“Noqonuniy harakatlar” aslida ham noqonuniymi?

09:11 11 Oktyabr 2019 Jamiyat
75 0

Kun.uz, Qalampir.uz, Gazeta.uz saytlarida “Gaz sohasidagi monopolistning 188 milliard soʻmlik noqonuniy harakatlariga barham berildi”mazmunidagi sarlavha ostida maqolalar eʼlon qilindi. Unda Respublika Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida noqonuniy harakatlar aniqlanayotgani haqida maʼlumotlar va hududlar kesimida roʻyxat keltirilgan.

“Oʻztransgaz” Aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari fikricha maqolada keltirilgan faktlarni notoʻgʻri deb boʻlmaydi. Ammo “188 milliard soʻmlik noqonuniy harakatlar” degan jumla nooʻrin qoʻllanilgan. Chunki,amaldagi meʼyoriy hujjatlar boʻyicha barcha ulgurji isteʼmolchilarga shartnomaviy talablar hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi VMQ-22-son qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ida keltirilgan talablarga koʻra tabiiy gaz yetkazib beriladi va shu gaz uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlovlar amalga oshiriladi, deb yozadi “Oʻztransgaz” AJ axborot xizmati .

Yuqoridagi qarorning 2-ilovasiga asosan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 111 bandida isteʼmolchilar hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin shartnomada koʻrsatilgan oylik tabiiy gaz hajmi qiymati summasining 100 foizi miqdorida gaz taʼminoti tashkilotiga oldindan toʻlovlarni amalga oshirishlari belgilangan.

Ushbu bandning 2-xat boshiga asosan Byuroga bildirgi tartibida murojaat qilingan holda hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin hisob-kitobni 50 foiz oldindan haq toʻlash asosida amalga oshirishi mumkin, hamda amalda isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmi uchun yakuniy hisob-kitob hisobot oyining oxirigacha amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorning 107-moddasida tabiiy gaz uchun isteʼmolchining toʻlov muddati oʻtgan qarzi mavjud boʻlgan taqdirda, uning avans toʻlovi hisobiga oʻtkazilgan mablagʻlari isteʼmolchini xabardor qilgan holda, toʻlov muddati oʻtgan qarzni toʻlashga yoʻnaltiriladi va avans toʻlovi sifatida hisobga olinmasligi qayd etilgan.

Lekin istemolchilar, meʼyoriy hujjatlar va shartnoma talablarini bajarmasdan, yaʼni hisobot oyi tugagandan keyin kelgusi oyning 10 sanasigacha yakuniy hisob-kitoblarni bajarmasdan, oʻtgan hisobot oyi uchun debitor qarzdorligi mavjud boʻla turib, narx-navoning oʻzgarishini bilgan holda kelgusi oyning 14 sanasida toʻlovni amalga oshirish holatlari kuzatilgan. Yaʼni, hisobot oyi uchun yakuniy hisob-kitoblarni taʼminlamasdan, 14 sanadagi toʻlovni kelgusi oy uchun avans toʻlovi deb eʼtirof etilgan holatlar aniqlangan. Bu esa hisob kitoblarning aniqligiga shubha uygʻotadi.

Maqolada keltirilgan holatlarda respublikadagi gaz taʼminoti korxonalari tomonidan ulgurji isteʼmolchilar bilan shartnoma imzolash davrida isteʼmolchilarning faoliyat yoʻnalishlari belgilanmagan. Ayrim ulgurji isteʼmolchilar misolida qaraydigan boʻlsak, ular oʻz uylarida Oilaviy korxona shaklida restoran yoki kafelarni tashkil etishgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining №PQ-3379-sonli qarorida tabiiy gaz oshirilgan tariflarda sotilishi belgilangan isteʼmolchilar roʻyxati keltirilgan. Ushbu roʻyxatda restoran va kafelarga ham 1 kub.metr tabiiy gaz uchun 1000 soʻmdan hisob-kitob qilinishi koʻzda tutilgan. Ammo, hozirgi kunda energoresurslarning narxlari tabaqalangan tarzda oshirilishi munosabati bilan isteʼmolchilarimiz, ayniqsa restoran va kafelar Oilaviy korxona shaklida qayta roʻyxatdan oʻtmoqda. Buning sababi Oʻzbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonunidagi 28-moddasiga asosan Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning oʻzida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari, yaʼni tabiiy gaz haqini aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshiradi.

Birgina 2018-yil davomida narxlarning tabaqalanishi oqibatida, 12 mingta Xususiy korxona-Oilaviy korxona sifatida qayta roʻyxatdan oʻtgan. Bu esa tadbirkorlarning imtiyozli narxlarda tabiiy gaz toʻlovlarini amalga oshirish uchun qilgan xatti-harakatlaridir.

Isteʼmolchilar oʻz Nizomlarida asosiy faoliyat turlaridan tashqari yana bir qancha faoliyat turlarini koʻrsatib oʻtishgan. Ammo meʼyoriy hujjatlarga asosan isteʼmolchilarning faoliyat turlari oʻrganilganda, isteʼmolchilarga oshirilgan narxlarda tabiiy gaz sotilishi lozimligi aniqlanmoqda.

Bu ulgurji isteʼmolchilar tomonidan oldindan toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmaganligi tufayli kelib chiqqan anglashilmovchiliklar boʻlishi yoki hisob-kitoblarni amalga oshirishda metodologik yondashuvdagi hatolik boʻlgan boʻlishi ham mumkin. Lekin, maqolaning-mablagʻlarning oʻzlashtirilishi degan mazmunda yoritilishi qanchalik toʻgʻri ?!

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining ajrimlarida gaz taʼminoti korxonalariga bir oy ichida qayta hisob-kitoblarni amalga oshirilishi belgilangan. Gaz taʼminoti korxonalari tomonidan tabiiy gazdan mavsumiy va doimiy foydalanadigan isteʼmolchilar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan aniqlangan miqdorlar qayta hisob-kitob qilinadi. Avans tariqasida toʻlangan toʻlovlar miqdori kelib chiqsa, bu toʻlovlar miqdori korxonalarning keyingi davrda oladigan tabiiy gaz hajmlari uchun hisob-kitob qilinishi mumkin.

Xulosa shuki, shartnomada koʻrsatilgan shartlarga isteʼmolchi va taʼminotchi birdek 100 % amal qilishi kerak. Shundagina, oʻtkazilgan tekshiruvlar aniq va xolis kechishiga erishish mumkin.

Internet sahifalaridagi maqolalarda keltirilgan maʼlumotlardan tadbirkorlik subyektlari yoki aholining xavotirlanishlariga asos yoʻq deb oʻylaymiz.

Bunday holatlarda turli qarorlar qabul qilish nooʻrindir va isteʼmolchi bilan taʼminotchi orasida vujudga kelgan barcha nizolar oʻrnatilgan tartibda sud qarorlariga asosan hal etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?