Noqonuniy muomaladagi dorilar aniqlandi

10:23 23 Iyul 2020 Jamiyat
261 0

Departament organlari tomonidan dori vositalarining noqonuniy ishlab chiqarilishi va sotilishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha axborot berildi. Rasmiy maʼlumotlar Bosh prokuratura Matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.

Joriy yilning 6 oyi davomida, Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan bogʻliq 21 ta holat aniqlanib, noqonuniy muomalada boʻlgan 737 020 ming soʻmlik dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.

Chilonzor tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda “A.V.F” MCHJga qarashli dorixonada oʻtkazilgan tezkor tadbirda, jamiyat rahbari A.I. va dorixonaning norasmiy sotuvchisi I.K.lar 4 dona “Regapen 150 mg” dori vositasining har bir donasini 15 ming soʻmdan hisoblab jami 60 ming soʻmga fuqaro M.Sh.ga sotishgan vaqtda ushlanib, 780 ming soʻmlik xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalari va ushbu dorilar savdosidan tushgan
7,7 mln. soʻm ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari A.I. va norasmiy sotuvchi I.K.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 251*1-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Fargʻona viloyati boshqarmasi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.X. 250 dona “Tramadol Lannaxer 50 mg” dori vositasini fuqaro A.X.ga 2,5 mln. soʻmga sotishga kelishib, shundan 100 donasini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro B.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Chilonzor tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “K.F.” MCHJga qarashli dorixona rahbari A.A. xorijda ishlab chiqarilgan 14 dona “Regapen 300 mg” dori vositasining har bir donasini 40 ming soʻmdan hisoblab jami 560 ming soʻmga fuqaro B.N.ga sotgan vaqtida ushlanib, noqonuniy muomalaga kiritilgan 14 dona “Regapen 300 mg” dori vositasi va dorixonada noqonuniy ravishda muomalaga kiritish maqsadida saqlanayotgan 905 dona “Regapen 300 mg” dori vositasi jami 46 mln. soʻmlik xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalari hamda ushbu dori vositalari savdosidan tushgan 10,8 mln. soʻm ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 251*1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Andijon tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon tuman boʻlimi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro N.U. 15 dona “Tropikamid Sterilno 1,0 %, 10 ml” va
42 dona “Lyrica Kapsul Pregabalin 300mg” nomli dori vositalarini jami
2,5 mln. soʻmga fuqaro Sh.Q.ga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro N.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 251*1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Yunusobod tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.R., O.Yu. va boshqalar oʻzaro oldindan til biriktirib, 100 quti “Ergoferon” dori vositasining har bir qutisini 130 ming soʻmdan hisoblab, jami 13 mln soʻmga fuqaro Sh.K.ga qonunga hilof ravishda sotishgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.R., O.Yu. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186*3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?