Nyu-Yorkda Uber va Lyft taksi haydovchilari Oʻzbekistonning tarixiy shaharlarini targʻib qilishdi

14:23 10 Aprel 2019 Jamiyat
245 0

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi hamda “Vatandosh” diaspora tashkiloti tomonidan AQSHda Oʻzbekistonning milliy turizm brendini ommalashtirish, vatandoshlar bilan yaqin aloqalarni oʻrnatish va Amerika jamoatchiligiga oʻzbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi haqidagi maʼlumotlarni yetkazish maqsadida, “Oʻzbekistonga sayohat qil!” shiori ostida yirik aksiya oʻtkazildi.

Tadbir davomida Uber Technologies Inc. va Lyft kompaniyalarining yoʻlovchilarni tashish uchun litsenziyasiga ega boʻlgan vatandoshlarimiz Oʻzbekistonning mashhur shaharlari, jumladan, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarining suratlari aks ettirilgan hamda Oʻzbekistonning turizm axborot veb-saytlari manzillari koʻrsatilgan yorliqlarni oʻz avtomobillariga yopishtirishdi.

Shu bilan bir qatorda “Oʻzbekistonga tashrif buyurishning 10 ta sababi” nomli ingliz tilidagi broshyuralar keyinchalik yoʻlovchilarga taqdim etish uchun taksi haydovchilariga tarqatildi.

100 dan ortiq avtomobillar ishtirokidagi tadbir jarayoni internet tarmogʻida toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn translyatsiya qilindi hamda mahalliy OAVda yoritildi. Tadbir davomida transport vositalari yordamida tayyorlangan va dron yordamida suratga olingan “I LOVE UZ” yozuvi namoyishi esa kutilmagan voqea boʻldi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Uber Technologies Inc. 2009 yilda tashkil etilgan Amerikaning xalqaro xususiy kompaniyasi hisoblanadi. Mazkur kompaniya xususiy haydovchi yoki taksi chaqirish, toʻlovlarni amalga oshirish, oziq-ovqatlarni yetkazib berish uchun moʻljallangan mobil ilova yaratgan va shu orqali mashhurlikka erishgan. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, taxminan 2 mingdan ortiq oʻzbekistonliklar Uber kompaniyasining litsenziyasiga ega.

Lyft 2012 yilda tashkil etilgan San-Fransiskodagi kompaniya hisoblanadi. Mazkur kompaniya oʻz foydalanuvchilariga oʻrtacha va arzon narxlarda belgilangan manzilga yetkazib qoʻyishga tayyor boʻlgan taksilarni mobil dastur yoki veb-sayt yordamida qidirib topish imkonini beradi. Lyft kompaniyasi AQSHning 60 ta shahrida ishlaydi.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yil mart oyida AQSHda keng nishonlangan Navroʻz bayrami doirasida, Kaliforniya, Illinoys, Vashington va Pensilvaniya shtatlarida Oʻzbekistoning tarixiy shaharlari aks ettirilgan, avtomobillarga yopishtirish uchun moʻljallangan yorliqlar hamda “Oʻzbekistonga tashrif buyurishning 10 ta sababi” broshyuralarini tarqatish kabi tadbirlar oʻtkazilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?