Nukus va Urganchdan 93 nafar harbiy xizmatchi Prezident nomidan koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi

15:18 18 Sentyabr 2020 Jamiyat
115 0

2020-yil butun insoniyatga ogʻir va sinovli kunlarni olib keldi. Bunday sinovli damlarni kundan-kunga taraqqiyot sari odimlab borayotgan mamlakatimiz ham, ming afsuski, boshidan oʻtkazishga majbur boʻldi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Shu yilning mart oyida Oʻzbekistonga kirib kelgan Koronavirus pandemiyasi xalqimiz bardoshini, davlatimiz qudratini, hukumatimiz gʻamxoʻrligini, yurtdoshlarimiz saxovatini haqiqatan ham jiddiy sinovdan oʻtkazdi.

May oyida esa mamlakatda yuzaga kelgan tabiiy va texnogen ofatlar Vatandoshlarimizni yana ham birlashtirib, xalqimizning mehr-oqibat, saxovat va himmat kabi yuksak fazilatlarini namoyon etdi.

COVID-19 pandemiyasi davrining sinovli kunlarida mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan hamda Sardoba suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishi tufayli yuzaga kelgan suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda mardlik, matonat va jasorat namunasini koʻrsatganlarning mehnati hukumatimiz tomonidan yuksak baholanib, ulardan bir guruh vatandoshlarimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Taʼkidlash joizki, yurtimiz va xalqimiz boshiga tushgan ana shunday sinovli kunlarda mehr-saxovat, mardlik va jasorat hamda olijanoblik koʻrsatib, tunu kun xalq va yurt dardi bilan yashab kelayotgan Vatan himoyachilarining kamtarona xizmatlariga ham yuqori baho berildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Nukus va Urganch garnizonida xizmat qilayotgan 93 nafar ofitser va serjantlarga Prezident nomidan “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini tantanali tarzda topshirar ekan, milliy armiyamiz har doim xalqimiz bilan birdam boʻlib, har qanday vaziyatda yurtdoshlarimizning tinchligini asrash, ularga yordam qoʻlini choʻzishga tayyor ekanligini isbotlab kelayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Soʻzga chiqqanlar butun dunyoda keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan, milliy qadriyat va anʼanalarimizni munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat, himmat va olijanoblik fazilatlarini ulugʻlab kelayotgan yurt himoyachilarini eʼtirof etishdi.

Tadbir davomida Prezident nomidan mukofotlar oʻz egalariga topshirilib, harbiy xizmatchilarga gʻurur va iftixor bagʻishladi.

Shuningdek, tadbir davomida mudofaa vazirining buyrugʻi bilan navbatdagi harbiy unvon olgan bir guruh harbiy xizmatchilarga unvonlar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?