“Nuriston” poligonida “shartli dushman” yakson etildi

14:11 24 Fevral 2020 Jamiyat
267 0

Mudofaa vazirligi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugga qarashli “Nuriston” poligonida Nuriston garnizonidagi harbiy xizmatchilar ishtirokida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Rejaga muvofiq, jangovar guruh tezkor harakatlanib, belgilangan nuqtaga yetib kelishi bilan birinchi sinovni qarshi oldi. Shartli dushman oʻrnashib olgan hududga eltuvchi yoʻlda ommaviy qirgʻin qurollari qoʻllanilgan. Mahorat qanchalik yuqori, jangovar ruh qanchalik baland boʻlmasin, bunday paytlarda taktika qoʻllanilmas ekan, koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi.

Shu bois shaxsiy tarkib snayperlar guruhining kuzatuvi va himoyasi ostida zudlik bilan shaxsiy himoya vositalarini kiydi. Bu yurt oʻgʻlonlarining zaharlangan hududdan shartli dushman oʻrnashib olgan nuqtaga qadar yetib borishi va uni tor-mor keltirishi yoʻlidagi ilk qadam boʻldi.

Shundan soʻng, harbiy xizmatchilar jangovar ikkilik taktik guruhlariga boʻlingan holda harakatni davom ettirdi. Ularni shartli dushman bilan yuzma-yuz boʻlishi oldidan ikkinchi sinov toʻsigʻi – chaqqonlik va epchillikni talab etadigan simli yoʻlak kutib turardi. Taktik guruhlar oʻzaro ichki navbatchi kuzatuvi asosida bu toʻsiqdan ham muvaffaqiyatli oʻtib oldi. Harbiy xizmatchilar shu tariqa taktik tayyorgarlikning bir nechta meʼyorlarini ham aʼlo darajada bajarishdi.

To belgilangan nuqtaga yetib kelguncha bir-biridan murakkab va mashaqqatli sinovlarni sabot bilan yengib oʻtgan Vatan himoyachilari shartli dushmanni bir hamlada yakson etdi. Ularning soʻnggi bor tik holatdagi koʻrinishi yurtning asl oʻgʻlonlari jangovar quroli nishonida qoldi...

– Bu kabi amaliy mashgʻulotlar shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirib, ularning vaziyatga moslashishi, oʻrni kelsa oʻzlari mustaqil qaror qabul qilishi va yakunda eng oliy burch – Vatan himoyasiga hamisha shay holatda turishini taʼminlaydi, – deydi vzvod komandiri kapitan Sherali Qirgʻizboyev. – Shaxsiy tarkibning ushbu mashgʻulotlar davomida koʻrsatayotgan natijalari, albatta, tahlil qilinib, zarur va kerakli koʻrsatmalar berib borilmoqda.

Armiyani merganlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ular masofadan turib dushmanni tor-mor keltirish, jang kechayotgan nuqtaga kirib borayotgan shaxsiy tarkibni mudofaa qilish kabi muhim vazifalarni bajaradi.

Kunning ikkinchi yarmida shaxsiy tarkib bilan birgalikda “Merganlar marrasi” yoʻlagi boʻylab harakat qildik. Ular oʻq otish nuqtasiga yetib kelguncha ushbu yoʻlakning bir-biridan murakkab, turli-tuman toʻsiqlarini yengib oʻtdi. Qayd etish joizki, ushbu yoʻlak boʻylab tez va aniq harakatlanib, jangovar vazifani toʻla-toʻkis, xatolarsiz bajarish uchun qulay nuqtaga yetib kelishning oʻzi ham harbiy xizmatchidan katta mahorat talab etadi.

Undan tashqari nishonni bexato urish uchun merganda mahoratdan tashqari katta xotirjamlik va diqqatni jamlash koʻnikmasi ham mujassam boʻlishi kerak. Ana shunday sifatlarni oʻzida jam etgan yurt himoyachilari belgilangan nishonlarni yoʻq qilib, jangovar vazifani aʼlo darajada bajarishdi.

Shu tariqa amaliy mashgʻulotlarda harbiy xizmatchilarning jangovar mahorati, sabr-toqati va chidamliligi yana bir bor sinovdan oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?