Nyu-Yorkda oʻzbekistonlik politsiyachi oʻgʻirlikda ayblanmoqda

10:16 20 Avgust 2019 Jamiyat
150 0

Nyu-York politsiya xizmatchisi, asli buxorolik Sadoqat Maqsudova 300 dollarlik kiyim-kechakning pulini bermasdan doʻkondan chiqib ketayotganida qoʻlga olingani aytilmoqda, deb xabar berdi BBC.

Nyu-York politsiyasi unga nisbatan ayblov ilgari surilgani va vaqtincha ishdan chetlatilganini tasdiqladi. Maqsudovaning oʻzi oʻgʻirlik qilganini rad qilmoqda.

New York Post nashrining yozishicha, Sadoqat Maqsudova 15-avgust kuni Staten Island savdo majmuasidan qimmatbaho kiyimlarning pulini toʻlamasdan chiqib ketayotganida ushlangan.

“U pulini toʻlamasdan doʻkondan chiqib ketishga harakat qilayotganida mahsulotlarning yoʻqolishini oldini oluvchi xodim tomonidan toʻxtatilgan. Uning sumkasidan 300 dollardan qimmatroq qiymatdagi kiyimlar chiqqani aytilmoqda”, deyiladi xabarda.

Xabarda Maqsudova mayda oʻgʻirlikda ayblanib, xizmatidan vaqtincha chetlatilgani yozilgan.

24 yoshli Sadoqat Maqsudovaning oʻzi esa oʻtgan payshanba kuni doʻkondan oʻgʻirlik qilib ushlangani haqidagi xabarni yolgʻon dedi.

“Men bunga izoh berolmayman. Bu Nyu-York politsiya departamenti ichidagi narsa. Biz buni hali hal qilamiz qilamiz. Lekin men ishdan haydalganim yoʻq, ishlayapman”, dedi u.

Maqsudova nima uchun uning nomi xabarlarga chiqib qolgani va payshanba kuni xabarda nomi koʻrsatilgan doʻkonga borganmisiz, degan savollarga javob bermadi.

Manbaning aytishicha, ayni damda ish oʻrganib chiqilmoqda va bu vaqtda Maqsudova vaqtinchalik ishdan chetlatilgan.

Qayd etilishicha, buxorolik Sadoqat Maqsudova Nyu-Yorkka oilasi bilan 2009-yilda koʻchib kelgan.

U bir yarim yillik kadetlik kursidan soʻng Nyu-York politsiya akademiyasiga kirgan va olti oylik kursni bitirib, politsiya xizmatiga ishga qabul qilingan.

U xizmatni oʻzbeklar koʻp istiqomat qiladigan Bruklin tumanida oʻtayotgani aytilgan.

Uning bobosi va buvisi Sadoqat Nyu-York shahri osoyishtaligini saqlashga hissa qoʻshishidan xursand ekanliklarini bildirishgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?