Nyuton Oʻzbekistonda soʻnggi ikki yilda majburiy mehnatni yoʻq qilish boʻyicha sezilarli oʻsishga erishilganini eʼtirof etdi

18:29 11 Fevral 2019 Jamiyat
206 0

Arxiv foto

Amerikalik ekspert Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga doimiy maslahatchi sifatida jalb etilishi mumkin. Bosh vazir oʻrinbosari Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining AQSH mehnat vaziri oʻrinbosari Marta Nyuton bilan yaqinda Vashingtonda boʻlib oʻtgan uchrashuvi chogʻida mazkur masala muhokama qilindi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Marta Nyuton Oʻzbekistonda soʻnggi ikki yilda majburiy mehnatni yoʻq qilish boʻyicha sezilarli oʻsishga erishilganini qayd etib oʻtdi.

Tomonlar Oʻzbekiston va AQSH mehnat idoralari oʻrtasida xalqaro mehnat standartlarini joriy etish, mehnat bozori va demografik vaziyatni hamkorlikda tadqiq etish boʻyicha hamkorlikni koʻrib chiqishdi.

“Hamkorlikning koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlari Oʻzbekiston Mehnat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqilishi va 2022 yilda aholini roʻyxatga olish oʻtkazish jarayonida, ayniqsa, faollashadi”, - deyiladi xabarda.

Hukumat delegatsiyasi, shuningdek, AQSH Savdo vakilining Asosiy preferensiyalar tizimi(ATP)ni qoʻllash masalalari boʻyicha yordamchisi Erland Xerfindal, Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yana bir yordamchisi Zebo Reyazuddin bilan ham uchrashdi.

Xerfindal AQSH hozir Oʻzbekistonga nisbatan ATPning bojsiz savdo rejimini qoʻllash masalasini koʻrib chiqayotganini aytib oʻtdi. Ushbu jarayon, uning soʻzlariga koʻra, majburiy mehnat muammosini bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar sabab paydo boʻldi. Ushbu mavzu boʻyicha oʻzbek delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar AQSH prezidenti maʼmuriyati uchun tavsiyalar ishlab chiqishda foydalaniladi.

Amerika tomoni Oʻzbekiston delegatsiyasining huquqni himoya qilish, mehnat, investitsiya va ishbilarmonlik tashkilotlari global koalitsiyasi hisoblangan Cotton Campaign vakillari bilan konstruktiv muzokaralarini ijobiy baholadi. Muloqotda ushbu muzokaralar AQSHdagi huquqni himoya qilish jamoatchiligi oʻrtasida Oʻzbekistonning ochiqligini qabul qilishga ijobiy taʼsir oʻtkazishi taʼkidlandi.

Delegatsiya odam savdosi monitoringi va unga qarshi kurashish sohasidagi alohida vazifalar boʻyicha elchi Jon Richmond bilan ham muzokaralar olib bordi.

“AQSH Davlat departamenti vakili Oʻzbekiston hukumatining “nozik masalalar”ni muhokama qilish uchun ochiqligini olqishladi va respublikada bolalar hamda majburiy mehnatdan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berdi”, - deya qayd etiladi TIV xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?