Nogironligi boʻlgan shaxslar jamiyat va davlat qurilishida hech qanday toʻsiqlarsiz ishtirok etishlari kerak

10:59 25 Iyul 2020 Siyosat
184 0

Maʼlumki, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqildi.

Xoʻsh, qonun kuchga kirgach qanday afzalliklar yuzaga keladi?

Birinchidan, loyihada nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari, Vazirlar Mahkamasining, davlat boshqaruv organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi vakolatlari alohida moddalarda belgilandi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay jismoniy muhit yaratish ularning ijtimoiy infratuzilma obyektlariga kirish qulayligini taʼminlash maqsadida ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish chogʻida nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlari inobatga olinishi, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslar uchun transport vositasini qoʻyish joylarini barpo etish choralari koʻrilishi kerakligi loyihada alohida qayd etildi.

Ikkinchidan, nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslarning qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazilmasdan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga yuborish qonun loyihasida mustahkamlab qoʻyildi. Bu norma aynan saylovchilarimizdan tushgan shikoyatlarning qonuniy yechimiga xizmat qiladi.

Uchinchidan, endilikda davlat organlari nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat va davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etishini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Umuman olganda qonun loyihasida amaldagi qonunda aks etmagan qator imtiyoz va imkoniyatlar nazarda tutildi. Shulardan kelib chiqib, aytish mumkinki, mazkur qonun loyihasi nogironligi boʻlgan shaxslarning hayotda emin-erkin yashashi va oʻz huquqlaridan toʻliq foydalanishi uchun jamiyat va davlat qurilishida hech qanday toʻsiqlarsiz, imkoniyati yetganicha ishtirok etishiga xizmat qiladi.

Dilbar Usmonova
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?