Norindagi sobiq QFY binosi xususiy bogʻchaga aylantirildi

12:35 28 Noyabr 2018 Jamiyat
451 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Xalq soʻzi Online”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Norin tumanining Shoʻrariq mahallasida davlat-xususiy sherikchilik asosidagi birinchi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ish boshladi.

Muassasa sobiq “Paxtaqishloq” qishloq fuqarolar yigʻinining boʻsh turgan ikki qavatli binosi oʻrnida tashkil etildi. U maqsadli foydalanish sharti bilan xususiy tadbirkor Muqaddas Asiyevaga nol qiymatida taqdim etilgandi. Bu yerda qayta qurish va jihozlash tadbirlari uchun 490 million soʻm sarmoya yoʻnaltirildi.

“Muassasamiz 75 oʻringa ega boʻlib, taʼlim jarayonida bolalarga ingliz va rus tillari chuqur oʻrgatiladi. Keyinchalik ular qatoridan koreys tili ham oʻrin oladi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar gimnastika va raqs sirlarini oʻzlashtiradilar. Loyiha ijrosi natijasida yuzaga kelgan 16 ta ish oʻrniga mahallamizdagi til oʻqituvchisi va tarbiyachi mutaxassisligiga ega xotin-qizlarni qabul qildik”, - deydi M. Asiyeva.

Aytish lozimki, Norinda joriy yil ohiriga qadar yana uchta nodavlat taʼlim muassasasi foydalanishga topshirilib, 175 nafar jajjilarni oʻz bagʻriga oladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?