Nogironligi bor shaxslarning taʼlim olishi, yosh sportchilar va yoʻl-transport hodisalarining sabablari va oqibatlari qoʻmitalar yigʻilishida atroflicha oʻrganildi

19:19 12 Dekabr 2018 Siyosat
610 0

Ertaga Toshkentda Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshlaydi. Bugun kun davomida Senat qoʻmitalarining majlislari boʻlib oʻtdi.

Kun tartibidan mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, uning dunyo davlatlari bilan aloqalarini yanada mustahkamlash, inson huquq hamda erkinliklarini taʼminlash bilan bogʻliq yangi qonun hujjatlari muhokamasi, yuqori palata qoshida ish olib borayotgan bir necha ishchi guruhlari va komissiyalarning yillik hisobotini eshitish kabi masalalar oʻrin olgan. Senatorlar 2018 yil davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot va 2019 yildagi byudjetning asosiy parametrlarini ham koʻrib chiqadi.

 

Xususan, Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisida imkoniyati cheklangan yoshlarning taʼlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar holatini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Soʻnggi ikki yil mobaynida ehtiyojmand insonlarning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan hukumatning qator qarorlari qabul qilindi. Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi ishlab chiqildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.

Biroq, olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramay, mamlakatimiz taʼlim sohasida ushbu yoʻnalishda qator kamchilik va muammolar hamon oʻz yechimini kutmoqda. Xususan, respublika boʻyicha 9628 ta umumtaʼlim maktabida tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan oʻquvchilar toʻgʻrisida statistik maʼlumotlar Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yuritilmaydi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻquvchilarning nogironlik turlari va guruhidan kelib chiqib, taʼlim berish usullarini koʻrib chiqish hamda takomillashtirish imkoniyatini cheklamoqda.

Maktabga qatnay olmaydigan imkoniyati cheklangan bolalarning uy sharoitida oʻqitilishiga davlatimiz tomonidan alohida ahamiyat berilayotgan boʻlsa-da, joylardagi mutasaddilarning eʼtiborsizligi oqibatida bu shaklda bilim berish jarayoni sifatli tashkil etilmayapti. Oʻqituvchilarga belgilangan tartibda qoʻshimcha haq va yoʻl haqi kompensatsiyasi toʻlansa-da, nogiron bolaning uyiga borib doim ham dars oʻtilmayapti. Maktab direktorlari, sinf rahbarlari va oʻqituvchilar “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga toʻliq rioya etmayapti.

Qolaversa, uyda yakka tartibda taʼlim oluvchi oʻquvchilarni zarur oʻquv qurollari bilan taʼminlash ishlari yoʻlga qoʻyilmagan. Bunday shaklda taʼlim olgan oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirganligi toʻgʻrisida statistik va tahliliy maʼlumotlar yuritilmasligi uydagi taʼlimining sifat darajasini aniqlash imkonini bermayapti.

Zarur asbob-uskunalar va eshitish moslamalarining chet eldan qimmat narxlarda keltirilishi, ularni ishlab chiqarishning mamlakatimizda yoʻlga qoʻyilmagani taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish imkonini bermayapti. Bu yoʻnalishda mutasaddilar tomonidan Respublika mahalliylashtirish dasturlariga tegishli bandlar kiritilsa va ularning oʻzimizda ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilsa, koʻplab muammolar hal etilishi mumkinligi aytildi.

Shuningdek, majlisda Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirining hamda Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosarining muhokama etilayotgan masala yuzasidan axboroti eshitildi.

Majlis yakuni boʻyicha muhokama etilgan masala yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosari A. Abduhakimovga parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisida esa “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonunning Jismoniy tarbiya va sport vazirligidagi ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari tahlil qilindi.

Sport turlari boʻyicha joriy yilning noyabr oyiga qadar 84 mingdan ziyod sport musobaqasi tashkil etildi, ular tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida oʻtkazilgan. Ular orqali milliy terma jamoa aʼzolari tarkibiga koʻplab yosh iqtidorli sportchilar saralab olingan.

Oʻrganishlar davomida sohaga oid bir qator kamchiliklar ham aniqlangan. Xususan, sport yoʻnalishidagi taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarning bandligini taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilyapti. Masalan, respublikadagi 15 ta ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internatini keyingi ikki yilda jami 3216 nafar sportchi tamomlagan. Ulardan 1984 nafari ish bilan taʼminlangan, 785 nafari yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida, 95 nafari xorijdagi oliy taʼlim mussasalarida oʻqishni davom ettirayotgan boʻlsa, 256 nafari ish yoki oʻqish bilan taʼminlanmagan.

