 28 tadbirkor hamshaharimiz tomonidan barpo etilayotgan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish inshootlari qurilishini tugallash singari dolzarb vazifalar turibdi. Ularning barchasi yil oxiriga qadar ijrosini topadi.

Aytish lozimki, Toshbuloq shahrining taqdimoti viloyat tumanlarida amalga oshirilayotgan “Obod markaz” dasturining debochasi sifatida tuman ahli, viloyatning boshqa hududlaridan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida katta  bayramga aylandi.

Taqdimot tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Xudoybergenov, Namangan viloyati hokimi X. Bozorov qatnashdilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?