Nurulla Qayumovni kim, nima uchun ayblagan edi?

17:34 19 Aprel 2018 Jamiyat
1468 0
Foto: "XXI asr" gazetasi

Tahririyatimizga kelgan maktublardan biri fuqaro Nurulla Qayumovga taalluqli. O‘z vaqtida munosib xizmatlari uchun “Jasorat” medali bilan taqdirlangan N. Qayumov 2007 yilning sentyabrigacha Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida hokim bo‘lib ishlagan. O‘sha yil 5 sentyabrda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi ko‘riladi. Unga qo‘yilgan ayblovning qisqacha mazmuni shunday: Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, shu kodeksning 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil muayyan huquqdan mahrum qilingani holda, 59 va 61-moddalarga binoan, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

“Nomimni oqlab olish, aybim yo‘qligini isbotlash maqsadida 10 yil idorama-idora qatnadim. Ammo hech qanday natija bo‘lmagan...” deya taassuf bilan yozadi u o‘z maktubida.
Oxirgi ikki yil ichida sud-huquq sohasida amalga oshirilgan izchil islohotlar ko‘plab aybsiz aybdorlar qatorida sobiq hokim uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Nihoyat, uning 10 yillik azob-uqubati yakun topdi, u oqlandi. 

Bular xususida qator gazeta va saytlarda berilgan materiallar orqali ko‘pchilik yaxshi xabardor. Shu bois biz ushbu masalaning boshqa bir jihatiga e’tibor qaratmoqchimiz. Ya’ni hokimni — Prezidentning Chiroqchidagi vakilini kim ayblagan edi va nima uchun?

Nurulla aka bilan suhbatlashganimizda ushbu kelishmovchilik noloyiq kadrni mas’ul lavozimga qo‘yishni talab qilishganidan keyin boshlaganini aytdi. U hokim sifatida bunga qat’iy norozi ekanligini bildiradi. Biroq o‘rtaga tushgan o‘sha paytdagi Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizligi xizmati)ning hududiy vakili ham bo‘sh kelmaydi. Keyin yo‘rig‘iga yurmagani uchun hokimga tuzoq qo‘yishni boshlab yuboradi. Lekin adolat bilan aytganda, tuzoqni eplab qo‘yolmaydi. Gap shundaki, hokimni ayblash uchun o‘ylab topilgan “davlat mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan”ligi dalili bo‘lmish summalar arzimas bo‘lib, bunday ishni hokim-ku hokim, kichkinagina korxona rahbarining ham o‘ziga ep ko‘rishiga ishongingiz kelmaydi. Misol uchun: “...hokim o‘z haydovchisi B. Eshqobilov nomidagi 2005 yil 29 dekabrdan 2006 yil 15 noyabrgacha bo‘lgan raqamsiz g‘azna chiqim orderlarini uning nomiga rasmiylashtirib, 2 million 999 so‘mlik o‘zganing pul mablag‘larini o‘zlashtirgan...” 
Qoyil-e, hokimning kuni o‘z haydovchisiga qolsa-ya...

Bu misol unisidan oshib tushadi: “...R. Berdiyorovaning 2006 yil iyul oyi ish haqi vedomostidan 61441 so‘mni, avgust oyi ish haqi vedomostidan 64210 so‘mni... olish haqidagi imzolarni soxtalashtirib, tuman hokimligi xodimlarining manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan”.
Ayblovda yana qator misollar borki, ularning summasi turlicha bo‘lishi mumkin, ammo ular har qanday kishida shubha tug‘dirishi bilan ikki tomchi suvdek taassurot qoldiradi. 
Ish bilan tanishib bo‘lgach, xalqimizning “O‘t balosidan, suv balosidan, tuhmat balosidan o‘zi asrasin!” degan mashhur maqoli beixtiyor yodimizga tushdi.

Shu o‘rinda jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudi apellyatsiya sudlov hay’atining 2017 yil 23 noyabrdagi ajrimi ayrim bandlaridan ko‘chirma keltiramiz: “Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudining 2008 yil 28 fevraldagi hukmining Qayumov Nurulla Charshanbiyevichga oid qismi bekor qilinsin...
...O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 83-moddasining 1 va 2-bandlariga asosan, reabilitatsiya qilish yo‘li bilan oqlansin...”

Uzoq yillik aziyatlar so‘ngida sobiq hokim oqlandi. Bundan uning o‘zi, yoru birodarlari-yu oila a’zolarining ham quvonchlari cheksiz ekanligi, shubhasiz. Ammo ular shu yillar davomida qancha qiyinchiliklarga uchramadi, deysiz. Ma’naviy yo‘qotishlar va salomatligi bilan bog‘liq muammolar-chi? Endi bularning o‘rini nima bilan, qanday to‘ldirsa bo‘ladi, buning iloji bormi, o‘zi...
Zokir XUDOYShUKUROV, 
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?