Obod boʻlamiz deb chakki tagida qoldik... yoki obod mahallalar aholisi nimadan norozi?

17:50 19 Fevral 2019 Jamiyat
738 0

Muallif olgan suratlar.

Shahrisabz shahridagi Ipak yoʻli, Gʻalaba mahallalari 2018 yili “Obod mahalla” dasturiga kiritilganida ushbu mahallalarda yashovchilarning quvonchi cheksiz edi. Ammo oʻtgan yili hududda dastur asosida belgilangan vazifalar bajarilmadi.

Aholi murojaatlari asosida hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhining 2018 yil 16 avgustdan 30 dekabrga qadar Qashqadaryoda olib borgan faoliyati davomida sohada hali bir talay muammolar borligi maʼlum boʻldi.

Xususan, joylarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar tugatilmagan, ayrimlari umuman boshlanmagan boʻlishiga qaramasdan, koʻpchilik mahalla fuqarolari yigʻinlarida ish oʻta qoniqarsiz tashkil etilgan. Aksariyat hududlarda aholi xonadonlarining 70 — 80 foizida taʼmirlash ishlari lozim darajada tashkil qilinmagani, yashash uylarining fasad qismlari taʼmirlanmagani, tomorqa yerlarida ekinlar ekilmagani aniqlangan.

Muallif olgan suratlar.

 

Ishchi guruhi maʼlumotida keltirilishicha, Shahrisabz shahridagi “Ipak yoʻli” MFYdagi 13 ta koʻp qavatli uyning birontasida 2004 yildan beri isitish va ichimlik suvi taʼminoti tizimlari umuman ishlamagan, ushbu uylarda 2007 yildan beri tabiiy gaz ham yoʻqligi sababli aholi yongʻin xavfsizligi talablariga zid ravishda majburlikdan oʻtin hamda gaz ballonlardan foydalanib kelmoqda, “Obod mahalla” dasturi doirasida uylar atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilmagan, bolalar maydonchalari qurilmagan va yoʻllar taʼmirlanmagan.

“Respublika ishchi guruhi xulosasidan keyin bu muammolar oʻz yechimini topgandir”, deb oʻylarsiz. Albatta, ishchi guruhi mazkur muammolarni oʻrganganidan keyin, yaʼni qish kunlari kirib kelganida bu sohadagi mutasaddilar “gʻimirlab” qolishdi. Ishchi guruhi xulosasidan kelib chiqib, mavjud muammolarni bartaraf etishga kirishildi. Ammo yoz boʻyi qilinmagan ishlarni qisqa vaqtda bajarish imkoni bormi?! Tabiiyki, yoʻq. Natijada yana aksariyat ishlar odatdagidek — oʻlda-joʻlda qolib ketdi.

Muallif olgan suratlar.

Ushbu muammolar natijasini oʻrganish maqsadida Shahrisabz shahridagi Ipak yoʻli mahallasida boʻlganimizda, qalin qor yogʻayotgan edi. “Qolgan ishga qor yogʻar” deganlaridek, mahalla ichki yoʻllarida yurishning oʻzi amrimahol. Mahalla raisi Mavluda Yuldasheva mahalla bilan tanishtirish asnosida yoʻllardan xijolat chekkandek boʻldi.

— Yoʻllarimiz hali tayyor emas, shuning uchun hamma joyga borishimiz qiyin, loyga botib qolasiz-da, — deydi u xijolatomuz. — Lekin ishchi guruhi oʻrganib ketganidan keyin ancha oʻzgarishlar boʻldi. Hozir ichimlik suvi oʻtkazilyapti. 13 ta koʻp qavatli uyning hammasida gaz taʼminoti toʻliq yoʻlga qoʻyildi. Kanalizatsiya quvurlari yangidan oʻrnatib chiqilyapti. Umuman, ishchi guruhi kamchiliklarni koʻrsatganidan keyin mutasaddi tashkilotlar masʼuliyatini sezdi. Shirkatimiz ham ishlashga harakat qilib jonlanib qoldi. Ichki yoʻllarimiz suv va kanalizatsiya quvurlari oʻtgandan keyin asfalt qilinadi.

