Nyu-Yorkda “Mahalla USA” va “Turon Trade House” savdo uyi ochildi

14:34 05 Sentyabr 2020 Jamiyat
314 0

Mamlakatimizning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan “Mahalla USA” diaspora tashkiloti va va “Turon Trade House” savdo uyining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Bayram tadbirini “Mahalla USA” prezidenti Abdumalik Ahmedov ochdi va yigʻilganlarni Oʻzbekiston mustaqilligi kuni bilan tabrikladi.

“Mahalla USA”ning ustuvor maqsadi AQSHda yashovchi oʻzbeklarni birlashtirish, vatandoshlarni Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabardor qilish, Oʻzbekiston milliy bayramlari arafasida tadbirlar oʻtkazish, Oʻzbekiston fuqarolarining AQSHda boʻlishlari boʻyicha zarur maslahatlarni berishdan iborat. Shuningdek, vatandoshlar oʻrtasida sport musobaqalarini, xususan, “Navroʻz kubogi” va “Mustaqillik kubogi” futbol turnirlarini tashkil etish bilan bogʻliq dolzarb masalalarni birgalikda hal qilish, yakshanba kungi maktablar negizida aʼzolar farzandlari uchun oʻzbek tilini oʻrganish, milliy qadriyatlar va tarixiy vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga qaratilgan toʻgaraklar tashkil etadi.

“Turon Trade House” savdo uyining ochilishi Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirib, Oʻzbekiston meva-sabzavotlari, konserva mahsulotlari, quritilgan mevalar, hunarmandchilik, toʻqimachilik va boshqa mahsulotlarni Amerika bozoriga eksport qilishni taʼminlash uchun noyob platforma boʻlib xizmat qiladi.

Abdumalik Ahmedov “Mahalla USA” va “Turon Trade House” savdo uyini jihozlashda, shuningdek, mamlakatimizning manfaatdor idoralari bilan aloqalarni oʻrnatishda yordam bergani uchun Bosh konsulxonaga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov, mamlakatimiz Bosh konsuli Kamol Ikromov, Turkiston-Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xoʻja, AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti Boris Kandov, Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Muxtor Umarov va boshqalar soʻzga chiqib, gʻoya mualliflarini qutladi.

Tantanali ochilish marosimida “Turon Trade House” savdo uyi rahbari Abdumalik Ahmedovga AQSHda rasmiy biznes vakili sifatida tan olingani toʻgʻrisida Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasining maxsus sertifikati topshirildi.

Ishtirokchilar Oʻzbekistonda aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni saqlash, davlat va jamoat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan amaliy tadbirlarni yuqori baholadi.

Tadbirda soʻnggi yillarda respublikada jadal rivojlanish bosqichi kuzatilgani, turli sohalarda keng koʻlamli va chuqur oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani, mamlakatning xalqaro obroʻsini oshirishga hissa qoʻshadigan mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllangani alohida taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?