Nukusda yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish boshlandi

15:04 19 Avgust 2019 Jamiyat
107 0

Hududlardagi korxonalarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani va barqaror ishlashi uchun zarur imkoniyatlar yaratib berilayotgani ishlab chiqarish hajmining ortishiga xizmat qilmoqda. Buni “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan elektrotexnika sanoatini rivojlantirish yoʻnalishidagi qator faoliyatlar misolida koʻrish mumkin. Nukus shahrida “Titan DSZ”masʼuliyati cheklangan jamiyati bugun aholining maishiy texnikalarga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi

Bu davlat rahbarining yaqinda sohada tub burilish yasagan “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosining dastlabki natijasi, deyish mumkin.

Prezidentimizning joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017-2018-yillar davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida aholini sifatli elektrotexnika mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha alohida topshiriq berilgan edi.

Loyihaning umumiy qiymati 1 mln. dollar boʻlib, yillik quvvati 50 ming dona yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqarishga moʻljallangan. Buning natijasida 30 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etildi. Mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish, “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida eksportbop mahsulotlarni tayyorlash, eng avvalo ichki bozor talablarini qondirish maqsadida korxona yillik ishlab chiqarish quvvatini oshirish rejalashtirilgan. Mahsulotlar ichki bozor talabini qondirishdan tashqari kelajakda eksportga yoʻnaltiriladi.

– Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda mazkur ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik, – deydi “Titan DSZ” MCHJ direktori Sulaymon Ubaydullayev. – Texnik-montaj ishlari nihoyalandi, Xitoydan olib kelingan liniyalar oʻrnatildi va dastlabki bosqichda yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Xorijning eng zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlangan korxonada bugun loyihaning keyingi bosqichini hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilayapti. Bu import oʻrnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli maishiy texnika vositalari bilan toʻldirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?