Norasidalar nasibasiga xiyonat. Maktabgacha taʼlim muassasalaridagi talon-torojliklar fosh etildi

18:28 13 Yanvar 2019 Jamiyat
731 0

Korrupsiya va jinoyatchilik jamiyat taraqqiyotiga raxna soladi, inson huquqlarini poymol etib, tinch hamda farovon hayotga zang tushiradi. Shu bois mamlakatimizda mazkur illatlarga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Natijada jinoyatlar oʻz vaqtida aniqlanib, qonunbuzarlarga tegishli choralar koʻrilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi ichki audit xizmatining 2018 yil davomida bu borada amalga oshirgan ishlari qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqishi haqidagi xalqimizning purmaʼno hikmatida naqadar katta hayotiy haqiqat mujassam ekanini yana bir bor koʻrsatdi.

Auditorlar olib borilgan ishlar haqida muntazam ravishda maʼlumotlar berib bormoqda. Jumladan, 2018 yil yakunlari boʻyicha sohada 11 mlrd. soʻmlik moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan va 278 ta oʻrganish hujjati qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. Jami aniqlangan ­moliyaviy qonunbuzilishlarning 47,6 foizini kamomad va noqonuniy xarajatlar, 27,6 foizini davlat ­xaridi qonunchiligi buzilishi, 17,2 foizini byudjet mablagʻlarini notoʻgʻri rejalashtirish va 7,7 foizni moddiy boyliklar ortiqchaligi hamda boshqa holatlar tashkil etgan.

Oylik olgan “oʻlik jonlar”

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, noqonuniy xarajatlarning 40 foizi maktabgacha taʼlim muassasasiga (MTM) turli lavozimlarga rasmiylashtirilgan, lekin haqiqatda ishlamagan xodimlarga oylik sifatida berilgan. Bu yoʻl bilan bogʻcha mudiri nomi boru oʻzi yoʻq xodimlarga yozilgan ish haqlarini noqonuniy oʻzlashtirgan, “oʻlik jon” xodimlar esa noqonuniy mehnat stajiga ega boʻlgan — mashhur komedik filmda aytilganidek, ishlamasdan “tishlab” kelgan.

— Koʻp holatlarda tarbiyachi, tarbiyachi yordamchisi, kir yuvuvchi, oshxona ishchisi, farrosh oʻrinlariga ishga joylash soxtalashtirilmoqda, — deydi Maktabgacha taʼlim vazirligi ichki audit xizmati boshligʻi Dilshod ­Normatov. — Bu esa, oʻz navbatida, muassasa faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatyapti. Masalan, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan MTMda 19 nafar ishlamagan xodim uchun 592 mln. soʻm, Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi 6-MTMda 100 mln. soʻmdan ortiq, Pastdargʻom tumanidagi 38-MTMda 60 mln. soʻm, Xorazm ­viloyati Urganch tumanidagi 4-MTMda 46 mln. soʻm, Toshkent shahridagi 596-MTMda 30,4 mln. soʻm, Uchtepa tumanidagi 244-MTMda 22,8 mln. soʻm ish haqlari asossiz hisoblangan.

Noqonuniy xarajatlarning yana bir turi xodimlarga soxta ish haqi va mukofot pullari yozishdir. Masalan, Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi 14-MTMda toʻlov qaydnomalari orqali 20,8 mln. soʻm naqd pul xodimlarga berilmasdan gʻaznadan asossiz hisobdan chiqarilgan. Xuddi shunday holat Sharof Rashidov tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan MTMda (17,3 mln. soʻm), Shovot tumanidagi 14-MTMda (35 mln. soʻm) ham kuzatilgan.

