Nogironligi bor shaxslarning asossiz qayta-qayta tekshiruvdan oʻtkazilishi, ulardan keraksiz, qoʻshimcha hujjatlar talab qilinishi keskin tanqid qilindi

11:09 03 May 2019 Jamiyat
370 0

Illyustrativ foto

Munisxon Karimova, ”Xalq soʻzi Online”. Senat Raisi oʻz chiqishida Senatga fuqarolardan kelib tushayotgan koʻplab murojaatlarni eʼtiborga olib, yana bir muammo – nogironlikni belgilash borasidagi kamchiliklar sabablari dastlabki tarzda oʻrganib chiqilganini maʼlum qildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda nogironligi boʻlgan 608 mingdan ziyod shaxslar istiqomat qiladi.

Ularga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy- ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilgan, Davlat byudjetidan salmoqli mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda.

Biroq, dedi Senat Raisi — nogironligi bor shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, uni belgilashda qator qiyinchiliklar va sunʼiy toʻsiqlar yuzaga kelmoqda.

Xususan, normativ - huquqiy hujjatlardagi tafovutlar hamda tashkiliy ishlardagi xatoliklar tufayli nogironning anatomik va fiziologik nuqsonlari aniq koʻrinib turganiga qaramasdan, ular qator tibbiy koʻriklardan qayta-qayta oʻtmoqda, mutaxassislarning eshigi oldida asossiz ravishda qoʻshtirnoq ichida “muruvvat” kutmoqda.

Bundan tashqari, tegishli qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qoʻshimcha hujjatlar nogironlardan asossiz talab etilmoqda.

Mehnat daftarchasidan koʻchirma, fuqarolar yigʻinidan maʼlumotnoma, nikoh guvohnomasi, ishdan boʻshaganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar shular jumlasidandir.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: tabiatan shundoq ham koʻngli yarim insonlarni sarson qilish kimga va nima uchun kerak?

Yillar davomida amalda boʻlgan talab va meʼyorlarni zamonga mos tarzda takomillashtirish boʻyicha aniq choralar nega shu paytgacha koʻrilmayapti ?

Byudjet mablagʻlarini maqsadli sarflashni iddao qilayotgan mutasaddilarning talablari faqat nogironlarga qaratilganmi ?

Bu borada Hukumat chuqur tahlillar oʻtkazib, muammolarni bartaraf qilish choralarini koʻrishiga umid qilamiz”, dedi N. Yoʻldoshev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?