Nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlari — davlat himoyasida

12:21 18 Iyun 2018 Jamiyat
160 0
Arxiv surati

Ma’lumotlarga qaraganda, bugun sayyoramizda qariyb 1 milliard nafarga yaqin nogironligi bor shaxslar hayot kechirayotir. Mamlakatimizda ularning soni 670 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.

Nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslarga avvaldan yurtimizda jamiyatning ajralmas bir qismi sifatida e’tibor qaratib kelinadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda respublikamizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun ko‘mak berish borasida katta ishlar qilindi.

Prezidentimiz rahnamoligida og‘ir ijtimoiy-maishiy sharoitlarda yashovchi oilalar arzon uy-joylar bilan ta’minlanayotgani, tibbiy xizmat, turli maishiy texnikalar sotib olishida beg‘araz yordam ko‘rsatilayotgani fikrimiz dalilidir.

O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarga nafaqa to‘lanayotgani, shu bilan birga, mehnat qilishlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotgani ham insonparvarlik siyosatining bir ko‘rinishi, desak, ayni haqiqat.

Yurtboshimizning “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi.

— Nogironligi bor shaxslar ishtirokidagi korxonalar tanlov savdolarida teng sharoitlarda ishtirok etganda ularga ustuvorlik huquqining berilmagani, davlat mulk obyektlaridan ijara asosida foydalanayotganda, boshqa tadbirkorlik subyektlari bilan bir xil qaralayotgani yoki bo‘lmasa, rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgan ijtimoiy tadbirkorlik subyekti doirasining aniqlanmagani bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarga jiddiy g‘ov bo‘layotgan edi, — deydi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi Valisher Davlatov. — Mazkur qaror nogironligi bor shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb qilishga katta turtki beradi.

Aytish joizki, qarorga asosan, shu yil 1 avgustdan e’tiboran umumiy tushumining 30 foizini nogironligi bor shaxslarga jihozlar ishlab chiqarish hamda ta’mirlash va protezlash xizmatlarini ko‘rsatish hisobiga tashkil etadigan korxonalar, 20 foizini Brayl yozuvidagi bosma nashrlar, ilmiy hamda badiiy adabiyotlar, imkoniyati cheklangan bolalar uchun audiokitoblar, videomateriallarni ishlab chiqarish evaziga tashkil qiladigan korxonalar, ishchilarining 30 foizi nogironligi bor shaxslardan iborat korxonalar bir qator imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘ladi. Qolaversa, ular davlat mulki obyektini ijraga olishda eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizini to‘laydilar.

Yuqorida zikr etilgan korxonalarga aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun — uch oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha muddatga, asbob-uskunalar hamda sarflash materiallarini xarid qilish uchun — olti oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratiladigan bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kreditlar bo‘yicha foizlarga kafillik beradi.

Shu bilan birga, mazkur hujjat bilan yana bir imtiyoz berilmoqda. Jumladan, joriy yilning 1 avgustidan boshlab ishchilarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan korxonalar xodimlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilandi.

Endilikda yordamga muhtoj va shu muhtojlarga ko‘makka shay bo‘lgan homiylar bir maydonchada virtual muloqotga kirishishlari mumkin bo‘ladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin foydalanishi uchun barcha texnik hamda tibbiy-ijtimoiy imkoniyatlarni inobatga olgan holda, homiylar hamda homiylik oluvchilarni bog‘laydigan, avvalo, homiylar yordamiga va qo‘llab-quvvatlashiga o‘ta muhtoj kishilar haqidagi maqolalar hamda ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus veb-portal ham yaratiladi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad internet tarmog‘ida yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarning yagona maydonini yaratishdir. Bu orqali ular ham davlat tomonidan, ham jamoatchilik tomonidan nazorat qilib boriladi.

Qarorda belgilangan yana bir jihatga to‘xtalib o‘tish o‘rinli. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Moliya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obyektlari hamda yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini o‘rganish bo‘yicha maxsus guruhlar tuziladi.

— Mazkur ishchi guruhi tomonidan respublikamizning har bir hududidagi jamoat birlashmalari korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obyektlari va yer maydonlaridan unumli foydalanilishi kompleks tarzda o‘rganiladi, — deydi Bosh prokuratura boshqarma prokurori Shahnoza To‘xtasheva. — Qolaversa, nafaqat ular faoliyati o‘rganiladi, balki mavjud muammolar bartaraf etiladi, ular faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga mehnat qilishlari uchun zarur sharoit hamda imkoniyatlarni yaratib berishga yo‘naltirilgani bilan katta ahamiyatga egadir.
Bosh prokuratura huzuridagi
Axborot-tahlil multimedia markazi
materiallari asosida Rahim Sherqulov tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?