Nukusda yashirin yogʻ ishlab chiqaradigan sex aniqlandi

15:30 15 Sentyabr 2018 Jamiyat
345 0
Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Hidoyat Ahmedov/Qoraqalpogʻiston. Mamlakatimizda qonuniy tadbirkorlik uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Biroq oramizda faqat oʻz manfaatini oʻylab, nafaqat moʻmay daromad topishga urinayotganlar, balki bu harakat bilan insonlar hayotiga xavf solayotganlar ham uchrab turibdi.

Nukus tumanilik M. N. ana shundaylardan biri. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumani boʻlimi, tuman soliq inspeksiyasi hamda ichki ishlar boʻlimi hamkorligida oʻtkazilgan tadbir paytida u uyida yashirin sex tashkil qilgani maʼlum boʻldi.

Xususan, ushbu pinhona faoliyat davomida paxta chigitidan yogʻ va omixta yem tayyorlab kelingani aniqlandi. Olib borilgan tadbir natijasida huquqbuzardan qoʻlbola uskunalar hamda isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, yashirin sex faoliyati tufayli tuman elektr tarmoqlari korxonasiga katta miqdorda moddiy zarar keltirilgani isbotlandi.

Soxta tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?