Nukusda harbiylar uchun bayram tuhfasi sifatida yangi uylar foydalanishga topshirildi

20:12 30 Avgust 2020 Jamiyat
240 0

Mustaqilligimizning 29 yillik bayrami arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida qurilgan 2 ta koʻp qavatli turar-joy binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi xonadon kalitlarini baxtli oilalarga topshirish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari Jengisbay Yembergenov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni Farhodjon Shermatov, Nukus garnizoni harbiy prokuraturasi rahbariyati, harbiy xizmatchilar oilalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qoʻmondon oʻz nutqida oxirgi yillarda harbiy sohaga boʻlayotgan eʼtibor tufayli harbiy qism va muassasalar, dala-oʻquv maydonlari infratuzilmasini takomillashtirish, yurt himoyasidek masʼuliyatli kasb egalari va ularning oila aʼzolariga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni uy-joy bilan taʼminlash, harbiy pensionerlarning ijtimoiy muhofazasi kabi masalalar dolzarb boʻlib kelayotganini eʼtirof etdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi harbiy-maʼmuriy sektori bilan hamkorlikda olib borilayotgan keng koʻlamdagi ishlarga alohida toʻxtaldi.

Tadbir davomida oxirgi 3 yilda birgina Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda 300 nafardan ziyod harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 8 ta uy qurilgani taʼkidlandi.

Nukus garnizonidagi “Vatanparvar” mahallasida bunyod etilgan 30 xonadondan iborat ikkita 5 qavatli shinam, barcha qulayliklarga ega boʻlgan yangi uylar yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan Vatan himoyachilariga oʻzgacha tuhfa boʻldi.

Taʼkidlash joizki, ayni kunlarda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan hamkorlikda Mudofaa ishlari boshqarmasining yangi binosini qurish, “Nukus” poligoni infratuzilmasini takomillashtirish borasida ishlar davom ettirilmoqda.

Tadbir davomida yangi xonadon egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirildi. Mehmonlar yangi xonadonlarga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar uylariga kirib, ularga oilaviy baxt va omad tilashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?