Nurxon Nafasov 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana katta sportga qaytdi

15:35 16 May 2018 Sport
800 0

Bugun, 16 may kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining navbatdan tashqari saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 
Unda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, karate bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiylari, federatsiyaning viloyat bo‘limlari rahbarlari, taniqli sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Konferensiyada federatsiya prezidenti lavozimiga 1996-2006 yillar mobaynida federatsiyani muvaffaqiyatli boshqarib, qator yutuqlarga erishgan mutaxassis, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, qora belbog‘ 6-DAN sohibi Nurxon Ziyatovich Nafasov nomzodi ilgari surildi. 

Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan qo‘llab quvvatlashdi va Nurxon Nafasov 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi prezidenti etib saylandi.
“Karate bundan qandaydir 10-15 yil oldin ham Respublikamizda ommaviylik masalasida futboldan keyin ikkinchi o‘rinda turardi. Yurtimizda o‘n minglab yoshlar sportning ushbu jangovor turi bilan muntazam shug‘ullanib kelishardi. Sportchilarimiz qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishgan o‘sha davrda, — MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov. — Ammo so‘nggi yillarga kelib, afsuski karate sport turi sifatida o‘z nufuzi va mavqeini anchagina yo‘qotib qo‘ydi. Buning natijasida ommaviylik ham keskin kamaydi. Bir so‘z bilan aytganda sportning yakkakurash turlari orasida karate sog‘lom raqobatga dosh bera olmadi. Shunday ekan, O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining faoliyati bugungi kunda na Milliy olimpiya qo‘mitasini, na Jismoniy tarbiya va sport vazirligini qoniqtiradi. Vaholanki, karate Tokio 2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi. Biz qisqa vaqt davomida federatsiyada islohotlarni amalga oshirib, ish tizimini butunlay qaytadan ko‘rib chiqishimiz lozim".

“Avvalo menga bildirilgan yuksak ishonch uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga cheksiz minnatdorchilik izhor etaman, — deydi federatsiyaning yangi rahbari Nurxon Nafasov. — Zimmamga nechog‘lik mas’uliyatli vazifa yuklanayotganligini juda yaxshi his qilib turibman. Ammo ishonchim komilki, birgalikda biz o‘z oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadimizga yetisha olamiz. Bu yerda o‘tirganlarning ko‘pchiligi bilan yaqindan tanishmiz, ayrimlari bilan karate rivoji yo‘lida yelkama-yelka xizmat qilganmiz. Asosiy maqsad karatening ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchilar tayyorlash tizimini isloh qilish va shu orqali xalqaro maydondagi natijalarni yaxshilashdan iboratdir. Yaxshi ma’lumki, 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari dasturidan tarixda birinchi marta karate sport turi ham o‘rin olgan. Shak-shubhasiz bu sportning ushbu turi uchun tarixiy voqea hisoblanadi va ishonamanki kunchiqar yurtda o‘zbek karatechilari, o‘zimizning qorako‘zlar ham Olimp shohsupasiga ko‘tarilishadi. Buning uchun esa tayyorgarlikni bugundan boshlash lozim. Yaqin 2 yil ichida kerak bo‘lsa kuniga 24 soatdan mehnat qilishimiz, yagona maqsad yo‘lida birlashishimiz, mamlakatimizda sportning yakkakurash turlari orasida karatening nufuzini oshirishga intilishimiz kerak". 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?