Noodatiy Boysun daralari, sharsharalari, g‘orlari og‘ushida yoxud ovring bo‘ylab fotosayohat

18:20 07 Iyun 2018 Jamiyat
1297 0

“UAZ”da jo‘shib oqayotgan daryoni kesib o‘tish, dara bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish, sharshara ostida turish, makkajo‘xori maydoni oldida surat tushish, dinozavrlar izini ko‘rish, muzdekkina buloq suvida chanqoqni qondirish, so‘ngra oxiri ko‘rinmaydigan tosh so‘qmoqda qo‘shni qishloqqa yetib borish(boshqa yo‘li ham yo‘q-da)...

Bir necha kun davomida o‘zbekistonlik va rossiyalik jurnalistlar Boysundagi ana shunday manzaralar va tabiatning boshqa durdonalari guvohiga aylandi. Ektremal media ekspeditsiya Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi tomonidan UzWaterAware loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirildi. Mazkur ajoyib safar O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan Markaziy Osiy ekologiya forumi paytida o‘tkazilgani esa yanada maroqlidir. 

Demak, birinchi kuni boshni aylantiradigan azim tog‘ daralari tomon yo‘l oldik. Tosh devorlar orasidan oqib chiqayotgan suv o‘z yo‘lida ko‘pirib, ajoyib naqshlarni hosil qilardi. Darband darasi qachonlardir bu maskandan karvon yo‘llari, sarkardalar qo‘shinlari o‘tgani bilan mashhur. Uning chap tomonidan tik tushgan Zindomak g‘origa ko‘zimiz tushdi. Afsonalarga ko‘ra, Xo‘jamoy o‘z xalqini qurg‘oqchilikdan qutqarish uchun Yaratgandan najot so‘raganda, uzoq dara bo‘ylab yursa, ulkan qoya ostida bir joy kelishi haqida belgi kelgan. U aytilgan manzilga borib, hassasi bilan bir urganda, g‘ordan baliqlarga mo‘l bo‘lgan suv mabai otilib chiqqan ekan.

Yo‘l bo‘ylab, tik qoyalar va keskin burilishlarni asta aylanib o‘tar ekanmiz, qarshimizdan Kaptarxona darasi chiqdi. U doimiy ravishda nurab borgani uchun devorlarida shunday o‘yiqlar paydo bo‘lganki, sayyohlar unga chiqib olib, bemalol suratga tushishlari mumkin. Va ular bu yoqimli ishni do‘ndirishadi ham. Bu yerga tog‘ ekstrimi shinavandalari, qoya zabt etuvchilar, arxeologlar tashrif buyurishi odatiy holga aylangan.

Aytgancha, Padang qishlog‘i yaqinida anomal gravitatsiya holatiga duch kelish mumkin. Agar mashinani qoldirib uzunligi 50 metr bo‘lgan tepalikka chiqilsa, avtomobil o‘zidan-o‘zi, haydovchisiz yuqoriga qarab harakatlanadi. Suv ham bu yerda teskari oqadi. Bundan hayratda qolgan OAV vakillari qatori biz ham sirni topish uchun mehmonxonaga qaytdik.

Kun botar paytida ijodkorlar “Sirli O‘zbekiston” turistik jamiyatining tajribali gidlari kuzatuvida “UAZ”ga o‘tirib, tor tog‘ so‘qmoqlari bo‘ylab o‘tadigan va oson bo‘lmagan mashaqqatli yo‘lga otlandilar. Safar archalarga burkangan Zaurboshi darasidan boshlandi. Havo shunaqangi musaffo edi-ki!? Agar yuqoridan pastga qarasangiz o‘zingizni xuddi Toshkent teleminorasi tepasida turgandek his etasiz. Osmonda yirtqich qush o‘z o‘ljasini poylab uchib yuribdi. Balki uni tutishi bilan chiqish qiyin bo‘lgan tik qoyadagi uyasiga olib ketsa kerak. Daryo oqimi bo‘ylab, qizil tuproqdan barpo etilgan o‘ziga xos qishloqlar, sharsharalar, oxiri yo‘q so‘qmoqlar bo‘ylab jamoamiz baland tog‘da joylashgan ovulga yetib keldi.

