“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun qanday imkoniyatlarni beradi?

22:50 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
401 0

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullangan edi. 15-oktyabr kuni davlatimiz rahbari mazkur Qonunni imzoladi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar masalalari doimiy diqqat-eʼtiborda boʻlib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Ushbu Qonun ham nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini tartibga soladi, ular uchun jamiyat hayotining barcha jabhalarida nogironlik asosida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa aʼzolari bilan teng ravishda ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutgan va insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etishga asoslangan.

Qolaversa, mazkur hujjatda nogironligi boʻlgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning shaxsiy mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, nogironlik belgisiga koʻra kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, nogironligi boʻlgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va oʻz individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish, obyektlar va xizmatlarni nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay holda yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslarni jamiyat va davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga jalb etish kabi prinsiplar yorqin ifodasini topgan.

Qonunda nogironligi boʻlgan shaxslarning uy-joyga boʻlgan huquqi ham mustahkamlangan. Avvalo, davlat nogironligi boʻlgan shaxslarga uy-joy qurilishini taʼminlashi aniq belgilab qoʻyilgan. Bunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan uy-joy olish boʻyicha roʻyxatlarni shakllantirish chogʻida - nogironligi boʻlgan shaxslar va oʻz tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilalar alohida roʻyxatga kiritiladi hamda bu borada qator imtiyozlar yaratiladi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarga va oʻz tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilalarga yakka tartibda uy-joy qurish, yordamchi xoʻjalikni, dala hovli xoʻjaligini va bogʻdorchilikni yuritish uchun imtiyozli shartlar asosida yer uchastkalari olish huquqi beriladi. Qolaversa, bu toifadagi shaxslarga uy-joyni taqsimlashda imkoniyatga qarab, obyektlar va xizmatlarning qulayligi prinsipiga rioya etilgan holda, ish joyiga, tibbiyot va reabilitatsiya muassasalariga yaqin boʻlgan uy-joy beriladi.

Shu bilan birga, davlat nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot olish huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi hamda nogironligi boʻlgan shaxslarni keng omma uchun moʻljallangan, qulay formatlardagi va nogironlikning turli shakllari hisobga olingan texnologiyalardan foydalangan holda axborot bilan taʼminlaydi.

Bundan tashqari, teatrlar, muzeylar, kinoteatrlar, axborot-kutubxona markazlari va axborot-resurs markazlari, madaniyat va istirohat bogʻlari nogironligi boʻlgan shaxslar foydalanishi uchun qulay boʻlishi kerakligi alohida belgilangan.

Davlat organlari nogironligi boʻlgan shaxslarning ilm va taʼlim olishlari sport bilan shugʻullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish va ularni sport bilan shugʻullanishga jalb etishga doir dasturlarni nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda har yili ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi. Shuningdek, barcha taʼlim muassasalarida nogironligi boʻlgan shaxslarga mos keladigan shart-sharoitlar yaratish orqali, ularni inklyuziv taʼlim jarayonlariga jalb etilishiga Qonunda alohida oʻrin berilgan.

Yana bir jihat. Qonunga koʻra nogironligi boʻlgan shaxslar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa boʻlib murojaat qilish huquqiga ega. Mazkur huquq doirasida muloqotda imo-ishora tilidan, surdotarjima xizmatlaridan foydalanish ham koʻzda tutilgan.

Qonunga asosan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirildi. Unga koʻra, tekshiruvdan oʻtkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida bepul amalga oshiriladi.

Qolaversa, Qonunda shaxsni nogironligi boʻlgan shaxs deb topish – tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan, oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalarni nogironligi boʻlgan shaxs deb topish esa – pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Zamonaviy protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirish davlatning doimiy nazoratida boʻlishi ham mustahkamlab qoʻyilgan.

Shu bilan birga, mehmonxonalarda kamida bitta xona oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanishi, shuningdek, eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar oʻrnatilishi taʼminlanishi shart qilib belgilangan. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur Qonun mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarga qator imtiyozlardan foydalanish imkonini yaratadi.

Mahmudjon PARPIYEV,
Oliy Majlis Senati
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash
masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?