Mamlakatimizda sport sohasidagi kadrlarga ehtiyoj mavjudligi inobatga olinsa, bitiruvchilarning keyingi taqdiri yuzasidan monitoring ishlari samarali tashkil etilmagani oydinlashadi. 

Vazirlik tomonidan professional sportchilar bilan ishlashda samarali tizim yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, aholini ommaviy sportga jalb etish, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullantirish ishlari yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Darsdan tashqari vaqtlarda taʼlim muassasalaridagi sport obyektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmagan.

Joylardagi boʻsh turgan xususiy obyektlar negizida aholini ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat koʻrsatuvchi sport markazlarini tashkil etish, taʼlim muassasalaridagi sport zallarida hamda boʻsh turgan obyektlarda sport seksiyalarini ochish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda.

Majlisda oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklarning sabablari atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohaza va tavsiyalar bildirildi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi doirasida “Avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlashning dolzarb masalalari: amaliyot va istiqboldagi vazifalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Oʻtgan yillar davomida avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash tizimi tubdan qayta koʻrib chiqilib, ushbu yoʻnalishda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzavtotrans” agentligi hamda boshqa tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator amaliy ishlar qilingan.

Birgalikda olib borilgan tizimli va izchil siyosat natijasida 2018 yilning 9 oyi davomida 2017 yilning shu davriga nisbatan respublika hududida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari 9,7 foizga, ularda halok boʻlganlar soni 7,8 foizga, jarohatlanganlar soni 12,2 foizga kamaygan.

Biroq, erishilgan natijalarga qoniqib boʻlmaydi. Bu yoʻnalishdagi faoliyatni kuchaytirish maqsadida joriy yilning sentyabr oyida yoʻl-transport hodisalarining sodir etilish omillari va bunga imkon yaratayotgan shart-sharoitlar aniqlanib, ularga barham berish borasida Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziri tomonidan qoʻshma farmoyish imzolandi. Unga koʻra, hududiy ishchi guruhlar tomonidan joylarda 2018-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi ijrosi va sohaga aloqador boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi oʻrganildi. Bu jarayonda ayniqsa, avtotrasport vositalarining texnik holatiga ahamiyat berildi. Aniqlanishicha, 2017 yil va joriy yilning 9 oyida jami 700 mingga yaqin avtotransport vositasi majburiy texnik koʻrikdan oʻtmagan. Vaholanki, yoʻlda roʻy bergan, bir qarashda arzimasdek tuyulgan nosozlik noxush oqibatlarga olib kelishi mumkinligi barchaga maʼlum.

Shu munosabat bilan tadbirda avtoulov egalari va haydovchilarining mazkur masala yuzasidan masʼuliyatini oshirish, zarur boʻlsa, tegishli qoidalarga oʻzgartish kiritish lozimligi aytildi.

Anjumanda haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikni oshirish, mast holda avtotransport vositasini boshqarish kabi qoidabuzarliklarning koʻpayishi oqibatida Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon kabi qator viloyatlarda noxush voqealar koʻpaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan respublikamiz hududida transport vositalarining harakatini nazorat qilishning samaradorligini oshirish, ayniqsa umumiy foydalaniladigan xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yoʻllarida xizmat oʻtayotgan xodimlarning masʼuliyatini yanada kuchaytirish zarurligi bildirildi.

Shuningdek, barcha mavjud yoʻl belgilarini zamonaviy yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yoʻl belgilariga almashtirish, xalqaro va davlat ahamiyatdagi avtomobil yoʻllariga yoʻl qatnov qismini ikkiga ajratib turuvchi beton va temir toʻsiqlarni oʻrnatish ishlarini davom ettirish choralarini kuchaytirish zarurati taʼkidlandi.

Barcha koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining majlisida senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Mamlakatimizning kelgusi yilga moʻljallangan eng muhim moliyaviy hujjati Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” Farmonida koʻzda tutilgan oʻzgarishlar asosida ishlab chiqilgan.

Unga koʻra, avvalo mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyotga soliq yukini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga soliqqa tortishning umumiy tizimi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida soliq yuki borasidagi nomutanosiblik bartaraf etiladi.

***

Shuningdek, Senatning qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi, Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi , Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining yigʻilishlarida kun tartibiga doir masalalar koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Munisxon KARIMOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?