Nurotada “Nurli navolar” xalqaro folklor festivali boshlandi

12:34 30 May 2018 Madaniyat
609 0
Foto: turkistonpress.uz

Davlatimiz rahbari joriy yilning 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha jabhalarga e’tibor qaratar ekan, qadim an’ana va qadriyatlarimizni ardoqlash, ayniqsa, bugun bashariyat mulki sifatida e’tirof etilayotgan folklorimizning munosib targ‘ibotini ta’minlash vazifalarini ham belgilagan edi.

Shu asosda ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra respublika Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab folklor jamoalarining “Nurli navolar” xalqaro festivali o‘z ishini boshladi. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Temur Eshboyev xabar bermoqda.

“Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – qadimiy folklor san’ati bilan o‘tmish madaniy yodgorliklarimiz tarixining o‘zaro bog‘liqligini, uzviyligi va ulug‘vorligini hamda ularni buyuk ma’naviyatimizning haqiqiy sarchashmalari sifatida keng targ‘ib qilish, yoshlarni ajdodlarimizdan meros ulkan ma’naviy xazinadan bahramand etish, ularda milliy g‘urur, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishdan iboratdir. Aslida bu barcha xalqlarning bugungi tashvishi bo‘lib qolmoqda”, - deydi Madaniyat vazirligi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori Azamat Haydarov.

Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, festivalning joriy yilgisiga 10 ta xorijiy mamlakatning 30 nafar vakili ishtirok etmoqda. Bundan tashqari anjuman o‘z atrofiga folklor san’atining ilmiy tadqiqotchilari, ellikka yaqin xorij mamlakatlaridan kelgan sayyohlar va yurtimizda faoliyat yuritayotgan chet el vakolatxonalari vakillarini ham jamlamoqda.

Festival ishtirokchilari anjuman avvalida Navoiy shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul-gulchambarlar qo‘yishib, g‘azal mulki sultoni siymosiga hurmat bajo etdilar. Shundan so‘ng mehmonlar qadim Nurotaga yo‘l olishdi. Bu yerda festival dasturi doirasida milliy hunarmandchilik, tasviriy va amaliy san’at namunalari ko‘rgazmalari, “Kitob sayli” va uning doirasida muloqotlar, xalq o‘yinlari tomoshalari tashkil etilgan.

Anjumanning kechki dasturida Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Meyras”, Andijon viloyatining “Sayqal”, Buxoro viloyatining “Qasri Orifon”, Jizzax viloyatining “Oypari”, Namangan viloyatining “Uychi tonggi”, Navoiy viloyatining “Sardoba”, Samarqand viloyatining “Beshqarsak”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Toshkent viloyatining “Qurama”, Toshkent shahrining “Durdona”, Farg‘ona viloyatining “Gulyor”, Xorazm viloyatining “Navro‘z”, Qashqadaryo viloyatining “Rizvongul” kabi folklor-etnografik jamoalari o‘zlari tayyorlagan kuy-qo‘shiqlarini namoyish etadilar.

Festival ertaga Navoiy shahrida davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?