Bundan tashqari, oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlarida ota-onalarning bolalar taʼminotiga toʻlagan pullari va homiylik pullarini gʻaznaga kirim qilmaslik holatlari aniqlanmoqda. Shuningdek, MTMga bolalar yoʻllanmasiz qabul qilinib, ular uchun toʻlangan badal pullari ham gʻaznaga emas,MTM rahbarining choʻntagiga tushmoqda. Masalan, Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 226-MTMda 120,6 mln. soʻm, Jizzax shahridagi 24-MTMda 64,3 mln. soʻm, Andijon viloyatining Xonobod shahridagi 1-MTMda 38 mln. soʻm, Samarqand ­viloyatining Pastdargʻom tumanidagi 36-MTMda 17 mln. soʻm, Samarqand shahridagi 58-MTMda 20 mln. soʻm ota-onalarning bolalar taʼminotiga toʻlagan pullari ana shunday ­“qismatga”ga duchor boʻlgan.

Soxta hujjatlar, noqonuniy daromadlar

Davlat xaridlari (tovar, ish, ­xizmatlar) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim. Bunga rioya etmaslik oliyaviy qonunbuzilishga yoʻl qoʻyilganligidan ­dalolat beradi. Davlat xaridi qoidalari har bir taʼminotchi oʻz mahsuloti va narxlarini erkin taklif qila olishi hamda sogʻlom raqobat muhitida buyurtmaga ega boʻlishini ­taʼminlaydi. Taʼminotchini tanlash faqat rahbarga bogʻliq boʻlmasa, ­korrupsiya xavfi ham kamayadi.

Fargʻona viloyatining Dangʻara tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan 249 mln. soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha shartnomalar tanlov oʻtkazish xarid komissiyasining xulosasisiz va yurist imzosisiz tuzilgan. Auditorlar tomonidan ushbu shartnoma boʻyicha goʻsht mahsulotlari 9 mln. soʻmga qimmat narxlarda olinganligi va mahsulotlar sifatsizligi aniqlangan.

Shuningdek, auditorlar tomonidan shartnomalar boʻyicha mahsulotlar haqiqatda yetkazib berilmasdan, soxta hujjatlar asosida taʼminotchilarga mablagʻlarni oʻtkazib berish holatlari kuzatilgan. Misol qilib, Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan bolalar mebellari uchun 11,5 mln. soʻm, Buxoro viloyatining oʻijduvon tumanidagi 40-MTMga choyshablar uchun 10 mln. soʻm, Buxoro shahar 42-MTMda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 49 mln. soʻm soxta hujjatlar asosida oʻtkazilgan va bu mablagʻlar noqonuniy daromad manbaiga aylangan.

Goʻsht kanalizatsiyada saqlanadimi?!

Auditorlar tomonidan oʻtkazi­layotgan oʻrganishlarda, albatta, moddiy boyliklar inventarizatsiyasi tashkil etiladi. Uning natijasida aniqlangan kamomad mulkning talon-toroj qilinganligi ehtimolidan dalolat beradi. Sodda qilib aytganda, oziq-ovqat mahsuloti kamomadi, bu — mahsulotlarning bolajonlar taomigacha yetib bormasligidir. Ortiqcha chiqqan mahsulotlar esa aksariyat holatlarda hujjatlarga soxta yozuvlar kiritish oqibatida hosil boʻladi. Masalan, ular taom pishirishda “ishlatilgan” deb koʻrsatiladi, lekin haqiqatda qozonga solinmaydi.

Tekshiruvlar chogʻida ana shunday mahsulotlarni turli joylarga bekitishga urinish holatlari kuzatilgan. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 596-MTMda tarozi ostiga va yashirin xonaga, Sergeli tumanidagi 292-MTMda choyshablar orasiga, Xorazm viloyati, Yangiariq tumanidagi 5-MTMda elektroshit xonasiga, Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi 8-MTMda kir yuvish xonasiga yashirib qoʻyilgan. Yashnobod tumanidagi 596-MTMda 11,7 kg. goʻsht, 10,9 kg. pishgan goʻsht, 4 kg. tovuq goʻshti, 23,8 kg. shakar, 0,65 kg. choy, 1,45 kg. qand, 5,5 kg. sariyogʻ, 100 dona tuxum, 2,5 litr sut koʻzdan pana qilingan.

