Nomi boru oʻzi yoʻq dorixonalar

15:29 11 Fevral 2019 Jamiyat
649 0

“Xalq soʻzi online”. Istam Ibrohimov/Buxoro. “Issiq jon isitmasiz boʻlmas”, deyishadi. Tobimiz qochganida shifokor xizmatiga ehtiyoj sezamiz. U qoʻlimizga tutqazgan retseptni olib dorixonani izlab qolamiz. Negaki, sogʻayib ketishimiz dori-darmonga bogʻliq.

Mana shu hayotiy ehtiyojlardan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining farmatsevtika sohasini tubdan isloh qilish, aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga qaratilgan Farmon va qarorlari qabul qilingan. Ularga muvofiq, aholiga, xususan, chekka hududlarda yashovchi fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ijtimoiy dorixonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan. Bu oʻrinda Prezidentimizning 2018 yil 14 fevraldagi “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojdantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini eslashning oʻzi kifoya.

Joylarda shu muhim hujjatning ijrosi qanday bajarilmoqda? Aholi ijtimoiy dorixonalar xizmatidan rozimi? Muxbirimiz Buxoro viloyati misolida shu mavzuda surishtiruv oʻtkazdi.

Qogʻozda hammasi joyida

Maʼlumotlarga qaraganda,viloyatda “Buxoro dori-darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 200 atrofida ijtimoiy dorixona va ularning shoxobchalari tashkil etilgan. Ular ijtimoiy ahamiyatga ega dorilar va tibbiy buyumlar bilan taʼminlangan.

Jamiyat hamda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi koʻmagida ijtimoiy dorixonalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Nomutaxassis xodimlar farmatsevtika yoʻnalishi boʻyicha qayta tayyorlovdan oʻtkazildi. Jamiyat tarkibidagi maxsus avtomashinalar yordamida chekka hududlarda yashayotgan aholi uchun koʻchma ijtimoiy dorixonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularning harakat grafigi ishlab chiqilgan.

Bir qarashda hammasi joyida. Ammo amalda-chi?

Vobkent tumanidagi Yangikent qishloq vrachlik punktidamiz. Maskan bir paytlar dala shiyponi vazifasini oʻtash uchun qurilgan binoda joylashgan. Shart-sharoit haminqadar. Xonalar sovuq. Oʻtirgani yurak betlamaydi. Naqadar gʻalati tuyulmasin, shifo maskanida shamollab qolish hech gap emas. Vaholanki, u oz emas, koʻp emas, 4200 nafardan ziyod aholiga xizmat koʻrsatadi. Mudira Halima Gʻafforovaning bildirishicha, zararsizlantirish xonasi va hatto qorovulxona ham yoʻq. Koʻcha tomonda yirik harflar bilan “Ijtimoiy dorixona” deb yozib qoʻyilgan. Mudira bizni dorixona uchun ajratilgan xonaga boshladi. Xonada toʻrt devordan boʻlak hech vaqoni uchratmadik. “Farmatsevt mutaxassis topilmayotgani uchun dorixona ish faoliyatini boshlaganicha yoʻq” deya izoh berdi mudira.

Tuman markazidan atigi olti kilometr uzoqlikda joylashgan, aholi tigʻiz yashayotgan hududda nahotki bir mutaxassis topilmayotgan boʻlsa?!

Ulovidan tushovi qimmat

— Qaramogʻimda tugʻma nogiron farzandim bor, — deydi Peshku tumanidagi Dedaroz qishlogʻida yashovchi Sunnat Ashurov. — Dori-darmoniga har oyda oʻrtacha 150-200 ming soʻm atrofida mablagʻ sarflayman. Massaj va boshqa xizmatlar uchun beriladigani bunga kirmaydi. Qishlogʻimizda ijtimoiy dorixona tugul xususiy apteka ham yoʻq. Zarurat tugʻilganida dorini tuman markazidan borib sotib olamiz.

Yoʻl xarajatini qoʻshib hisoblaganda, dori 2-3 baravar qimmatga tushadi. Muqim ish oʻrniga ega boʻlmagan kishi uchun bu pulni topish oson deysizmi? Topganini nuqul doriga sarflasa, roʻzgʻori nima boʻladi?!

Balki Dedarozga yaqin qishloqlarda bu borada ahvol tuzukdir, degan oʻyda Xoʻjakon, Yangiyoʻl, Kodravon aholi punktlariga yoʻl oldik.

— Dori-darmondan aslo soʻz ochmang, — deydi shu manzillar aholisiga xizmat koʻrsatadigan 31-qishloq oilaviy poliklinikasi filiali patronaj hamshirasi Nodira Nurova. — Filialimiz hududida 3132 nafar aholi yashaydi. Qoʻni-qoʻshnilar shunday katta hududda dori sotadigan shoxobcha yoʻqligidan qiynalib, bizga murojaat qilishadi. Baʼzi zarur dorilarni uyga keltirib qoʻyishimizni soʻrab yolvorishadi. Ularga bunday qilishga haqqimiz yoʻqligini tushuntiramiz, albatta.

