OAV vakillari Sirdaryodagi ijtimoiy – iqtisodiy oʻzgarishlar bilan tanishdi

15:37 02 Avgust 2019 Jamiyat
299 0

Markaziy ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan bir guruh jurnalistlar Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ijtimoiy – iqtisodiy oʻzgarishlar bilan tanishdi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur media-tur ishtirokchilari dastlab “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Sirdaryo universal oyna” korxonasida boʻldilar.Ushbu korxonaning ish boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Shunday boʻlsa-da, u allaqachon ekportyor karxonalar qatoridan joy olganligi jurnalistlarga maʼlum qilindi.Bu yerda farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqarilmoqda.Eʼtiborlisi, mahsulot xom ashyosi 100 foiz oʻzimizniki hisoblanadi. Qolaversa, u hozircha yurtimizdagi dori-darmon sanoati uchunqadoqlash vositalari ishlab chiqarayotgan yagona korxona ham ekan.

Sanoat zonasining qaldirgʻoch sanoat subyekti sanaladigan “PENG-ShENG” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasida media –tur ishtirokchilari yanada qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar.Endilikda ham ishlab chiqarish, ham qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan mazkur sanoat majmuasiga yondosh hududda barpo etilgan “Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik bogʻi”va unga tutash maktabgacha taʼlim muassasasi, savdo, ovqatlanish shahobchalari, koʻrgazmalar zali- bularning bari hududda butun bir obod va fayzli manzil paydo boʻlganligini mujassam etadi.Hozirda “Peng-Sheng” da tayyorlanayotgan kafellar bir necha mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Santexnika, charm –poyabzal va boshqa mahsulotlarga boʻlgan talab ham tobora ortib borayotir. Bu borada innovatsion texnologiyalarga katta eʼtibor berilayotganligi asosiy omil boʻlayotir.

Xususan, korxonada sensorli eshik qulflarining yangi modeli yaratildi. Ushbu yangilik tufayli uy egasi va uning oila aʼzolari qulfni qoʻl barmogʻi bilan ochishlari mumkin. Yaʼni barmoq izlari qulf “xotirasi”ga kiritilsa bas, u darhol ochiladi. Maʼlum qilishlaricha, hozircha bu mahsulotlar tajriba-eksperiment tariqasida savdoga yoʻnatiriladi va talab yuqori boʻlsa katta miqdorda ishlab chiqarishga kirishiladi. Shuningdek, jurnalistlar “Peng-Sheng”ning eng zamonaviy usulda ish yuritiluvchi issiqxonasi va qoʻshqator ekilgan hamda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosidaparvarishlanayotgan gʻoʻza maydonida ham boʻlishdi.Bildirilishicha, qoʻshqator usulida anʼanaviyga nisbatan bir gektarga 30 ming tup koʻp koʻchat joylashtirish imkoniyati bor.Yana bunda agrotexnik tadbirlarni bajarish uchun dalaga traktor kiritishga ham hojat yoʻq. Dala sohiblari gektaridan 50 sentnerdan kam hosil olmaymiz deyishdi va ularning bu gapi ayni paytda har tup gʻoʻzada oʻrtacha 50-54 ta hosil nishonasi borligi bilan ham oʻz isbotini topdi.

Tur davomida Sayxunobod tumani markazidagi bunyodkorlik ishlari, shuningdek, maʼnaviyat-maʼrifat, xizmat koʻrsatishni yuksaltirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishildi.Ayniqsa,Sayxun shaharchasida “Sayxun planet” MCHJ tomonidan tuman hokimligi koʻmagida qurilgan zamonaviy xizmat koʻrsatish majmuasi ishtirokchilarda katta qiziqish oʻygʻotdi. Bu yerda ayni paytda Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi doirasida salmoqli ishlar bajarilgan. Xususan, majmuaning birinchi qavatida savdo kompleksi, ikkinchi qavatida esa bolalar oʻyingohi va ikkita jami 80 oʻrinli kinozal ishlab turibdi. Yaqin kunlarda yana davlat xizmatlari, Xalq qabulxonasi oʻz faoliyatini boshlaydi.

Tuman hokimi Botir Mirzaqulovning aytishicha, markazda tez kunlarda 5 muhim tashabbus doirasida Xotira hiyoboni va zamonaviy “Kitob olami” savdo majmuasi qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Albatta,Prezidentimiz tashabbusi bilan jadal qad rostlayotgan “Xovos siti” media-tur yoʻnalishining markaziy manzillaridan biri boʻldi.Ayni paytda yangi shaharchada 30 ta zamonaviy bino qurilayapti. Xovos tumani hokimining oʻrinbosari Otabek Danaboyevning aytishicha, bu hududda aholiga qulaylik yaratish maqsadida bogʻcha, maktab, tadbirkorlik obyektlari ham bunyo etiladi.

Jurnalistlar shuningdek, Mirzaobod tumanida 5 muhim tashabbus ijrosi doirasida ochilgan IT – axborot texnologiyalari markazi, Guliston shahridagi “Buyuk kelajak” massivi, Oʻzbekiston xalq shoiriHalima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi qurilishi, “Buk kafe”-kitob doʻkoni va boshqa manzillarda ham boʻlishdi .

-Jurnalistningjarayon bilan bevosita joyida tanishgan holda axborot tayyorlashini tandirdan yangi uzilgan issiq nonni ulashganga qiyoslash mumkin,-deydi “Xabar”gazetasi muxbiri Gulnoza Turgʻunboyeva.- Shu maʼnoda, Sirdaryo viloyatida juda keng qamrovli va samarali ishlar amalga oshirilayotganligiga mazkur hududda boʻlib oʻtgan media-tur davomida oʻz koʻzimiz bilan guvoh boʻlganligimizni aytmoqchiman. Ayni chogʻda bunday tadbirlar biz yosh jurnalistlar uchun mahorat maktabi boʻlib ham xizmat qiladi.

Media-tur dasturi doirasida Sirdaryo viloyati hokimi jurnalistlar bilan uchrashdi. Uchrashuv viloyat markazida yaqinda foydalanishga topshirilgan milliy meʼmoriy uslubda qurilgan mehmonlarni qabul qilish binosida oʻtkazildi.

- Bu muhtasham bino bir yil davomida qurib bitkazildi, - deydi viloyat hokimi. - Sizlar eng baxtli insonlarsizlar. Negaki, bino bitgach birinchi mehmonimiz sizlar boʻldilaringiz. Ilgari viloyatimiz choʻlga qiyoslanardi. Bugun esa, aksincha, obod maskanga aylanmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari bunda muhim oʻrin tutmoqda. Yana ikki yildan keyin hudud butunlay oʻzgaradi. Biz investitsiya kiritish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha jiddiy ishlayapmiz. Bundan 2-3 yil ilgari 8 tuman dotatsiyada edi. Bugun ishni toʻgʻri tashkil qilganimiz uchun vaziyat oʻzgardi, yaʼni birgina oʻtgan yili davlat byudjetiga 3 milliardga yaqin mablagʻ tushirdik. Bu yil YAIMni 1,5 trillionga yetkazishni moʻljallaganmiz. Qolaversa, yil yakuniga qadar 178 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritmoqchimiz. Bu boradagi reja dastlabki olti oyda qariyb 60 foizga bajarildi.

Viloyat hokim pirovardida, Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar, keng koʻlamli islohotlarni yoritishda, ularning mohiyatini aholiga yetkazishda jurnalistlarning ijodiy mehnatijuda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Rahim SHERQULOV,
Ahmadali SHERNAZAROV,
“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?