Nukuslik oʻquvchi yoshlar oʻrtasida yangicha harbiy musobaqa oʻtkaziladi

16:09 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
89 0

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan shu yilning 19-oktyabr kuni nukuslik oʻquvchi yoshlar oʻrtasida harbiylashgan sport musobaqasi boʻlib oʻtadi. Bu haqda ushbu okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu musobaqa yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalariga qaratib Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida oʻtkaziladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining kubogi uchun tashkil etilayotgan “Yosh vatanparvarlar” harbiy sport estafetasida Nukus shahridagi 10 ta maktabning yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etishi belgilangan. Musobaqada bitta jamoadan 3 nafardan oʻgʻil va qiz bolalar qatnashadi.

Bellashuv Nukus garnizonidagi mini-poligonida boʻlib oʻtadi. Musobaqa shartiga koʻra ishtirokchilar razvedkachilarning toʻsiqli yoʻlagidan oʻtishi, BTR-80da meʼyor bajarishi, avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻishi hamda oʻqdonni oʻq dorilar bilan toʻldirishi, granata uloqtirishi, merganlik mahoratini sinovdan oʻtkazishi, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoya vositalarini kiyishi belgilangan. Shuningdek, ishtirokchi qizlar shartli yaradorga tibbiy yordam koʻrsatishi va radioaloqani ishga hozirlashi zarur.

Barcha meʼyorlarni bajarishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi taʼminlanadi.

Gʻolib va sovrindor jamoalar okrug qoʻshinlari qoʻmondonining maxsus sovgʻa va kuboglari bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, harbiy sport estafeta doirasidan harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishi, qurol-aslaha va harbiy texnika namoyishi hamda konsert dasturi oʻrin olgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?