“Koʻchma dorixonaning qorasini ham koʻrgan emasmiz”

Mabodo, Ginnesning rekordlar kitobidan oʻrin oladigan manzillar roʻyxati tuzilsa Kogon tumanidagi Oʻrtachoʻl mahalla fuqarolar yigʻini daʼvogarlar safidan oʻrin olishi tayin.Chekka bu qishloqqa eltadigan yoʻldan avtomobilda eson-omon borgan kishi mashhur “Formula” avtopoygasida bemalol qatnashsa boʻladi. Ota-bobolarimiz “Yoʻl azobi — goʻr azobi” deyishganida shu qishloqni nazarda tutishganmi, deb oʻylanib qolasan, kishi.

8-maktabning Oʻrtachoʻlda joylashgan filiali atigi ikki xonadan iborat.Ajablanarlisi,bu yerda 1 va 3-sinflar hamda 2 va 4-sinflar birgalikda bir xonada saboq olishayapti.

72 ta xonadoni boʻlgan qishloqda ichimlik suv — eng katta muammo.”Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan oilaviy poliklinika shifokori, Oʻrtachoʻlga birkitilgan Narzi Eshmurodovaning taʼkidlashicha, aholi texnik suvni isteʼmol qilishga majbur boʻlayapti. Bu esa turli kasalliklar kelib chiqishi ehtimolini oshirmoqda.

— Mabodo, dori-darmonga ehtiyoj tugʻilib qolgudek boʻlsa, shu oʻnqir-choʻnqir yoʻldan 11-12 kilometr yurib, tuman markaziga borishimizga toʻgʻri keladi, — deydi oʻzini Baxtiyor Qudratov deya tanishtirgan yigit. — Koʻchma ijtimoiy dorixona, deysizmi? Uning qorasini ham koʻrganimiz yoʻq.

Gap shundaki, koʻchma ijtimoiy dorixonalarning 2018 yilgi harakat grafigida Oʻrtachoʻl mahalla fuqarolar yigʻini aholisiga haftaning har juma kuni xizmat koʻrsatish koʻzda tutilgan. Biroq qishloq aholisi, shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini mutaxassisi Laylo Eshova hamda uzoq yillardan buyon shu yerda shifokorlik qilayotgan Narzi Eshmurodova bunday dorixonaning Oʻrtachoʻlga kelganini eslay olishmadi.

Aytmoqchi, “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻinidagi oilaviy poliklinika joylashgan bino peshtoqida “Ijtimoiy dorixona” degan yozuvni koʻrib, taskin topgandek boʻldik. Ammo shoshilgan ekanmiz. “Dorixona oʻtgan yilning noyabr oyidan buyon bizga nomaʼlum sabablarga koʻra ishlamayapti, — deyishdi shifokorlar. — Ammo odamlar dorixona ochilib qolgandir, degan umidda hali-hanuz kelib-ketishadi”.

Qiziq, nomi boru oʻzi yoʻq dorixonalar kimga kerak? Bu holga kim chek qoʻyadi?!

Dorixonachiga ham yordam kerak

— Oʻtgan yilning mart oyidan buyon shu yerda faoliyat koʻrsatib kelayapman, — deydi Jondor tumanidagi “Ogʻar-1” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan ijtimoiy dorixona xodimi Sitora Toʻxtayeva. — Hamma narsa yetarli. Ammo qishloqda dori-darmon vositalari bilan uyida noqonuniy shugʻullanadigan kishilar bor. Ular dorini tuman markazidagi xususiy aptekalardan koʻtarasiga xarid qilib, arzonroq sotishayapti. Masalan, ogʻriq qoldiruvchi kyupen dorisining narxi bizda 5 ming 500 soʻm. Qoʻlda esa u 3-3,5 ming soʻm. Odamlar arzoniga uchishadi. Oqibatda dorixonamizda savdo yaxshi boʻlmaydi. Men bilganlarim toʻgʻrisida “Buxoro dori-darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbarlariga ham, mahalla uchastka noziriga ham maʼlumot yetkazdim. Ammo hozircha ahvol oʻzgargan emas.

Odamlar dorini duch kelgan kishidan emas, sifati kafolatlangan joydan xarid qilgani zarur, albatta. Bu borada oʻziboʻlarchilikka yoʻl qoʻyilsa, ijtimoiy dorixonalar kasodga uchrashi, soha xodimlarining ishdan hafsalasi pir boʻlishi tayin. Darvoqe, biz bir qator xususiy dorixonalarda boʻlib, “Siz ijtimoiy dorixonada ishlashni xohlarmidingiz” deya soʻraganimizda, xodimlarning aksariyatidan “Yoʻq” degan javobni eshitdik. Bu tizimda muammolar koʻpligidan darak bermasmikan?!

Maqsadimiz esa bitta: Ijtimoiy dorixonalar hukumatimiz tomonidan aholini nisbatan arzon dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan taʼminlash, odamlarning tashvishlarini yengillatish niyatida tashkil etilgan ekan, ular oʻz nomiga munosib boʻlsin!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?