Nursulton Nazarboyev: “Oʻzbekistonda juda koʻp ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda”

12:34 15 Noyabr 2018 Siyosat
809 0

Foto: Akorda.kz

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanib borayotgani xususida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

“Oʻzbekistonda juda koʻp ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda, deb bemalol ayta olaman. Afsuski, yillar davomida iqtisodiyotimizdagi munosabatlarimiz hajmi 5 foizdan oshmadi. Biz behuda koʻp vaqt­ni boy berdik. Oʻzbekiston Qozogʻiston bugʻdoyini Yevropa orqali sotib olganini tasavvur qila olasizmi? Shunday boʻlgan ham”, dedi Qozogʻiston rahbari “Astana Club” ishtirokchilari yigʻilishida qilgan nutqida. Bu haqda “tengrinews.kz” portali xabar berdi. Lekin ­Prezidentning soʻzlariga koʻra, soʻnggi ikki yil ichida oʻzaro savdo har yili ikki baravar oʻsyapti.

“Chegaralar ochiq, bojxona va iqtisodiy aloqalar juda faol. Men Oʻzbekistonning kelajagiga katta ishonch bilan qarayapman. U yerda juda koʻp oʻzgarishlar yuz berdi, iqtisodiyot ham, siyosat ham liberallashdi. Biroq hammasiga birdan erishib boʻlmaydi. Vaziyat ancha jiddiy edi, amaldagi ­Prezident, janob Shavkat Mirziyoyev, mening fikrimcha, toʻgʻri yoʻlda va toʻgʻri munosabatlarni oʻrnatmoqda. Oʻylashimcha, kelajakda bundan ham yaxshi boʻladi”, deydi Nazarboyev.

Prezidentning fikricha, Qozogʻiston va Oʻzbekistonni savdo aloqalari bilan birga “umumiy muammolar” ham birlashtiradi.

U Orol dengizi muammosiga ham toʻxtalib oʻtdi. “Bu yerda bir trillion tonna suv boʻlgan, katta miqdorda baliq yetishtirilgan. Sobiq ittifoqning notoʻgʻri iqtisodiy rejalashtirishi tufayli butun dengiz yoʻqolib ketdi. Endi uning qaqshagan tubidan millionlab tonna tuz havoga koʻtarilmoqda. Ular Yevropaga borib tushayotir, togʻlarning choʻqqilariga “qoʻnib”, muzliklarni erityapti. Bu bizning eng katta muammoimiz”, dedi ­Nazarboyev.

Nazarboyevning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlari mazkur masalani ham koʻrib chiqishgan va jahon hamjamiyatidan ushbu ekologik halokatni bartaraf etishda koʻmak soʻrab murojaat qilingan.

F. ABILOV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?