Nurbuloqdagi 41 maktab koʻrkam qiyofa kasb etmoqda

11:47 21 Avgust 2020 Jamiyat
239 0

Joriy yilda Samarqand viloyatida 1 ta yangi maktab qad rostlamoqda. 52 ta umumtaʼlim maktablarida rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari olib borilyapti. Ushbu bunyodkorlik ishlariga investitsiya dasturi asosida 128,2 milliard soʻm, shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 65 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bundan tashqari, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan maktablar obod va koʻrkam maskanlarga aylanib, mustahkam moddiy-texnika bazasiga ega boʻlmoqda.

Ajratilgan milliardlab mablagʻlarning oʻz oʻrnida safarbar etilishi, qurilish ishlarining sifatli amalga oshirilishi, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining qurilish boʻlimi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida doimiy nazorat olib borilayotganini taʼkidlash joiz. Negaki, ushbu qurilish ishlarining sifatli amalga oshirilishi, taʼlim muassasasida muammolarsiz kuz-qish mavsumlarini oʻtkazish, binoning uzoq yillar davomida kelajak avlodga xizmat qilishi bevosita ana shunga bogʻliq.

Nurobod tumanidagi Nurbuloq shaharchasida joylashgan 41-umumtaʼlim maktabining qurilganiga qirq yildan oshgan. 1100 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya olayotgan ushbu maktabda oʻtgan bir necha oʻn yil davomida faqatgina joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan, xolos. Joriy yil Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan maktabni mukammal taʼmirlash uchun 3 milliard 37 million soʻm mablagʻ ajratilib, 784 oʻrinli maktab binosida qurilish va taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi.

Qurilish ishlari “Baho Ishonch Nurbuloq” xususiy korxonasi ishchi xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda maktabdagi taʼmirlash ishlarining 85 foizi bajarildi. Jumladan, barcha deraza va eshik romlari yangidan oʻrnatildi, tom qismi toʻliq tunuka bilan qoplandi. Maktab hovlisi temir panjara bilan oʻraldi. Yangi hojatxona qurildi. Ayni paytda sport zal va faollar zalini taʼmirlash, ichki pardozlash ishlari davom etmoqda. Maktabning isitish tizimi toʻliq yangilanmoqda.

Eʼtiborlisi, 41-maktabdagi barcha qurilish va taʼmirlash ishlari maktab rahbariyati, kuzatuv kengashi tomonidan toʻliq nazorat qilib borilmoqda. Ochigʻini aytganda, maktab direktori Ilhom Tursunov bunyodkorlik ishlarining mukammal bajarilishi uchun huzur-halovatni bir chetga surib, har bir qarich bajarilgan ishlarni nazorat qilib bormoqda. Ilhom Tursunov hamda maktab kuzatuv kengashi raisi Nurullo Beknazarovlar tomonidan homiylar jalb qilingan holda qariyb 30 million soʻmlik homiylik mablagʻlari jamgʻarildi.

— Maktabimizda mukammal taʼmirlash ishlarining boshlangani nafaqat taʼlim muassasasi jamoasi, shu bilan birga, “Nurbuloq” mahallasi aholisi, ota-onalar uchun unutilmas xursandchilik boʻldi, — deydi 41-umumtaʼlim maktabi direktori Ilhom Tursunov. — Ayni paytga qadar katta-kichik homiylik yordamlari koʻrsatilayotgani, ota-onalarning maktabga kelib, ishchi xodimlar uchun qoʻy soʻyib, oziq-ovqatidan xabardor boʻlib turgani fikrimizni tasdiqlaydi. Kuzatuv kengashimizning raisi Nurullo Beknazarov, mahalladagi tadbirkorlarimizdan Bahodir Xolboyev kabi homiylar tomonidan mukammal taʼmirlash jarayonida oʻquvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratish, laboratoriya xonalarini jihozlash ishlari uchun pul mablagʻlari berildi.

Taʼkidlash joizki, maktabdagi taʼmirlash ishlari qisqa fursatlarda yakunlanadi. Joriy yilning sentyabr oyida butunlay yangicha qiyofa kasb etgan, taʼlim-tarbiya jarayonlari uchun keng imkoniyatga ega maktab foydalanishga topshiriladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?