Nukusdagi harbiy mahallada birinchi boʻlib oilalarga psixologik maslahat berish tizimi joriy etildi

17:49 10 Sentyabr 2020 Jamiyat
143 0

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining tashabbusi bilan Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharchada faoliyat yuritayotgan “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yigʻinida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga psixologik xizmat koʻrsatish tizimi joriy etildi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlash joizki, mazkur tizim Mudofaa vazirligining harbiy mahallalari oʻrtasida birinchi boʻlib Nukusda faoliyatini boshladi. Harbiy okrugning malakali psixologi va sotsiologi, shuningdek, Nukus shahar oilaviy psixologik markazi va voyaga yetmaganlarga psixologik yordam berish markazining tajribali mutaxassislarini jalb etgan holda mahallada istiqomat qilayotgan harbiylarning oila aʼzolariga ruhiy va emotsional koʻmak berish, farzand tarbiyasi, ayniqsa balogʻat yoshiga yetayotgan va oʻsmirlik davridan oʻtayotgan bolalarning xulq-atvorida roʻy berayotgan oʻzgarishlarda, nafaqaga chiqqan harbiy xizmatchilarning ijtimoiylashuv jarayonlarining oson kechishini taʼminlashda, ayrim muammoli va oqil maslahatni talab etadigan savollarning yechimini topishda yangicha tizim orqali amaliy koʻmak berilib, turmush farovonligi taʼminlanadi.

Psixologik xizmat koʻrsatish haftaning seshanba va payshanba kunlari soat 10.00-17.00 da amalga oshiriladi. Psixolog maslahatini olish uchun kelgan mahalla aholisiga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida respondentlarni qayd etish yoki boshqa bir hujjatlarda rasmiylashtirish qatʼiy ravishda olib borilmaydi, shuningdek, suhbat jarayonlarining yopiqligi hamda oshkor boʻlmasligi taʼminlanadi. Mahalla ahli uchun psixologik koʻmak berayotgan mutaxassislarning telefon orqali anonim maslahat berish tizimi ham joriy etilgan.

Mahallada psixologik xizmat koʻrsatish tizimini rivojlantirish maqsadida harbiy xizmatchilarning oilalari oʻrtasida turli seminar va trening mashqlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan.

“Vatanparvar” mahalla fuqarolar yigʻini harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining xotirjamligini taʼminlash, farzandlariga haqiqiy gʻamxoʻr boʻlish kabi muhim vazifani bajarishda boshqa mahallalarga har tomonlama oʻrnak boʻlmoqda. Yurtimizning eng olis garnizonida joylashgan ushbu harbiy mahalla 2020-yilda Mudofaa vazirligi harbiy mahallalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng namunali harbiy mahalla fuqarolar yigʻini” koʻrik-tanlovida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan.

Harbiy shaharcha hududida joylashgan ushbu mahalla faoliyati 2018-yilda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, undagi jami 19 ta qoʻp qavatli uylarda 500 ga yaqin harbiy xizmatchilar hamda harbiy pensionerlar istiqomat qilishadi. Mahalla hududida bittadan umumtaʼlim maktabi hamda maktabgacha taʼlim muassasasi joylashgan. Mustaqilligimizning 29 yillik bayrami arafasida ushbu mahallada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, harbiy xizmatchilar uchun ikkita koʻp qavatli yangi uylar qurilib, uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida foydalanishga topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?