N.Telitsin: “ Jahon adabiyotiga Navoiy, Bobur kabi oʻnlab shoirlarni yetkazib bergan oʻzbek tili ulkan hurmatga munosib yetakchi tillardan biridir”

20:10 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
462 0

Navoiyda ona tilimizga Davlat tili maqomi berilib, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganligining 30 yilligi keng miqyosda nishonlanmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganligining oʻttiz yiligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu borada chinakam dasturilamal boʻlib, shu asosda bir qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar va badiiy kechalar uyushtirildi.

Mazkur sana munosabati bilan viloyatda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining ijodiy guruhi hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida viloyatdagi institutlar, taʼlim dargohlari hamda mehnat jamoalarida ijodiy uchrashuvlar, badiiy kechalar oʻtkazilib, poytaxtdan tashrif buyurgan sanʼat ustalari, taniqli adiblar, tilshunos olimlar hamda taʼlim fidoyilari oʻzbek tilining millat gʻururi va iftixori ekanligi, ona tilimizning insoniyat tamaddunida tutgan oʻrni haqida suhbatlar qurishdi. Chunonchi, Navoiy davlat Pedagogika institutida “Globallashuv sharoitida oʻzbek tili va oʻzga tillar munosabati: muammo va yechimlar” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazilib, unda taniqli tilshunos olimlar ishtirok etishdi.

- Jahon adabiyotiga Navoiy, Bobur kabi oʻnlab shoirlarni yetkazib bergan oʻzbek tili chindanam, ulkan hurmat va chuqur ilmiy tadqiqotga munosib yetakchi tillardan hisoblanadi, - deydi konferensiya ishtirokchisi, Sankt-Peterburg Davlat universiteti “Turkiy filologiya” kafedrasi mudiri Nikolay Telitsin. – Tabiiyki, ushbu sana munosabati bilan oʻtkazilayotgan anjumanda ishtirok etish, albatta biz olimlarga yangi-yangi tadqiqotlarga ilhom beradi.

Tantanalar avvalida ishtirokchilar viloyat markazidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, mumtoz adabiy tilimiz asoschisi siymosiga hurmat bajo etishdi.

- “Davlat til haqida”gi Qonun qabul qilinishi munosabati bilan shunday ulkan tadbirlarning uyushtirilishi, davlat miqyosida Qaror qabul qilinishi, toʻgʻrisi, biz olimlarning butun oʻzbek millatiga hurmat va tiliga eʼzozimizni yanada oshirdi va shu tilga yaqinligimizda gʻururlantirdi, - deydi M. Gorkiy nomidagi adabiyot instituti prorektori Lyudmila Sareva. – Globallashuv juda koʻplab tillar mustaqilligiga tahdid solayotganligini inkor etolmaymiz. Shu jihatdan Oʻzbekistonda davlat tiliga eʼtibor tahsin va ibratga loyiq.

Tantanalar dasturi doirasida “Farhod” madaniyat saroyida madaniy-maʼrifiy kecha oʻtkazilib, unda qutlugʻ sana munosabati bilan amalga oshirilgan tanlov va koʻriklarning gʻoliblari taqdirlandilar. Tilimiz sofligi oʻzga tillar bilan hamkorligi yoʻlidagi fidoyilar ragʻbatlantirildi. Badiiy konsert dasturi namoyish etildi.

- Bizning Anqara universitetimizda 1992-yildan beri oʻzbek tili darslarini oʻtib kelmoqdamiz, - deydi Anqara universiteti professori Aynur Oʻzjan. – Universitetimizda Turkiyadagi yetakchi taʼlim muassasalariga oʻzbek tili boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Bu albatta, tarixi, ildizi bir ikki tilning bugungi munosabatlarida ulkan yutuq. Shaxsan oʻzim oʻzbek tilini ikkinchi ona tilim, deb hisoblayman. Chunki turkiy tillar oilasida oʻzbek tili bosh boʻgʻinlardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, viloyatning barcha tuman va shaharlarida bayram munosabati bilan turli tadbirlar oʻtkazilib tantana qilindi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?