“Obod mahalla”: dastur ijrosi faqat quruvchilarga taalluqli emas

14:01 06 Sentyabr 2018 Jamiyat
273 0
Foto: Ahmadali Shernazarov / “Xalq soʻzi”

Ahmadali Shernazarov, “Xalq soʻzi online”/Sirdaryo. Bunga esa gulistonlik uch nafar yosh rassomning ibratli tashabbusini misol keltirish mumkin. Gap shundaki, yozgi taʼtilda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Sirdaryo viloyati ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati oʻqituvchilari Odiljon Ahmedov, Gʻanisher Normatov va Tohir Rahmonberdiyev Guliston shahridagi “Obod yurt” mahallasidagi bino devoriga birgalikda “Sardoba” asarini chizib berdilar.

Va bu qadimda Mirzachoʻl orqali oʻtgan karvon yoʻlidagi, Sardoba tumani hududida hozirgacha saqlanib qolgan tarixiy yodgorlikni aks ettiruvchi mahobatli asar yosh musavvirlarning mazkur mahallada amalga oshirilgan “Obod mahalla” dasturi ijrosiga qoʻshgan munosib sovgʻasi boʻldi.

Foto: Ahmadali Shernazarov / “Xalq soʻzi”

“Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturi asosida hududlarning chiroy ochayotganligi biz ijodkorlarga ham ilhom baxsh etmoqda. Ayni chogʻda ushbu zavqlanish bizda bu xayrli ishga oʻzimizning beminnat hissamizni qoʻshish istagini ham paydo qildi. Guliston shahridagi “Obod yurt” mahallasining qoq markazida yaratgan asarimiz ana shu niyatimizning ijobati boʻldi. Biz chizgan surat roʻparasiga rasm mazmuniga juda hamohang tarzda favvora qurildi. Natijada odamlarda oʻtmishdagi suv ehtiyoji yoʻlidagi mashaqqat va bu boradagi hozirgi qulay sharoit haqida tasavvur uygʻotadigan manzara yuzaga keldi", - deydi Odiljon Ahmedov.

Binobarin, “Obod mahalla” dasturi ijrosi doirasida mazkur mahallada keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirildi. Hududning avvalgi abgor ahvoli oʻrnida pokiza, saranjom – sarishta, obod va koʻrkam, yoʻllari ravon, daraxt va gullarga burkangan soʻlim xiyobon, havas qilsa arzigulik bir goʻsha paydo boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?