Nursuxdagi bir daraxtdan bir yil pista, ikkinchi yil bodom olinadi. Uning yoshi 1 ming 200 da

16:43 04 Avgust 2020 Jamiyat
220 0

Fargʻonada mamlakatimiz nomi bilan ataluvchi bir donagina tuman mavjud. Oʻzbekiston tumanida tarixiy qishloqlar sirasiga kiruvchi Nursuxda asrlar mobaynida avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan afsonalar juda koʻp.Baʼzida ularni tinglagan kimsa hayratga tushadi,yoqa ushlaydi. 23 ming sonli aholiga ega 100 yoshli bu qishloq olimlari, mirishkor dehqon va chorvadorlari, mamlakatimizga tanilgan huquqshunoslari bilan mashhur.

Muqimiy domla oʻzining sayohatnomasida Nursuxning totli mevalari haqida oʻzgacha zavq bilan yozgan edi. Bugun ham ushbu tarixiy goʻshaga tashrif buyurgan sayyoh Nursuxda moziy va zamonaviy taraqqiyot oʻzaro uygʻunlashib ketganligini kuzatish mumkin.

Mehnat faxriysi, xalq seleksioneri Rustam ota Mamadaliyevning xonadoni kelinchakning goʻshangasini eslatadi. Anvoyi gullar, noyob manzarali daraxtlar hayratni oshiradi. Biolog olim pista koʻchatini payvandlab koʻpaytirish bilan ham shugʻullanadi. Butun mahalla unga havas qilib dehqonchilik mirishkoriga aylandi.

Nursuxdagi Sulton Sayyid Kamoliddin ota ziyoratgohi hamda Sartepa tarixiy obidasi xalq sayillari, bayramlari oʻtkaziladigan muborak maskan. Eʼtiqodda sobit Hasanboy Ahmedovning qayd etishicha, xalq tilida Xoʻja Pista Bobo nomi bilan tanilgan 60 gektarlik mazkur ziyoratgoh bir necha asrlik tarixga ega. Ziyoratgoh oʻrtasidagi pista daraxti 1200-yillik boʻlib, bir paytlar unga oʻnta odamning qulochi yetmas edi. Bundan taxminan ikki yuz yillar bu yerda yongʻin boʻlgach, pista daraxti hajmi ancha kichrayib ketdi. Aytgancha, Nursux degan soʻzning kelib chiqishi bilan bogʻliq talqinlardan birida “olov oʻch” degan maʼno borligi taʼkidlanadi.

Rivoyatlarga qaraganda, Islom dini rivojiga katta hissa qoʻshgan uch nafar aka-uka avliyolar Makka va Madina shahridan yoʻlga chiqib, bir qoʻllarida pista, birida yongʻoq daraxtidan tayyorlangan hassa bilan shu ziyoratgohda toʻxtashgan. Hassalarini quruq yerga suqib qoʻyishgach, undan mana shu pista va yongʻoq daraxti deyarli bitta daraxt tanasi boʻlib unib chiqqan. 1200-yildan buyon bu daraxtning hosil berayotgani haqiqatdan ham chinakam moʻjizadir. Abadiyat timsoli boʻlgan bu daraxt xalqimiz bilan birga tarixning birda qaygʻuli, birda quvonchli ne-ne voqealariga guvoh boʻlmagan deysiz!

Nursuxlik nuroniylar shu qishloqda yashab oʻtgan Abdulla mergan haqida rivoyatlarni ham maroq bilan soʻzlab berishdi. Aytishlaricha, Abdulla mergan bir asrdan ortiq umr koʻrgan. Oʻz vaqtida bu mohir ovchiga Qoʻqon xoni Xudoyorxon ham tan bergan edi. Emishki, bir kuni Xudoyorxonning xos ovchilari Nursuxda ov qilib yurib, Abdulla mergan bilan nishonga bexato urish borasida bahslashib qolishadi. Xudoyorxon keksa yoshda boʻlishiga qaramay eng ishongan ovchilarini dogʻda qoldirgan Abdulla merganni saroyga chorlab, sovgʻalar beradi. Nuroniylar Xudoyorxonning koʻplab polvonlari ham shu qishloqdan chiqqanini gʻurur bilan xotirlashdi. Har sohada mohir nursuxliklarning bugungi avlodlari ham dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, tadbirkorlikda chorhunar ekanligini taʼkidlab oʻtdilar.

Nursuxlik tarixchi Soyibjon Rahmonov qishloq tarixini oʻrganish borasida bir necha yillar izlanishlar olib bordi. Ammo turmush tashvishlari bilan boʻlib, bu yumushlarni bir maromda davom ettirish imkoni boʻlmadi. Shu bois Nursux tarix haqiqatlarini aniqlashtirish boʻyicha fidoyi tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini kutmoqda. Darhaqiqat, Nursux tarixi hozirgacha qunt bilan oʻqilmagan kitob.

Xurshidabegim HAKIMOVA
Fargʻona shahar 4-maktab oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?