Nonvoyxonada elektr yoʻq, xamir esa achib qolmoqda

14:44 26 Sentyabr 2019 Jamiyat
127 0

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga qilgan murojaatiga koʻra, Sirdaryo viloyati kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari tomonidan uning Sirdaryo shahar, Navoiy koʻchasi, 148-sonli boʻsh turgan xonadoniga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani toʻgʻrisida aytilgan.

Qoʻmitaning Sirdaryo tumanidagi hududiy boshqarmasi xodimlari murojaatda keltirilgan holat yuzasidan Sirdaryo viloyati gaz va elektr taʼminoti korxonalari, “Suvoqava” va “Toza hudud” DUKlarning tuman boʻlinmalari mutaxassislari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda oʻrganish ishlarini oʻtkazdilar. Natijada, murojaatda keltirilgan holatlar boʻyicha yuzaga kelgan ziddiyatlar isteʼmolchining foydasiga hal etilishiga erishildi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

Xuddi shu kabi, Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro D. Nabiyev ham oʻz murojaatida quyidagi muammoga duch kelganini bayon qilgan.

Fuqaro D. Nabiyev yaqinda oʻzi tashkil etgan oilaviy biznesning rahbari, yaʼni u oʻziga qarashli uy hududida nonvoyxona ochgan. Hammamizga maʼlum, nonni yopish uchun ham gaz, ham elektr energiyasi ham suv kerak. Elektr energiyasini tez-tez oʻchirib qoʻyilishi oqibatida tadbirkor sezilarli zarar koʻra boshlagan, yaʼni xamir achib qola boshlagan. Tabiiyki achigan xamirdan non yopib boʻlmaydi – natija maʼlum: yopilayotgan non hajmi qisqarishi oqibatida mijozlar soni kamaygan, bu esa uning olayotgan daromadiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan.

Tadbirkorning elektr tarmoqlari korxonasiga elektrni oʻchirib qoʻyish sabablarini soʻrab qilgan murojaatiga u yerdan “elektr energiyasini tejash” maqsadida tizimli oʻchirishlar amalga oshirilayotgani toʻgʻrisida maʼlum qilingan, biroq ular bu toʻgʻrisida isteʼmolchilarni ogohlantirmaganlar.

Fuqaro D. Nabiyev murojaatida elektr energiyasini tejashga qarshi emasligi, biroq uzilishlar toʻgʻrisida oldindan ogohlantirilsa, u ham shunga qarab oʻz faoliyatini davom ettirishi, asossiz zarar koʻrishni toʻxtatishi mumkinligini bayon qilgan.

Ushbu murojaat yuzasidan olib borilgan oʻrganishlar natijasida, elektr taʼminoti korxonasi tomonidan elektr taʼminotini tizimli oʻchirilishi toʻgʻrisida isteʼmolchilarni oldindan xabardor qilmasliklari Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida” va “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi qonunlari talablarini buzilishi deb topildi va “Sirdaryo mintaqaviy elektr tarmoqlari” AJ nisbatan ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatma berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?