 

 

Jizzax shahridagi 39-MTMda 27 kg. goʻsht mahsuloti kanalizatsiya chuquridan topildi. “Ajabo, goʻshtni kanalizatsiya chuqurida saqlab kelganmikan?” deya yoqa ushlayotgan boʻlsangiz, vaziyatni oydinlashtiramiz: bolalarning bu nasibasini auditorlar tekshirayotganda muassasa xodimlari hech kim payqamasligi uchun aynan shu joyga bekitishgan. Yaʼni oʻz qingʻirliklarini yashirish uchun toza, ozoda, isteʼmol qilishga yaroqli neʼmatni iflos, isqirt joyga tashlashgan. Bu holatga izoh berishga soʻz topolmaysiz. Haromdan hazar qilmagan, uvoldan qoʻrqarmidi?!

 

Shuningdek, MTM xodimlari tomonidan taomnomalarga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishlar kiritilib, soxtalashtirilmoqda. Namangan viloyatining Namangan tumanidagi 11-MTMda oshxonadagi taomnoma oziq-ovqat mahsulotlarini hisobdan chiqarish uchun buxgalteriyaga topshirilgan taomnoma bilan solishtirilganda, bir-biriga toʻgʻri kelmasligi, natijada 14,7 mln. soʻmlik mahsulotlar ortiqcha hisobdan chiqarilgani aniqlandi.

Ochiqlik va shaffoflik ota-onalarga ishonch beradi

Tegishli moliya yili uchun maktabgacha taʼlim muassasasiga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmi muassasalar tomonidan berilgan hamda boshqa bir qancha koʻrsatkichlar eʼtiborga olingan holda aniqlanadi. Masalan, notoʻgʻri hisob-kitoblar natijasida ortiqcha shtat birligi kiritilsa, byudjetdan ortiqcha mablagʻ rejalashtirilishiga sabab boʻladi. Ortiqcha rejalashtirilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida aniqlanishi esa maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka asos boʻluvchi noqonuniy xarajatlarning oldi olinishi, demakdir.

Masalan, Sirdaryo viloyatining ­Guliston shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan bogʻchalarning shtatlar jadvaliga 8,5 ta ortiqcha shtat birligi kiritilishi natijasida 29,7 mln. soʻm ortiqcha byudjet mablagʻlari rejalashtirilgan.

Maktabgacha taʼlim tizimidagi bu qonunbuzarlar oʻz qilmishlariga ­yarasha jazo olishi muqarrar, ammo ularning norasidalar haqidan qoʻrqmagani kishini jiddiy oʻyga soladi. Axir, qanday qilib inson bir begʻubor goʻdakning qoʻlidagi luqmasini tortib olib boshqasiga — oʻz farzandiga tutadi, ularni yedirib-ichiradi?! Bolalarning rizq-nasibasini “tuya qilib”, oʻz jigʻildonidan oʻtkazadi?! Halol-haromdan qoʻrmaydigan bunday insonlar oq-qorani endi anglayotgan bolalarga qanday tarbiya beradi, qaysi ishi bilan ularga ibrat boʻladi?

Bolalarni maktabgacha qamrab olishni yanada kengaytirishga qa­ratilgan ishlar jarayonida mutasaddi idoraning oʻz faoliyatida ochiqlik va shaffoflikka intilayotgani, tizim imijiga putur yetkazuvchi illatlarga qarshi kurashishda jamoatchilik fikri hamda yordamiga ham tayanayotgani quvonarli hol. Zero, sohada qonunbuzarlik holatlarini aniqlash boʻyicha olib borilayotgan bunday tadbirlar bogʻcha mudirlarini hushyor torttirib qolmay, oʻzlarining insoniy fazilatlari, eʼtiqodi va maʼnaviy saviyasi haqida ham jiddiy oʻylab koʻrishga undaydi.

Dilshod KARIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?