Nukus garnizonida harbiy texnika va qurol-aslahalar yordamida koʻrgazmali mashgʻulot oʻtkazildi

10:43 12 Iyul 2020 Jamiyat
149 0

2020-yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yangi askarlarni milliy armiyamizda foydalaniladigan qurol-aslahalar, jangovar va harbiy texnikalar, harbiy xizmatchilarga belgilangan taʼminot meʼyorlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida koʻrgazmali oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻquv mashgʻulotini Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ochib berdi hamda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar milliy armiyamizning jangovar tayyorgarligi va qudratini yana-da oshirish, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimizning tinch-osoyishta hayotini taʼminlashga xizmat qilayotgani alohida taʼkidladi. Milliy armiyamizni takomillashtirish maqsadida zamonaviy texnika va qurol-yarogʻlar bilan butlash ishlari tizimli ravishda olib borilayotganini eʼtirof etdi.

Tashkil etilgan 7 ta oʻquv joyi va 28 ta oʻquv nuqtasida tajribali ofitser va serjantlardan iborat mashgʻulot rahbarlari askarlarga oʻqotar qurollar, jangovar, harbiy va maxsus texnikalarning vazifasi, qoʻllanilishi hamda ulardan foydalanilganda xavfsizlik qoidalariga amal qilish boʻyicha mashgʻulotlarni olib bordi.

Mashgʻulotda dala sharoitida ovqat tayyorlash uchun jihozlar, harbiy xizmatchilarga belgilangan oziq-ovqat va kiyim-kechak taʼminoti meʼyorlari, aloqa, tez tibbiy yordam koʻrsatish texnika va vositalari, muhandislik qurol va anjomlari haqida batafsil maʼlumotlar yetkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?