Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifati yanada oshadi

09:33 21 Iyun 2018 Jamiyat
287 0

O‘tgan davr mobaynida respublikamizda yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam berishning samarali tizimi shakllantirildi. Buni 2017 yilda 11 tibbiy-ijtimoiy muassasaning moddiy-texnika bazasi mustahkamlangani, 15 ming nafar yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilgani, 21 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiya texnik vositalari hamda protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlanganidan ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Lekin tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasining ayanchli ahvoli nogironlar, aholining boshqa ehtiyojmand toifalarini to‘liq qamrab olish, zamonaviy tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya usullarini joriy qilishga imkon bermayotgan edi. Aniqrog‘i, hozirgi paytda respublikamizdagi mavjud

11 ming 212 o‘rinli 52 ta tibbiy-ijtimoiy muassasa, jumladan, 7 ta Saxovat hamda 26 ta Muruvvat uylari, 11 reabilitatsiya-protezlash markazi va 8 ta sanatoriy 694 ming nogironligi bo‘lgan fuqarolarning, bor-yo‘g‘i, 10 foizini qamrab olmoqda xolos.

Ustiga-ustak, protez-ortopediya buyumlari hamda reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan texnologiyalar jismonan va ma’nan eskirgan, sohada innovatsion texnologiyalar joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish esa, afsuski, to‘xtab qolgandi.

Prezidentimizning “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shunday o‘tkir muammolarni bartaraf etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yanada oshirishga qaratilgani bilan g‘oyat muhimdir.

— Keyingi yigirma yillar mobaynida bunday qaror qabul qilingan emas edi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Alisher Inoqov. — Muammolar haqida gap yuritilar edi-yu, ammo uning yechimini topish borasida aniq rejalar ishlab chiqilmasdi. Ushbu qaror o‘z mazmun-mohiyati bilan vaqtida qabul qilingan strategik hujjat bo‘ldi. Oddiy misol, bugungi kunda Sirdaryo, Surxondaryo hamda Buxoro viloyatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, protezlash hududiy markazlari yo‘q. Qaror bilan mazkur hududlarda ana shunday reabilitatsiya markazlari tashkil etiladi.

Mazkur ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2018 — 2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirish bo‘yicha 18 ta banddan iborat kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilinmoqda. Dasturdagi chora-tadbirlarga 8 milliard so‘m va 42 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi. Shuningdek, ushbu davrda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlarini moliyalashtirishning asosiy parametrlari ham tasdiqlanyapti. Unga ko‘ra, kelasi 5 yilda 10 ta obyektni yangidan qurish va 32 tasini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Bu ishlarga Davlat byudjetidan 388,4 milliard so‘m ajratiladi.

E’tiborlisi, qaror bilan protez-ortopediya buyumlari hamda reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaradigan korxonalarga imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda. Soha korxonalari 2021 yil 1 yanvargacha soliq hamda boshqa majburiy to‘lovlardan va chetdan olib kiriladigan butlovchi buyum hamda ehtiyot qismlar, asbob-uskunalar, kompyuter va diagnostika vositalari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.

Yana bir muhim jihat. Endilikda erkin iqtisodiy hamda kichik sanoat zonalari hududlarida ham protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur jarayonga xorijdagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar, chet el investorlari, turli grantlar va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish orqali sohaga yangi, innovatsion texnologiyalar joriy qilinadi.

Shuningdek, tijorat banklari protez-ortopediya buyumlari hamda reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga imtiyozli kreditlar ham ajratiladigan bo‘ldi.

Soha kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish ham hujjatda o‘z aksini topgan. Ya’ni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy hamda o‘rta maxsus ma’lumotli protezchi mutaxassislarni tayyorlashni boshlaydi.

Xulosa o‘rnida aytganda, ushbu hujjat mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yurtimizda nogironligi bor insonlarning o‘zini jamiyatning to‘la-to‘kis a’zosi sifatida his etishlariga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarning, ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia
markazi materiallari asosida
R. ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?