Novvoy nimadan norozi? Pastdargʻomdagi mutasaddilarning “oʻyinlari” haqida

18:39 11 Iyul 2019 Jamiyat
536 0

Foto: "Xalq so'zi"

Yaqinda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqot chogʻida, tadbirkorlar oʻzlarini qiynayotgan muammolar, banklar va tegishli xizmat koʻrsatuvchi tarmoqlar tomonidan sodir etilayotgan ovoragarchiliklar haqida ochiq-oshkora fikr bildirdilar.

Shunisi xarakterliki, yuzma-yuz muloqotda tegishli soha vakillari tadbirkorlar savollariga javob qaytarishdi. Javoblar zaldagilarni qoniqtirmagan hollarda muloqot kesatiq va mutoyibalarga ham ulanib ketdi.

– Toʻrt yildan beri novvoylik bilan shugʻullanaman deydi, - Pastdargʻom tumangaz boshligʻi Iskandar Xudoyqulov faoliyatidan norozi boʻlgan tadbirkor Ixtiyor Ergashev. – Avvaliga, “gaz idorasi bilan shartnomang yoʻq” deb jarimaga tortishdi. Qonun talabi boʻyicha risoladagidek hujjat tayyorlab ish boshlagach, bozorda teng boʻlmagan raqobat muhitiga duch keldim. Tumangaz va boshqalar bilan kelishib, ishlayotgan “tadbirkor novvoy”lar nonni savdo rastasiga ikki mingdan chiqarsa, men ikki ming ikki yuz soʻmdan chiqaryapman. Chunki, menda soliq yuki bor. Ularda esa bu majburiyat yoʻq.

Yigʻilishdan soʻng viloyat hokimligi koʻmagida tashkil etilgan guruh bilan tadbirkor faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni oʻrganish maqsadida, Pastdargʻom tumanida boʻlganimizda bir qator shaxslar noqonuniy faoliyat yuritayotganlari maʼlum boʻldi. Jumladan, “Pastdargʻomtumangaz” xodimlaridan biri Sherxon Narqulov, Oxunjon Shodiyev ismli shaxsga oʻz hovlisidan tadbirkorlik bilan shugʻullanishga joy ajratgani holda, novvoyxona gaz tarmogʻiga noqonuniy ulangani bilan qiziqmagan. Tegishli hujjatlarsiz jami besh kishining noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishiga yoʻl ochib bergan. Bu holatga soliq, tumangaz va majburiy ijro byurosi xodimlari ham tomoshabin boʻlib kelishgan.

Qizigʻi shundaki, noqonuniy novvoyxona tashkil etilgan hovlida, guruh tomonidan oʻtkazilgan kuzatuv kuniyoq, hovli egasi Meyli Narqulov darhol tadbirkor sifatida davlat roʻyxatdan oʻtkazib qoʻyildi. Shunaqasi ham boʻlar ekanda?

Demak, Pastdargʻomda tadbirkor faoliyatiga gʻov boʻlayotgan muammolar borligi, ular tuzatilish oʻrniga tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan xaspoʻshlanib, yashirilib kelinayotgani maʼlum boʻldi. Unga tuman hokimligidagilar nima derkin?

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?