Nukus garnizonida askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi

09:01 13 Iyul 2020 Jamiyat
552 0

Joriy yil muddatli harbiy xizmatni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida oʻtash uchun kelgan ming nafarga yaqin yoshlar mana shunday sinovli damlarda yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrashni, uni himoya qilishni ahd qilib, Vatanga qasamyod qabul qilishdi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida oʻtgan tantanali tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlimi vakillari ishtirok etdi.

Tantanali marsh sadolari ostida maydonga Jangovar bayroq olib kirildi.

Shundan soʻng yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar karantin qoidalari va ijtimoiy masofalanish tartiblariga rioya etgan holda ona yurtimizning sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini soʻnggi nafasi qolguncha himoya qilishga ont ichib, birinchilar qatorida Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan yangi “Vatanga qasamyod” matni boʻyicha sodiqlikka ont ichishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining davlat madhiyalari yangradi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining askarlarga yoʻllagan tabriknomasini oʻqib eshittirdi.

Qoʻmondon Vatanga qasamyod qabul qilgani munosabati bilan tabrik nutqida askarlardan xizmati davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining boy tarixiy merosi, anʼana va urf-odatlarini chuqur oʻrganib, harbiy kasbni mustahkam egallab, amaliy koʻnikmalarni doimo oshirib borishni soʻradi.

“Aziz farzandlarim! Siz kabi vatanparvar, sadoqatli, fidoyi, zabardast yigitlarni voyaga yetkazgan va yurtimizni himoya qilish uchun harbiy xizmatga yuborgan ota-onalaringizga cheksiz hurmatimni bildirgan holda muhtaram Prezidentimiz va shaxsan oʻzim nomimdan minnatdorchilik bildiraman”, – dedi jumladan, polkovnik F.Shermatov.

Shuningdek, soʻzga chiqqanlar askarlarni unutilmas kun munosabati bilan tabriklab, ularga yuksak ishonch bildirishdi.

Taʼkidlash joizki, pandemiya bilan kurashish, Koronavirus yuqumli kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida yurtimizda karantin qoidalari kuchaytirilgani sabab, tantanali tadbirda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok eta olmadi. Ammo, harbiy okrug qoʻmondonligining tashabbusi bilan tadbirda oʻgʻlonlarning qasamyod qabul qilish jarayoni aks etgan fotosurat hamda videolavhalar har bir ota-onaga elektron shaklda mesenjerlar orqali yuborilishi taʼminlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining askarlarga sovgʻasi sifatida taqdim etilgan “Oʻzbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” kitoblari yigitlarga oʻzgacha quvonch bagʻishladi. Har bir askarga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining yoʻllagan nomma-nom tabriknomasi, yigit kishi hayotida bir marotaba boʻladigan Vatanga qasamyod marosimi haqida iliq taassurotlarning bir umrga muhrlanishini taʼminladi.

Tadbir davomida yaqindagina Qurolli Kuchlar saflariga kelgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qurol bilan koʻrgazmali saf va qoʻl jangining murakkab elementlaridan iborat boʻlgan chiqishlar, oʻqotar qurollarni koʻzi bogʻliq holda notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish boʻyicha mashqlar namoyish etildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestri jamoasi tomonidan milliy kuy va qoʻshiqlar tantanaga bayramona ruh bagʻishladi.

Tantanali tadbirdan soʻng or-nomusini oʻrtaga qoʻyib, qasamyod qilgan askarlar sharafiga bayramona dasturxon yozildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?