“Obod xonadon — yurt ko‘rki” loyihasi doirasida yana bir oilaga quvonch ulashildi (Foto)

11:17 13 Iyun 2018 Jamiyat
424 0
Foto: "Xalq so`zi"

Quvasoy shahar Shabnam ko‘chasida istiqomat qiluvchi Bahriddin Otayev ko‘p yillardan buyon umurtqa-bel churrasi kasalligi bilan kurashib keladi. Ikki nafar farzandning otasi Bahriddinga og‘ir yumush bajarishni shifokorlar tomonidan taqiqlangan. Uning ustiga, turmush o‘rtog‘ining ham nogironligi bor. Bu oilaning har tomonlama oyoqqa turib olishi uchun tashqi ko‘mak juda zarur edi...

Foto: "Xalq so`zi"

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Obod qishloq dasturi asosida “Obod xonadon — yurt ko‘rki” loyihasi tufayli Otayevlar xonadoniga ham fayz kirdi. Gap shundaki, Federatsiya va uning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi va homiylik mablag‘lari hisobidan Otayevlar xonadoni uch hafta muddatda obodonlashtirilib, kapital ta’mirlab berildi.

Foto: "Xalq so`zi"

“Rejaga ko‘ra, xonadonda salkam 50 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Uyning tom qismi qaytadan yopildi. Ikki xonali xonadon to‘liq ta’mirlandi. Ayvon va oshxona binosi qurildi. Hovli yuza qismiga qattiq beton qoplamasi yotqizildi. Mavjud issiqxona qaytadan ta’mirlandi, - deydi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi raisi Ahrorjon Rahmonaliyev.

Foto: "Xalq so`zi"

Farg‘ona viloyatidagi muxbirimiz Elyorjon Ehsonovning ma’lum qilishicha, shaxsiy daromadlarini ko‘paytirish maqsadida xonadonning chorbog‘ qismiga tovuqxona qurilib, 30 bosh tovuqlar yetkazib berilgan. Bu ezgu ishlar natijasida yana bir mahzun ko‘ngillar shod bo‘ldi.

Foto: "Xalq so`zi"

Hovlini Otayevlar oilasiga topshirish marosimi to‘yga aylanib ketdi. Loyiha tashabbuskorlari Bahriddin Otayevning o‘g‘li Nuriddinning sunnat to‘yini o‘tkazib berishadigan bo‘lishdi. Shu kuni hovlida iftorlik dasturxoni yozildi.

Foto: "Xalq so`zi"

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Obod qishloq dasturi asosida “Obod xonadon-yurt ko‘rki” loyihasini doirasida 2018 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda bittadan kam ta’minlangan, e’tiborga muhtoj xonadonlar to‘liq obodonlashtirilib, kapital ta’mirlab beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?