Biologiya fanlari doktori bo‘lgan gidimiz Sharof Egamberdiyevning so‘zlariga qaraganda, tashqi dunyodan uzilib qolgan va yetib borish qiyin bo‘lgan joylarda hayratlanarli me’moriy yechimlarga guvoh bo‘lish mumkin ekan. Ulardan biri ovring*lardir.

Shunday ekan, bu qishloqni tashqi olam bilan bog‘lab turuvchi yagona yo‘ldir. Mahalliy aholi o‘rtasida “Ovringdagi yo‘lovchi kiprikdagi yoshga o‘xshaydi” degan gap ham yuradi.

O‘n ikki kishidan faqat uch nafari, jumladan, shu satrlarni yozayotgan muallif ham uzunligi 500 metr bo‘lgan so‘qmoq orqali tepalikka ko‘tarila oldi. U yerda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan oqbosh qumoyning boshimiz uzra bor go‘zalligini ko‘z-ko‘z qilib uchib yurganini ko‘rdik. Miriqib tomosha qildik, estetik zavq oldik. Demak, mashaqqatimiz mukofotsiz qolmadi.

Sarguzashtlarning uchinchi kun O‘zbekistondagi eng katta sharsharaga borish bilan yodda qoldi. Minglab odamlar Sariosiyo tumaniga aynan Sangardakni ko‘rish va buloq suvidan bahramand bo‘lish uchun keladi. Juda balanddan tushayotgan suv qoyalarga uriladi, mayda-mayda tomchilarga aylanib, atrofda o‘ziga xos mikroiqlim hosil qiladi.

Jurnalistlar guruhi, shuningdek, Nilu degan o‘ziga xos va noyob qishloqqa ham bordi. Unga kiraverishda yovvoyi pistalar, anjirlar, chilonjiydalarga duch kelasiz, hamma joyda yorqin sariq rangdagi shirach o‘sib yotibdi. U yerdagi qulochi 25 metr qalinlikdagi chinor beixtiyor barchani diqqatini o‘ziga tortdi.

Yaqinida baliqlar suzib yurgan muqaddas hovuz bor. Azim daraxt aynan shu obi hayot tufayli ungan va tirik. Sh. Egamberdiyevning aytishicha, bu joyda suv sathi yil davomida bir me’yorda saqlanib turadi. Qishloqda yashaydigan 1500 aholi uchun maxsus kanal orqali suv chiqarilgan.

Tuproqli uylardan turfa ranglarda do‘ppi kiygan bolalar chiqib keldi. Tor ko‘chalar bo‘ylab yugurishdi. Ularning qo‘llarida suv idishlarni ko‘tarib olishgan edi.
Dinara Chirkova,
“Xalq so‘zi” fotomuxbiri.
Muallif olgan suratlar.

* Ovring — tog‘lik hududlarda tik tog‘ yon bag‘irlaridan o‘tgan tor yo‘llarning ilmiy adabiyotda qabul qilingan nomi. Ovring qoyalarni o‘yib, mustahkam qoziqlar ustiga shox-shabbalar to‘shab ishlanadi. O‘tib bo‘lmaydigan joylarga osma ko‘priklar quriladi. Tik silliq qoyaga baland zinapoyalar osib qo‘yiladi. Ba’zan qoyaning tepasiga katta qoziqlar qoqiladi, pishiq novdalardan eshilgan arqon halqa shu qoziqlarga osiladi. Arqon halqalarning pastki uchiga g‘o‘lalar yotqiziladi. Kishilar ana shu g‘o‘lalar ustidan yuradi. Ovringlar, asosan, piyoda yurishga mo‘ljallangan. Ba’zi qismlarida eshak-otlarda o‘tsa ham bo‘ladi. Ovringarni tepadan tushgan suv, toshlar va qor ko‘chkilari ishdan chiqaradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?