Loyga botib boʻlsa-da, ayrim uylar oldiga borib, xonadon egalari bilan suhbatlashdik. Darvoqe, bu mahalla bilan birga unga qoʻshni boʻlgan Gʻalaba mahallasi ham oʻtgan yili “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan ekan.

Muallif olgan suratlar.

Ushbu mahallada yashovchilardan Alisher Abdiyev va Jahongir Bekmurodov esa uylarni isitish masalasi juda ogʻirligi, shu paytgacha elektr pechkada isitilganligi, hozir gaz kelgani, lekin gazda uyni isitib boʻlmasligi, sababi, oilalarda yosh bolalar borligini aytishadi.

— Uyimiz birinchi qavatda joylashgan, — deydi 108-uy, 10-kvartirada yashovchi Goʻzal Burganova. — Birinchi qavatdagilarda gaz yoʻq. Shuning uchun pechkada oʻtin yoqishga majbur boʻlyapmiz. Uylarimiz esa zaxlab ketgan.

— “Obod mahalla” dasturi boʻyicha koʻchalarimizga kanalizatsiya, suv quvurlari tortildi, — deydi Gʻalaba mahallasi yashovchi Toʻlqin Tojixonov. — Lekin tom toʻliq taʼmirlanmadi. Shuning uchun chakki oʻtib, uylarimiz zaxlab ketyapti. Podyezdlar “qoʻl uchida” gruntovka qilingan. Isitish uchun elektr pechkadan foydalanamiz.

— Uyimizning tepasida taʼmirlash oʻtkazilganidan keyin ahvol yaxshilanishi oʻrniga chakki oʻtadigan boʻlib qoldi, — deydi shu mahalladagi 4-uy, 4 kvartirada yashovchi Raʼno Sayfullayeva. — Yogʻingarchilik boshlanganidan buyon shunday. Mana, koʻrayotgan boʻlsangiz suv oqib, shift va devorlar namiqib ketgan. Sektor boshliqlarini tanimayman, kelishmagan, lekin shirkatdan kelishgan, taʼmirlab beramiz, deyishgandi, ammo shu paytgacha daraklari boʻlmadi.

— Mahallamiz oʻtgan yili “Obod mahalla” dasturiga tushib, tugab ham boʻldi. Koʻp rejalar qilingan, lekin amalda bajarilgani yoʻq, — deydi “Gʻalaba” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Gulnora Oqqoʻziyeva. — Ammo hokimimiz “Yoʻllarni asfalt qilamiz, uylarga ikki kamerali zamonaviy isitish moslamalari oʻrnatamiz”, deb harakat qilyaptilar. — Uchta koʻchamiz bor. Bizdagi muammolar — yoʻllarimiz rasvo, bitta koʻp qavatli uy avariyaviy holatda. Rahbarlarning hammasi koʻrgan. Lekin natija boʻlgani yoʻq. Oʻsha uyda oʻzim ham yashayman, ochigʻi, aytishga ham uyalaman. “Bu yil qilamiz, deyishgan. “Yoʻllar ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmoqlari uylarga kiritilgandan keyin qilinadi”, deyishmoqda.

Muallif olgan suratlar.

Bu hududdagi ijtimoiy muammolarning ayrimlari xolos. Afsuski ularning aksariyati qogʻozlarda bajarilib, asosiy ishlar qish kelganda qor ostida qolib ketmoqda. Aks holda, respublika ishchi guruhining viloyatdagi 568 ming 628 ta aholi xonadonlarida uyma-uy yurishi hamda ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishi davomida jami 115 ming 502 ta muammo aniqlanmagan boʻlar edi.

Ahad Muhammadiyev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?